Tennisda ayol murabbiylarning kamligi va o‘zgarishlar
Tennisning eng ko‘zga tashlanadigan sahnalaridan biri – tribunadagi murabbiylar qutisi. Kortda har bir ochkodan so‘ng o‘yinchi nigohi o‘sha tomonga sirg‘anadi. Telekamera ham qayta-qayta shu yerga qaytadi, sharhlovchilar esa u yerdagi har bir imo-ishoraga ma’no izlaydi.
Ammo diqqat bilan qaralsa, WTA turnirlarida ham, tez orada boshlanadigan Wimbledon chog‘ida ham manzara deyarli o‘zgarmaydi: murabbiylar qutisida asosan erkaklar. Ayol murabbiylar – hatto ayollar turida ham – hanuz kamyob. Yakka bahslar reytingida kuchli 50 talikdan atigi to‘rt nafar tennischi asosiy murabbiyi sifatida ayol mutaxassis bilan ishlaydi.
Shunga qaramay, bu to‘rtlikdan biri joriy yili French Open kubogini ko‘tardi. Sobiq Wimbledon chempioni Conchita Martinez 19 yoshli Mirra Andreeva’ni birinchi “Grand Slam” unvoniga yetakladi. Bu g‘alaba raqamlar o‘zgarayotganini, ayol murabbiylar eng yuqori pog‘onada ham muvaffaqiyat qozonishi mumkinligini yana bir bor eslatdi.
Lekin savol ochiq qolmoqda: o‘zini gender tengligi bilan faxrlanadigan tennischi olamida nega hanuz to‘laqonli ayol murabbiylar shunchalik kam? Va bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun nimalar qilinmoqda?
Murray, Mauresmo va ochilgan jarohat
2014-yil. Andy Murray sobiq jahon birinchi raqami Amelie Mauresmo’ni murabbiy etib tayinlaydi. Qaror tennis tarixida yangi sahifa ochishi kerak edi. Ammo uni qarshi olgan to‘lqin – ochiqcha seksistik munosabat, shubha va masxara – Murray’ni ham larzaga soladi.
Murray–Mauresmo tandemi erkaklar turida ayol murabbiy ishlagan kam sonli misollardan biri bo‘lib qoldi. Lekin muammo faqat ATP bilan chegaralanmaydi. 2017-yilda WTA’da ro‘yxatdan o‘tgan murabbiylarning atigi 6 foizi ayollar edi. Bugun bu ko‘rsatkich uch baravardan ko‘proqqa o‘sib, 2026-yilda 19 foizga yetdi.
Raqamlar yaxshilanmoqda, ammo 12 yil avval Mauresmo atrofida qaynatilgan stereotiplar hanuz yashab keladi. Oilaviy majburiyatlar, tinimsiz taqvim, doimiy safarlar – bularning barchasi eng yuqori darajadagi ayol murabbiylar sonini cheklab qo‘yadi.
Dunyo 13-raqamli tennischi, French Open yarim finalchisi Marta Kostyuk murabbiyi Sandra Zaniewska “manzara o‘zgarayapti” deydi. U to‘siqlarni juda yaqinidan ko‘rgan.
“Ko‘pchilik ayollar faoliyatini tugatgach, oila qurish, kamroq sayohat qilish haqida o‘ylaydi, – deydi u. – Agar farzandlarim bo‘lganida, men ham safarlarga chiqa olmasdim. Shuning uchun bu hech qachon 50–50 bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Lekin joy bor, manzara o‘zgarayapti.”
Hitting-partnyorlar va ko‘rinmas ustunlik
Yana bir muhim nuqta – hitting-partnyor, ya’ni mashg‘ulot sherigi. Bu rol deyarli butunlay erkaklar qo‘lida. Eng yirik yulduzlar yonida ko‘pincha ham murabbiy, ham hitting-partnyor bor. Ammo ko‘plab o‘yinchilar bunday hashamatga ega emas: ular har turnirga faqat bittasini olib ketishi mumkin. Tanlov esa ko‘pincha “ikki vazifani birday bajara oladigan” murabbiyga tushadi.
Savol tug‘iladi: ayollar ayollar bilan raqobatlashadigan sportda nega aynan erkak hitting-partnyor “zarur”dek qabul qilinadi? Gap faqat kuchli zarbalar va ko‘proq topspin haqida emas, ko‘rinadi. Bu yerda o‘ziga ishonch, kortga olib kiriladigan kayfiyat ham bor.
“Ba’zan kulib aytamiz: ayrim erkak hitting-partnyorlarning ego’si shunchalik katta bo‘ladiki, ular kelishi bilan hammasini bilaman deb o‘ylashadi, – deydi 34 yoshli Zaniewska. – Kuchli 100 yoki kuchli 50 talik darajasida hammasi mental o‘yin, o‘ziga ishonish, o‘sha ishonchni tashqi tomonga chiqarish haqida. Agar o‘yinchi sizning ishonchingizni, o‘zingizga va unga bo‘lgan ishonchingizni sezmasa, buni juda tez payqaydi.”
Conchita Martinez aynan shu ichki ishonchni Mirra Andreeva’ga o‘tkaza olgan murabbiy sifatida ajralib turadi. Rossiyalik o‘smir tennischi Roland Garrosdagi tarixiy g‘alabasidan bir yil avval shunday degan edi:
“U meni boshqalardan ko‘ra yaxshi tushunadi. Chunki o‘zi ham bu yo‘ldan o‘tgan. U ham ayol. U turnirda shuncha o‘yin o‘tkazgan, juda tajribali. U Grand Slam chempioni.”
