Tyson Fury va bokschilar nafaqaga chiqish muammosi
Tyson Fury 2022-yilda Dillian Whyte ustidan g‘alaba qozongan kecha mikrofonni qo‘lga oldi-da, hammani hayratda qoldirgan gapni aytdi: tamom, yetar, nafaqaga chiqaman. Ko‘pchilik ishondi. Ehtimol, o‘zi ham ishongandir.
Oradan ko‘p o‘tmay, ring yana uni chaqira boshladi. Avval pichirlab, keyin balandroq. Rejalangan janglar, muzokaralar, “yana bir bor” degan va’dalar. Shundan beri Fury hikoyasida nafaqaga chiqish va qaytish epizodlari alohida bobga aylandi.
U bu yo‘lda yolg‘iz emas.
Yillar davomida men bokschilardan eng ko‘p so‘ragan savolim shunga borib taqaldi: ringni tark etganda nimalarni sog‘inasiz? Hozirgi jangchilar nimadan ayrilaman deb qo‘rqyapti, sobiqlar esa nimani ortda qoldirgan? Qachon “bas” deyish kerak va buni qanday ko‘tarish mumkin?
Jang kechasini eslashsa, ko‘zlari o‘zgaradi. Ringga chiqish yo‘lagi. Birinchi gongdan oldingi soniyalar. G‘alaba lahzasi. Ular oddiy hayotda topib bo‘lmaydigan, chindan ham qaramlikka aylanuvchi tuyg‘u haqida gapirishadi.
Johnny Nelson buni bir og‘iz so‘z bilan ifodalaydi: “Bu – eyforiya”.
Lennox Lewis esa ochiq tan olgan: “Tomoshabinlarning shovqinini eng ko‘p sog‘inaman”.
U dunyo chempionligini himoya qilish uchun Madison Square Garden maydoniga chiqqan payt bo‘lsin, yoki Dave Allen Rotherhamdagi kichikroq arenada jang qilgan bo‘lsin – his bir xil.
Allen shunday degan: “Jang kechasidagi hayajonni takrorlab bo‘lmaydi. Boshqa hech narsa bunga teng kelmaydi”.
George Groves esa masalani yanada toraytiradi: “Eng ko‘p sog‘inadigan narsa – ringga yurib borish. Tomoshabinlardan keladigan energiya. Boshqa hech narsa bunaqa bo‘lmaydi”.
Ammo vaqt hech kimni ayamaganidek, bokschilarni ham chetlab o‘tmaydi. Tana signal bera boshlaydi, lekin ichkarida boshqa kuch qo‘ymaydi.
G‘urur. Ego.
Nelson bunga aniq ta’rif beradi: “Egoni hech qachon tark eta olmaysan, muammo ham shunda. Ichki olov, ishtiyoq so‘nishi mumkin, lekin ego doim ‘yana qil’ deb turadi”.
U bu gapni kitobdan o‘qib aytayotgani yo‘q. Nafaqaga chiqqaniga to‘qqiz yil bo‘lganida, o‘zi ham qisqa muddatga bo‘lsa-da, qaytishni jiddiy o‘ylab ko‘rdi. Marco Huck uning 13 ta ketma-ket jahon chempionlik himoyasi rekordini takrorlagach, “ikkovlari cho‘qqida to‘qnashsa kim yutardi?” degan savol ko‘paydi.
Avvaliga Nelson kulib qo‘ya qoldi. Keyin o‘ylay boshladi. Jangga qiziqish ortdi. Unga bo‘lgan ishonchi ham.
“O‘sha paytda haqiqatan qaytishni o‘yladim, – deydi u. – Oldingi Nelson emasligimni bilardim, lekin ego ustun keldi”.
Har bir qaytish ham ertakdek yakunlanmaydi. Ricky Hatton bunga o‘z tanasida ishonch hosil qilgan. U 2012-yilda, uch yillik tanaffusdan so‘ng, Vyacheslav Senchenko bilan ringga qaytdi.
