Shea Lacey: Manchester Unitedning navbatdagi yulduzi
O‘tgan mavsum "Premier League"da Eli Junior Kroupi, Igor Thiago va Nico O'Reilly sahnaga shovqin bilan chiqdi. Endi esa savol bitta: keyingi navbat kimniki?
"Manchester United" atrofida hozir hamma JJ Gabriel haqida gapiryapti. Atigi 15 yosh, lekin allaqachon iste’dodi bilan klub ichida afsonalarga aralashib ulgurgan. Ammo uning vaqti hali to‘liq kelgani yo‘q, bu mavsumda uni faqat vaqti-vaqti bilan, asosan "Carabao Cup" uchrashuvlarida ko‘rishimiz mumkin, xolos.
Shu paytda sahnaga boshqa ism chiqmoqda. 19 yoshli Shea Lacey.
Kutilgan payt
Bir necha yil oldin jarohatlar Lacey yo‘lini to‘sib qo‘ygandek tuyulgandi. Ammo u qaytdi. Va qaytishi shunchaki emas, pre-sezon davomida asosiy tarkib atrofida muntazam ko‘rinish berib, murabbiylar shtabiga o‘zini eslatib qo‘ydi.
U qanotda o‘ynaydigan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri driblingga kiradigan, raqibni qo‘rqitadigan turdagi futbolchi. Aynan "United" muxlislari yillar davomida sevib keladigan profil. Tez, dadil, to‘p bilan ijodkor.
Shea Lacey yana bir jihati bilan ham klub ichida yaxshi tanish: u Michael Carrick uchun faqat futbolchi emas, balki yillar davomida o‘g‘li Jacey bilan akademiyada birga o‘ynagan bola sifatida ham yaqin. Carrick uni yoshligidan ko‘rib kelgan, endi esa murabbiy sifatida uning salohiyatini maydonda ochishga bel bog‘lagan.
Turf Moor’dagi ishora
Steve Bower Lacey’ni ilk bor "Burnley"ga qarshi o‘yinda diqqat bilan kuzatganini eslaydi. O‘sha paytda jamoani vaqtincha Darren Fletcher boshqarayotgan edi. Fletcher ham akademiya tizimini ichidan biladigan, Lacey’ni yaqinidan ko‘rgan murabbiylardan biri.
"Turf Moor"dagi o‘sha uchrashuv – Lacey uchun kichik, ammo juda muhim sahna edi. U gol urishga bir misqol qoldi. To‘p darvoza chizig‘iga juda yaqin o‘tib ketdi, lekin muhim narsa boshqa edi: 19 yoshli yigit "Premier League" jamoasi darajasida o‘zini yo‘qotmadi. Qo‘rqmadi. Orqaga yashirinmadi.
U butun umr "United" muxlisi bo‘lgan. Bunday yigitlar uchun katta klub libosi ikki xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin: kimnidir bosim ezadi, kimnidir esa bu libos uchirishni o‘rgatadi. Lacey hozircha ikkinchi toifaga yaqin ko‘rinmoqda.
Qo‘rqmas, yengilmas kayfiyat
Lacey maydonga tushganda forma og‘ir ko‘rinmaydi. Kutilgan umidlar ham uni bosmaydi. U tabiiy o‘yinini o‘ynaydi – bu esa yuqori darajadagi iste’dod belgisidir.
"Old Trafford" tribunalarida bunday futbolchini tezda qabul qilishadi. Qanotda raqibni aldab o‘tadigan, jarima maydoniga keskin uzatma tashlaydigan, zarba berishdan cho‘chimaydigan yigit – bu arenada har doim qadrli bo‘lgan.
Michael Carrick aynan shunday profilga imkon berishga tayyor. U Lacey’ga imkon qadar ko‘proq daqiqa berishni istayapti. Pre-sezon bunga allaqachon ishora qildi, endi esa navbat rasmiy o‘yinlarga keladi.
Oldinda uzoq mavsum turibdi. Rotatsiya, jarohatlar, jadval tig‘izligi – bularning bari yosh futbolchilar uchun eshik ochadigan omillar. Shea Lacey esa allaqachon o‘sha eshik oldida turibdi. Qo‘li tutqamaydi. Qo‘rqmaydi.
Savol oddiy: u uni ochib, "Manchester United"ning navbatdagi yorqin yulduziga aylanishga qanchalik tayyor?






