UZB SPort

Tennisda yangi auditoriya va eski odob qoidalari

Yorug‘liklar yoqildi. Kameralar ishga tushdi. Arthur Ashe tribunalarida esa… tinchlikni ushlab turish tobora qiyinlashyapti.

Tennischilar uchun maydon atrofidagi yozilmagan odob qoidalari ancha qadim: tordan tegib tushgan to‘pdan ochko yutib qo‘ysang, raqibdan uzr so‘rash; chiziq, ikki marta sakrash yoki ikki zarba bo‘yicha halol bo‘lish; o‘yin tugagach, majburiy qo‘l siqish. Tomoshabinlar uchun ham shunday: ochko davomida bezovta qilmaslik – deyarli muqaddas qoida.

Endi esa kort atrofida yangi toifa paydo bo‘ldi. Nyu-Yorkdagi turnirga bu yil qariyb 100 nafar influencer va kontent yaratuvchi akkreditatsiya olgan – o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Tennischilar, hakamlar va tashkilotchilar esa bitta savol bilan yashayapti: sportni yangi auditoriyaga ochish bilan uning ruhini qanday saqlab qolish mumkin?

“Red carpet”ga jinsi shim bilan kelmaysiz

Dunyo reytingida to‘rtinchi raqamli Coco Gauff bu to‘lqinni inkor qilmaydi, lekin chizig‘ini ham aniq chizadi.

Uning fikri sodda: yangi auditoriya – yaxshi. Lekin odob – muhokama qilinmaydigan masala.

“Red carpet”ga taklif qilsalar, jinsi shimda bormaysiz-ku, degan mazmunda gapirdi u. Tennis ham xuddi shunday: sportning o‘z etiketi bor, shunga rioya qilish kifoya, deydi Gauff.

Ammo ushbu “yangi davr”ning chizig‘i aynan qayerda buzilayotgani Naomi Osaka misolida juda yaqqol ko‘rindi.

Ring light, fotosessiya va asablar

Ikki karra chempion Naomi Osaka ilk bosqichda Arthur Ashe kortiga qaytganida, u o‘zi bilgan shovqinli, lekin baribir o‘yinga hurmat qiladigan stadionni kutgandi. O‘rniga esa yuqoridagi VIP zonalarda mini-fotosessiyalar, portativ ring lightlar va kameraga qarab baland ovozda gapirayotgan guruhlar paydo bo‘ldi.

Osakaning birinchi o‘yinida mehmondorchilik lyujasida joylashgan bir guruh o‘yin davom etayotgan paytda ring light yoqib, suratga tushishni boshlab yubordi. Osaka to‘p uzatayotgan vaqtda porlagan chiroq hakamning sabr kosasini to‘ldirdi – u zudlik bilan ogohlantirish berdi.

Osaka keyingi o‘yinida ham tinchlik topmadi. Hakam tomoshabinlarni odatdagidan ancha ko‘p marta tinchlanishga chaqirdi.

“Bugun hakam tomoshabinlarga jim bo‘linglar, deb aytgan soni men eshitgan barcha o‘yinlardan ko‘proq bo‘ldi,” dedi Osaka. U odatda faqat kort va o‘yinga e’tibor qaratishini aytadi, lekin bu safar baqiriqlarni hatto o‘zi ham aniq eshitganini tan oldi. Uningcha, bu raqibini ham bezovta qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videoda Osakaning ilk o‘yinida bir guruh odamlar o‘zlarini suratga olayotib, baland ovozda gaplashayotgani, hakam esa ularni to‘xtatishga majbur bo‘lgani ko‘rinadi.

Osaka pozitsiyasi ravshan: sport tadbiriga kelsang, sportni hurmat qilasan. U tennis etiketi haqida kamida biroz o‘qib kelish – oddiy odob, deb hisoblaydi. Influencerlar o‘z auditoriyasiga tennisni ommalashtirishi – katta imkoniyat. Lekin bu nazorat ostida bo‘lishi, ayniqsa, o‘yinlarga bevosita ta’sir qiladigan vaziyatlarda, zarur, deydi u.

Arthur Ashe – shovqin, shahar va ziddiyatlar

Arthur Ashe – dunyodagi eng katta tennis stadioni. Bu yerda to‘liq sukunat bo‘lishini hech kim kutmaydi. Restoranlar, barlar, VIP zonalar, shahar shovqini – hammasi o‘yinga fon bo‘lib kelgan. Ba’zi o‘yinchilar bu muhitni yaxshi ko‘radi, boshqalari esa nafratlanadi.