“Qaytganimdan afsuslanmayman, – degan u. – O‘sha jang menga bitta narsani aniq ko‘rsatdi: tamom, bo‘ldi. Biz doim ichimizda ‘yana bir marta bo‘lsa ham’ deb yuramiz”.
Hatton nima uchun bokschilar ketolmasligini juda yaxshi tushunadi. U zalga ilk bor kirgan kundan boshlab bu sportga oshiq bo‘lgan.
“Birinchi marta zarba yeganimda, menga yoqib qoldi, – deydi u. – Bu juda ham o‘rgatib qo‘yadigan narsa. Bunday sport boshqa yo‘q”.
Cho‘qqiga chiqib, jahon chempioni bo‘lganidan keyin ham qo‘yib yuborish oson bo‘lmagan.
“Orzuning ro‘yobga chiqqan lahzasi. Uni abadiy davom etishini xohlaysan. Bokschilar uchun ketish nihoyatda og‘ir”.
Qaytish romantikasi ham shundan tug‘iladi. Jangchi o‘zi hamon avvalgidek degan ishonchni saqlab qoladi. Tomoshabin ham bunga ishongisi keladi.
Lennox Lewis ham takliflardan qochib qutulmagan. “O‘zim ham bu haqda o‘ylab ko‘rganman, – degan u. – Qaytishni xohlagan paytlar bo‘lganmi? Albatta. Doim”.
Ego, g‘urur, adrenalindan tashqari yana bir omil bor. Uni chetlab o‘tib bo‘lmaydi.
Pul.
Boksning achchiq kinoyasi shundaki, eng katta gonorarlar ko‘pincha nafaqaga chiqish haqidagi savollar baland eshitila boshlagan paytda keladi.
Tyson Fury va Anthony Joshua hali ham faoliyatlaridagi eng yirik cheklarni qo‘lga kiritishi mumkin, garchi ko‘pchilik ularning eng yaxshi yillari ortda qolgani haqida gapirayotgan bo‘lsa ham.
Lekin ular – istisno.
“Boks nisbatan kambag‘al sport, – deydi British Boxing Board of Control bosh kotibi Robert Smith. – Aksariyat bokschilarning boshqa ishi ham bo‘ladi. Ko‘pchiligi yetarlicha pul topmaydi”.
Bu sportdagi mashaqqatni Sam Eggingtondan yaxshi ifodalab beradiganlar kam. U xavfli janglar, qisqa tanaffuslar va doimiy faollik bilan belgilangani uchun britaniyalik muxlislarning sevimlisiga aylangan.
Haqimizda hujjatli film suratga olayotgan paytimizda Eggington qarorini e’lon qildi: vaqt keldi, nafaqaga chiqaman.
“Men boksni ishsiz qolganim uchun boshlaganman, – deydi u. – Yashash uchun pul kerak edi”.
Uchun Fury yoki Joshua singari nafaqaga chiqish – moliyaviy erkinlik emas. Yillar davomida u ringni boshqa ishlar bilan birga olib bordi. Endi esa undan ham og‘ir savol turibdi: ringdan tashqarida kim bo‘la olaman?
Bu o‘tish davri ko‘pincha ayovsiz bo‘ladi.
“Men boshqa hech narsani bilmayman, – deydi Dave Allen. – Bolaligimdan beri faqat boks. Boks yo‘q hayotni tasavvur qilish qo‘rqinchli. Men shunchaki ‘David – bokschi’man”.
Qachon to‘xtash kerakligini eng yaxshi biladiganlar – murabbiylar.
Joe Gallagher yigirma yildan ortiq vaqt davomida jahon chempionlari va nomzodlarni boshqargan. U zallarga ilk qadam qo‘ygan o‘smirlarni ham, charchagan veteranlarni ham ko‘rgan.
“Hamma o‘zining kichik ‘Rocky’ hikoyasini xohlaydi”, – deydi u.
Ammo boks kechirimsiz.
“Sen uchun uy – zal. Bu – sening shaxsing. Birdan hammasi tugaydi. Boks shafqatsiz bo‘lishi mumkin. Tugatasan – va seni kutib turgan hech narsa yo‘q”.