Ayollar ishonchi va noto‘g‘ri talqin qilinadigan ehtiyotkorlik
Zaniewska fikricha, ayol murabbiylar ko‘pincha o‘ziga ishonchi yetishmayotgandek baholanadi, aslida esa masala boshqacha.
“Bu ayollar ko‘proq ishonchsiz degani emas, – deydi u. – Biz shunchaki ko‘proq o‘ylaymiz, vaziyatni chuqurroq tahlil qilamiz. Kimlargadir maslahat berishdan oldin hammasini oxirigacha tushunib olishni xohlaymiz. Bu esa tashqaridan qaraganda go‘yo ishonchsizlikdek ko‘rinishi mumkin.”
Ko‘zga ko‘rinadigan ayol murabbiylar kamligi bu sohada o‘ziga xos yopiqlik doirasini yaratadi. Ko‘pchilik yosh murabbiylar uchun bu yo‘l umuman mavjuddek tuyulmaydi.
“Tennischilar erkak murabbiyga shu qadar o‘rganib qolishganki, ayol murabbiy variant sifatida ham xayoliga kelmaydi, – deydi Zaniewska. – Bir xil tipdagi shaxs, bir xil tipdagi murabbiylik uslubiga odatlanib qolishadi. Shunda boshqacha bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylamaysiz ham.”
Bugungi kunda Andreeva va Kostyuk bilan birga Anna Kalinskaya hamda Caty McNally – kuchli 50 talikda asosiy murabbiyi ayol bo‘lgan yagona tennischilar. 2024-yilgi Wimbledon finalchisi Jasmine Paolini, sobiq French Open chempioni Jelena Ostapenko va fransiyalik Diane Parry shtabida ham ayol mutaxassislar bor, ammo ular bosh murabbiy emas.
Natijada, o‘yinchilar o‘zlariga o‘xshagan ayollarni murabbiy sifatida ko‘rmagani sari, bu lavozimga intilayotganlar uchun eshiklar yanada torayadi.
“Ko‘rmasangiz, bo‘la olmaysiz”
Tennis afsonasi Billie Jean King yillar davomida bitta fikrni takrorlab keladi: “Agar ko‘rmasangiz, bo‘la olmaysiz.” Britaniyalik murabbiy Fran Jones bunga jonli misol. U o‘zini uzoq vaqt “faqat 14 yoshgacha bo‘lganlar murabbiyi” degan qolipda tutib kelgan, yuqoriroq bosqichlar mavjudligini esa deyarli tasavvur qilmagan.
“Turda ko‘p ayol murabbiy ko‘rmaysiz, – deydi u. – Mening o‘yin darajamdagi erkaklar turda murabbiy bo‘lib yuribdi, lekin xuddi shunday darajadagi ayollarni u yerda deyarli ko‘rmaysiz. Bu odatda faqat sobiq top-professionallar uchun ochiqdek tuyuladi. Agar dunyoning eng kuchli ayol o‘yinchilari o‘sha makonda gullab-yashnayotganini ko‘rmasangiz, nega o‘zingiz u yerga qadam qo‘yishga harakat qilasiz?”
Shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun WTA bir necha yil avval Coach Inclusion Programme – ayol murabbiylar uchun aniqroq yo‘lakcha chizib berishga qaratilgan tashabbusni ishga tushirdi. Milliy federatsiyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu dastur murabbiylarni rivojlantiradi, ularni kerakli aloqalar va o‘ziga ishonch bilan ta’minlashga harakat qiladi.
2021-yilda dastur start olganida WTA reytingida kuchli 200 talik o‘yinchilar bilan ishlayotgan akkreditatsiyalangan ayol murabbiylar atigi to‘rt nafar edi. Joriy yilgi Indian Wells turnirida esa 187 nafar murabbiydan 34 tasi ayol bo‘ldi – 18,2 foiz.
“Murabbiylikni odatda mahalliy klubdagi yoshlardan boshlaysiz, – deya tushuntiradi dastur kontentini boshqarayotgan Jaslyn Hewitt-Shehadie. – Shundan keyin o‘sha muhitda qolib ketish, o‘zingizni yuqoriga itarmaslik juda oson.”
Yaqinda dastur bitiruvchilari qatoriga qo‘shilgan Lauren English uchun bu loyiha aynan “qadam-baqadam yo‘l xaritasi” bo‘ldi. U katta imkoniyatlarga intilish uchun zarur bo‘lgan “jasorat”ni shu yerda topganini aytadi.
Eng yuqori pog‘onadagi nuqtai nazar
Polshalik 34 yoshli Zaniewska esa allaqachon elit darajaga kirib borgan murabbiy sifatida gapiryapti. U uchun masala erkak yoki ayol ustunligi emas, moslikda.
“Ba’zi ayol o‘yinchilar erkak murabbiy bilan ko‘proq til topishadi, boshqalari ayol murabbiy bilan, – deydi u. – Men hech qachon ‘ayol murabbiy ayol o‘yinchi uchun doimo yaxshiroq’ demoqchi emasman. Oxir-oqibat hammasi shaxsiyatlarning qanchalik mos tushishiga borib taqaladi.”
Shu bois bu kurash “ayol murabbiylar yaxshiroq” degan da’vo haqida emas. Gap shundaki, ular ham xuddi erkaklar kabi o‘sha lavozimlar uchun raqobatlasha olishi, o‘sha darajaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Kort chetidagi murabbiylar qutisida kimlar o‘tirishini esa yakunda bitta savol belgilaydi: tennis haqiqatan ham o‘zini aytganidek teng sportmi yoki hali ham ko‘rinmas chegaralarni buzishga majbur bo‘layotgan ayollarning sabriga tayanyaptimi?







