Tyson Fury va Anthony Joshua: Britaniya boksi orzu qilgan jangga bir qadam qoldi
Uzoq yillik bahs, ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuvlar, bekor bo‘lgan sanalar va cheksiz muzokaralardan keyin nihoyat katta sahna yana yoritila boshladi. Tyson Fury ham, Anthony Joshua ham o‘z navbatdagi “razvedka” janglarini yutdi. Yo‘l endi tozalangandek. Faqat bu safar yo‘l bexavotir emas – ikkalasi ham ringga charchagan, urilgan, lekin hanuz xavfli holda kirib kelmoqda.
Pattayadagi sokin kecha va Jeddadagi bo‘ron
Tyson Fury ishni birinchi bo‘lib bitirdi. Pattayadagi issiq tun, 46 yoshli Mariusz Wach va yettinchi raundda to‘xtatilgan jang. Fury o‘z ishini ortiqcha shov-shuvsiz, odatdagidek masxarabozligi va qo‘pol hazillaridan ko‘ra, sokin ustunlik bilan yakunladi. Bu safar u o‘zini ko‘rsatishdan ko‘ra, kelayotgan superjangni xavf ostiga qo‘ymaslik haqida ko‘proq o‘ylayotgandek tuyuldi.
Anthony Joshua uchun esa kecha butunlay boshqa ohangda boshlandi. Saudiya Arabistonida, nisbatan notanish alban og‘ir vaznli Kristian Prenga unga qog‘ozda “oson raqib” bo‘lib ko‘ringan edi. Reja oddiy edi: ishonchni tiklash, chiroyli nokaut, so‘ngra Fury bilan yuzma-yuz. Ammo birinchi zarba rejani parcha-parcha qildi.
Atigi yigirma soniya o‘tib, Joshua yerda qoldi. Shok. Tomoshabinlar jim. Raqib yana zarba topdi va birinchi raunddayoq Joshua ikkinchi bor nokdaunga tushdi. Shu pallada na milliardlab kontraktlar, na kelajakdagi superjang haqida o‘ylash mumkin edi – faqat omon qolish.
Ikkinchi raundda esa boshqa Joshua paydo bo‘ldi. U o‘zini tutib, zarbalarni aniqroq yo‘llay boshladi, raqibni ushlab, bosimni oshirdi va nihoyat dramatik tarzda Prengani to‘xtatdi. Qaytish jangi shunchaki g‘alaba emas, tirik qolish, o‘zini yana isbotlash urinishiga aylandi.
Kontraktlar imzolangan, savollar esa ko‘p
Ikkala britaniyalik ham o‘z jangini yutdi. Eng katta xabar – kontraktlar allaqachon imzolangan. Gap, taxminan, har bir bokschiga 100 million dollar atrofidagi gonorar haqida ketmoqda. Bunday pul uchun bu jangni o‘tkazmaslik deyarli gunohga teng.
Shu bilan birga, bir nechta to‘siqlar hanuz o‘z joyida turibdi.
Ko‘pchilik Fury Pattayadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Saudiya Arabistoniga uchib keladi, Joshua g‘alaba qozongach, ringda yuzma-yuz sahna bo‘ladi, deb kutgan edi. Qiziq tomoni shundaki, ular professional ringni faqat bir marta – 2010 yilda Finchley Amateur Boxing Clubdagi sparringda bo‘lishgan, xolos.
Fury Wach ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Jeddaga uchmasligini aytdi va va’dasida turdi. Arenaga tashqarida mashinadan tushgan Furyga o‘xshash odamni ko‘rib, jurnalistlar bir lahzaga adashib ham qolishdi, xolos.
Joshua promouteri Eddie Hearn esa aniq gapirdi: keyingi jang – Furyga qarshi.
“Hammasi tugagan, uch oycha oldin huquqiy jihatdan majburiy bo‘lgan kontraktni imzolaganmiz”, – dedi Matchroom boshlig‘i.
Netflix butun dunyo bo‘ylab 325 milliondan ortiq obunachiga jangni namoyish etishi kutilmoqda. Asosiy jumboq esa: qachon va qayerda?
Nyu-York, Saudiya yoki Uembli?
Saudiya tashkilotchilari Amerika bozorini ham zabt etishni xohlashmoqda. Shu sabab Nyu-Yorkdagi afsonaviy Madison Square Garden uchun noyabr oyi jiddiy variant sifatida ko‘rilmoqda.
Britaniyalik muxlislar esa boshqacha o‘ylaydi. Ular uchun bu jangning tabiiy uyi – Uembli. Aynan o‘sha stadion, ingliz sport tarixining ramziga aylangan arena.
Saudiya boks boshlig‘i Turki Alalshikh avvalroq agar jang Britaniyada o‘tkazilsa, Amerika teleauditoriyasiga moslashish uchun uni tun yarmida boshlash kerak bo‘lishini aytgan. Bu yangi holat emas: 2005 yilda Manchesterda Ricky Hatton – Kostya Tszyu jangi taxminan tungi soat ikkida boshlangandi. Joe Calzaghe – Jeff Lacy va Mikkel Kesslerga qarshi janglari ham yarim kechadan keyin start olgan.