Erkaklar turnirining yettinchi raketkasi Daniil Medvedev Nyu-York tomoshabinlari bilan murakkab munosabatlarga ega bo‘lsa-da, bitta nuqtada qat’iy: tennisga ko‘proq ko‘z tikilsa, bu sport uchun faqat foyda, deydi u. U USTA ishlariga ishonishini aytadi va bu jarayonda ijobiy tomonlar salbiylardan ancha ustun, degan fikrda.

Amerikalik 11-raqam Frances Tiafoe esa Nyu-York tribunalaridagi xilma-xillikni maqtaydi. Uning uchun bu turnirning jozibasi ham shunda: turli qatlam, turli kasb, turli hayot yo‘lidan kelgan odamlar bitta kort atrofida jam bo‘ladi. U “kim nima qilsa qilsin, tennisni tomosha qilishga kelsa bo‘ldi”, degan kayfiyatda.

“Bu allaqachon hurmatsizlikka aylanmoqda”

Lekin hamma ham bunday erkin emas. Dunyo reytingida uchinchi o‘rindagi amerikalik Jessica Pegula bu yilgi manzaradan mamnun emas.

U influencerlarning US Open tajribasini ko‘rsatishini qadrlashini aytadi, lekin o‘yinchilar maydonda o‘z kasbini bajarayotgani, bu ularning ishi va karerasi ekanini eslatadi. Selfie chiroqlari, fotosessiyalar, o‘yin paytida chalg‘ituvchi harakatlar – Pegula uchun bu chiziq allaqachon kesib o‘tilgan.

Uningcha, bu yil hammasi “biroz ortiqcha” bo‘lib ketdi. Bir tomonni tushunsa bo‘ladi, lekin ikkinchi tomoni – bevosita o‘yinlarni bo‘layotgan paytda bo‘lib, kortdagi ishga halaqit berayotgan bo‘lsa, bu qabul qilib bo‘lmaydigan daraja.

“Tennis Disneyland” sari

Turnir konsepsiyasi so‘nggi yillarda tubdan o‘zgardi. 2024 yilda US Open “erkin harakat” siyosatini joriy qildi: tomoshabinlar endi faqat gemlar oralig‘ida emas, xohlagan paytda o‘rinlariga kirib-chiqishi mumkin. Bir yil o‘tib, musobaqa 15 kunga cho‘zildi. Yakkaliklar asosiy to‘ridan oldingi hafta endi “Fan Week” sifatida sotilmoqda: yangilangan aralash juftliklar, ko‘rgazmali uchrashuvlar, sobiq va hozirgi yulduzlar ishtirokidagi shoular.

Turnir bosh ijrochi direktori Craig Tiley buni “tennis Disneyland”iga aylantirishni orzu qiladi. Uning maqsadi – yangi auditoriyalarga yetib borish, odamlarni bugungi media olamida qanday aloqa qilsa, shunday uslubda jalb qilish. Shu maqsadda maxsus “creator credential” – kontent yaratuvchilar uchun akkreditatsiya turi paydo bo‘ldi. Tiley bu orqali turnir tomoshabin bilan u eshitadigan tilda gaplashayotganini ta’kidlaydi.

Ammo Osaka bilan bog‘liq voqeadan so‘ng, stadion bo‘ylab ekranlarda yangi, yanada keskinroq xabarlar paydo bo‘ldi: tomoshabinlardan o‘yin jarayonini buzishi mumkin bo‘lgan har qanday faoliyatdan – ortiqcha shovqin, chaqnab turuvchi suratga olish, ring lightlardan – tiyilish so‘ralmoqda.

USTA rasmiy bayonotida maqsad bir xil ekani aytiladi: mamlakatda tennisni o‘stirish, sportga yangi auditoriyalarni jalb qilish. Barcha muxlislar zavqlansin, lekin kortdagi raqobatga xalaqit bermasin – asosiy tamoyil shunday ifodalanadi. Tashkilotchilar tomoshabinlarga nima mumkin va nima taqiqlanganini yanada aniqroq tushuntirish yo‘llarini izlashayotganini qo‘shimcha qiladi.

Savol esa ochiq qoladi: tennis Disneyland bo‘lib ketmasdan, o‘z ibodatxonasini – kortdagi sukunat va hurmatni – saqlab qola oladimi? Yoki ring light nuri endi chiziqlar bo‘ylab yugurayotgan to‘pdan ham yorqinroq bo‘lib qoladimi?

Tennisda yangi auditoriya va eski odob qoidalari