Promouter Eddie Hearn ham o‘nlab faoliyatlarning ko‘tarilishi va qulashiga guvoh bo‘lgan.
“Jangchilar faqat kechadagi hayajonni sog‘inishmaydi, – deydi u. – Ular yig‘inlarni, lager hayotini, yon-atrofidagi odamlarni, har kungi tartibni ham sog‘inadi.
Shuning uchun ular boksdan tashqarida qiziqish topishi juda muhim. Chunki bu juda erta tugaydigan faoliyat”.
Ba’zilari vaqtida ketishga ulgura oladi.
Groves 30 yoshida to‘xtadi. Anthony Crolla 32-sida. Ikkalasida ham davom ettirish imkoniyati bor edi.
“Yana bir-ikki gonorar uchun qolishim mumkin edi, – deydi Crolla. – Lekin men bolalarga murabbiylik qilayotganimda, qanday namuna bo‘laman?”
Groves esa Callum Smithga yutqazganidan so‘ng ketdi. Eng og‘ir ko‘rinadigan yo‘l.
“G‘alaba bilan ketishni xohlaganman, – deydi u. – Lekin pul uchun cho‘zib yuradigan, eski hayajon ortidan quvib yurgan odamga aylanib qolishni istamadim”.
Boshqalar uchun bu jarayon ancha mashaqqatli.
Har bir necha oyda internetda yana bir eski chempionning ringda qiynalayotgani aks etgan video paydo bo‘ladi. Tomoshabinlar esa “endi yetar, to‘xtasin” deb yozadi.
Joe Joyce so‘nggi olti jangining beshtasida mag‘lub bo‘ldi. Josh Warrington esa mag‘lubiyatdan so‘ng qo‘lqoplarini qo‘yib, keyin yana qaytdi.
“Vaqt o‘tgan sari, ‘nega qaytyapman o‘zi?’ degan savolni ko‘proq berayapman, – degan u navbatdagi qaytishi oldidan. – Bir kun kelib, bu narsani motam tutishimga to‘g‘ri kelishini bilaman”.
Asl masala mana shunda. Boksda nafaqaga chiqish ko‘pincha bitta lahza emas. Bu – sekin-asta qo‘yib yuborish jarayoni.
Futboldan farqli o‘laroq, boksda faoliyat yakunlangach, rasmiy yordam deyarli yo‘q. Professional Footballers’ Association o‘tish davri dasturlari, pensiya bo‘yicha maslahatlar, yordam tarmoqlarini taklif qiladi. Boks esa jangchilarni ko‘pincha o‘z holiga tashlab qo‘yadi.
Shuning uchun pensiya jamg‘armalari va bokschilar uyushmalari haqidagi bahslar tinmaydi.
Nelson Barry Hearn yillar oldin joriy qilgan pensiya sxemasiga hanuz minnatdor.
“55 yoshga kirganimda xat keldi, – deydi u. – Butunlay unutib yuborgan ekanman. O‘sha paytdan boshlab, ‘bu narsa qayta tiklanishi kerak’ deb o‘ylay boshladim”.
So‘nggi tashabbus – Global Fighters’ Association. Maqsad – jangchilarga ko‘proq qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy xavfsizlik berish.
Chunki ringda kim qancha pul topishidan qat’i nazar, ketish azobi deyarli hamma uchun bir xil.
So‘nggi raund ko‘pincha yorqin chiroqlar ostida emas, yopiq eshiklar ortida o‘tiladi. Aynan o‘sha sokin lahzalarda jangchi o‘ziga bitta savolni beradi: yana bir bor urinib ko‘raymi yoki erishganlarim bilan yarashib yashaymi?
Boks yillar davomida sportchilarini og‘riqqa e’tibor bermaslikka, shubhani siqib chiqarishga, doim oldinga intilishga o‘rgatadi. Nafaqa esa aksini talab qiladi.
Bu qarshilikka qurilgan sportda ularning oldiga kutilmagan shart qo‘yiladi: qabul qilish. Ko‘pchilik uchun esa aynan shu – eng og‘ir jang bo‘lib chiqmayaptimikan?