Cardiffdagi Principality Stadium ham Fury – Joshua jangini qabul qilishga tayyor. Ammo kalendar tor: 31 oktyabr yoki 28 noyabr – xolos. Oradagi uch shanba kuni Uels regbi terma jamoasining xalqaro uchrashuvlari bilan band.
Uembli esa boshqa muammo bilan yuzlashadi: stadionning rasmiy komendantskiy soati – 23:00. London meri Sadiq Khan va Brent Kengashi bu kabi yirik sport voqeasi uchun cheklovni yumshatish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorlik bildirgan. Ammo BBC Sportga yaqin manbalar aytishicha, tashkilotchilar hali ular bilan rasmiy aloqaga chiqmagan.
Joshua va Fury Turki Alalshikh bilan alohida kontrakt imzolagan, jangni aynan u moliyalashtirmoqda. Shunga qaramay, Eddie Hearn o‘z pozitsiyasini aniq qo‘ygan: ularning kelishuvi bo‘yicha jang Britaniyada bo‘lishi kerak.
“Biz bu jangning Buyuk Britaniyada o‘tishini qat’iy talab qilganmiz, – deydi Hearn. – Joshua ba’zan hammani yarashtirishga urinadi, lekin u menga: ‘Jang Buyuk Britaniyada bo‘lishini xohlayman. Bu britan jangi’, degan. Men bundan ortiq rozi bo‘la olmayman.
“Gaplashishimiz mumkin, lekin bu jang Angliyadan tashqarida o‘tishi uchun Anthony Joshua ham, men ham bunga rozilik berishimiz kerak. Chunki bizda huquqiy jihatdan majburiy kontrakt bor”.
Joshua ham ringdagi g‘alabadan so‘ng fikrini yashirmadi.
“Men bu jangni Tottenham yoki Principality Stadiumda bo‘lishini kutmayman, – dedi u. – Gap tarixda. Bu nomni eshitsangiz, o‘zingiz ham o‘ylaysiz: bu Uembli”.
Agar Saudiya tomoni yakunda jangni Amerikada o‘tkazishga qaror qilsa, Joshua kontraktini qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.
Joshua: og‘riq, yo‘qotish va zaifliklar
Prengaga qarshi jang Joshua faoliyatidagi eng jasur chiqishlardan biri bo‘ldi. Lekin ayni paytda eski savollarni yana yuzaga chiqardi. Jahon darajasidagi raqib bilan ilk bor to‘qnashayotgan og‘ir vaznli raqib uni ikki marta nokdaunga tushirdi. Shunga qaramay, Joshua o‘zini yig‘ib oldi va dramatik to‘xtatish bilan g‘alabani tortib oldi.
Bularning bari odatdagi sport bosimi ostida emas, favqulodda ruhiy holatda yuz berdi. Bu Joshua uchun Nigeriyadagi avtohalokatdan keyingi ilk jangi edi. O‘sha baxtsiz voqea uning yaqin do‘stlari Sina Ghami va Latif “Latz” Ayodele hayotini olib ketdi. Jangdan keyingi intervyuda u gap topishga qiynaldi, og‘ir yo‘qotish og‘irlik qilib turgani ko‘rinib turardi.
So‘nggi natijalar ham savolsiz emas. 2023 yil oxiridan buyon Joshua Otto Wallin, sobiq UFC chempioni Francis Ngannou, blogerga aylangan bokschi Paul va endi esa noma’lumroq Prengani mag‘lub etdi. Oxirgi marta yuqori darajadagi raqib bilan to‘qnash kelganida, u Daniel Duboisdan og‘ir nokaut qabul qilib olgan.
Fury ham avvalgidek emas
Fury ham ideal ko‘rinmayapti. Wach ustidan ishonchli g‘alaba va aprel oyida Arslanbek Makhmudovni ochkolar bo‘yicha yenggani – yaxshi xabar. Lekin undan oldin u Oleksandr Usyk bilan ketma-ket ikki marta jahon chempionlik jangida mag‘lub bo‘ldi. 2023 yilda Francis Ngannouga qarshi jangda ham u split-decision bilan g‘alaba qozongan, lekin o‘sha kecha MMA yulduzining zarbasi bilan nokdaunga tushgan edi.
Shu nuqtada savol o‘zgarib bormoqda. Gap kim eng yaxshi og‘ir vaznli ekani haqida emas, balki kim kamroq pasayib ketgani haqida ketayotgandek.
Joshua hanuz tabiiy nokaut kuchiga ega. Fury esa harakatdagi og‘ir vaznli jumboq bo‘lib qolmoqda: oyoq ishlashi, ringdagi fikrlashi, jang davomida moslashishi uni ko‘pchilik nazarida baribir favorit qiladi.
Endi hammasi bir savolda tug‘iladi: bu ikki britaniyalik nihoyat bir-biriga qarshi chiqadigan kecha qayerda bo‘ladi – Uembli osmone tagidami, Madison Square Garden chiroqlari ostidami yoki yana bir marta Saudiya cho‘li fonida?







