
- muallif:
- Jasur Ahmedov
UFC Sydney: Micallef va Patterson o‘rtasidagi muhim jang
UFC Fight Night 298 kartasiga nihoyat haqiqiy sinov jangi qo‘shildi. Afterpay Arena oktagoni jonlanadigan kechada yarim o‘rta vazn toifasida ikki “yurishdan to‘xtamayotgan” ism – Jonathan Micallef va Sam Patterson uch raundlik jangda yuzma-yuz chiqadi.
Bu oddiy reyting uchun navbatdagi belgi emas. Bu – kim haqiqatan ham divizion tepasiga qarab sakrashga tayyorligini ko‘rsatadigan burilish nuqtasi.
Micallef – mag‘lubiyatni unutgan seriya bilan
Jonathan Micallef (10-1 MMA, 3-0 UFC) jangga besh janglik g‘alabalar seriyasi bilan kirib kelmoqda. Uch marta oktagonga UFC bayrog‘i ostida kirgan bo‘lsa, uchalasida ham g‘alaba. Xususan, Kevin Jousset, Oban Elliott va Themba Gorimbo ustidan qo‘lga kiritilgan zafarlar uni divizionda jiddiy kuch sifatida ko‘rsatib bo‘ldi.
Uning rekordi chiroyli, statistika esa sodda: UFC’da hali mag‘lub bo‘lmagan. Bunday fon bilan Sidneyga kelish – bu nafaqat imkoniyat, balki bosim ham. Endi har bir jangdan faqat g‘alaba kutiladi.
Patterson – faqat yakunlaydigan jangchi
Kartaning boshqa burchagida Sam Patterson (15-3-1 MMA, 5-2 UFC). So‘nggi chiqishlarida u o‘zini tomoshabinlar uchun aynan “ko‘rish kerak bo‘lgan” jangchi sifatida namoyish qildi. Mart oyida Michael Page bilan bo‘lgan uchrashuvda yakdil qaror bilan mag‘lub bo‘ldi, xolos. Qolgan UFC g‘alabalari? Hammasi erta yakunlangan.
Uning besh UFC g‘alabasining barchasi finiš bilan kelgan. Raqiblar ro‘yxati ham yengil emas: Yohan Lainesse, Kiefer Crosbie, Danny Barlow, Trey Waters va tajribali Santiago Ponzinibbio. Bu natijalar Pattersonning uslubini aniq chizib beradi – u hakamlarning kartochkalariga ishonmaydi.
Bir tomonda mag‘lubiyatni unutgan seriya, boshqa tomonda esa faqat yakunlaydigan jangchi. Bu juftlik tabiatan portlashga tayyor.
UFC Sydney – to‘la jangovar karta
Micallef va Patterson to‘qnashuvi UFC Sydney kechasidagi yagona qiziq nuqta emas. Kartaga allaqachon bir qator janglar tasdiqlangan, ular orasida yulduzli ismlar ham bor:
- Quillan Salkilld – Benoit Saint Denis
- Bogdan Guskov – Robert Whittaker
- Marwan Rahiki – Joo Sang Yoo
- Joanderson Brito – Kaan Ofli
- Jonathan Micallef – Sam Patterson
- Dagiisuren Chagnaadorj – George Mangos
- Rabindra Dhant – Ryo Tajima
- Jiniushiyue – Takaya Suzuki
- Bo Hyun Park – Bo Meng
Bu ro‘yxatning o‘ziyoq Afterpay Arena tribunasini to‘ldirish uchun yetarli sabab. Ayniqsa, Robert Whittaker ismi kartada turgan bir paytda.
Endi esa savol aniq: Sidney tuni yakunida yarim o‘rta vaznda navbatdagi da’vogar sifatida kim nomzodini qat’iy qo‘yadi – mag‘lubiyatni bilmayotgan Micallefmi yoki faqat finišga ishongan Pattersonmi?