UZB SPort

Verstappen Las-Vegasda yana poyga g‘olibi bo‘ldi

Las-Vegasning chiroqlari ostida Formula 1 tom ma’noda sahnaga aylandi. Lekin bosh rol yana bitta odamga tegishli bo‘ldi – Max Verstappen.

30 marta peshqadamlik almashgan, sakkizta mashina deyarli butun poyga davomida “poezd” bo‘lib, burundan-burunga ketgan Las Vegas Grand Prix tomoshabinlarni nafasini ichiga yuttirib qo‘ydi. Bu oddiy tezlik bahsi emasdi, bu energiya tejash, DRS va taktika bilan o‘ynalgan murakkab shaxmat partiyasi edi. Verstappen esa bu o‘yinni eng yaxshi tushunadigan odam ekanini yana bir bor isbotladi.

Verstappendan Las-Vegasda uchinchi, mavsumda to‘rtinchi zarba

Red Bull poygachisi Las-Vegas ko‘chalarida uchinchi, 2026-yilgi mavsumda esa to‘rtinchi g‘alabasini oldi. U startda oldinga otilib chiqdi, keyin bir necha bor peshqadamlikni boy berdi, lekin har safar qaytib keldi. Raqiblar almashdi, strategiyalar o‘zgardi, lekin yakunda yuqori pog‘onada yana o‘sha tanish ism paydo bo‘ldi.

Poyga davomida energiya boshqaruvi hal qiluvchi omilga aylandi. Kim qachon batareyani tejaydi, kim qachon hujumga o‘tadi – hammasi hisob-kitob bilan. Verstappen aynan shu nuqtada boshqalardan ustun keldi: u ritmni o‘zgartirdi, raqiblarini xato qilishga majbur qildi va oxirgi aylanalarda poygani bo‘g‘ib qo‘ydi.

Uning asosiy ta’qibchilari McLaren juftligi – Lando Norris va Oscar Piastri bo‘ldi. Ikkalasi ham bosimni tushirmadi, ayniqsa o‘rtalarida Norris bir necha marta yetakchilikni tortib oldi. Lekin hal qiluvchi pallada Verstappen tajribasi va sovuqqonligi ish berdi. Norris va Piastri podiumga chiqdi, ammo Las-Vegas sahnasining markazida baribir Max turdi.

Antonelli qo‘lidan chiqargan podium va Alpine kutilmagan zarbasi

Amaldagi jahon chempioni Kimi Antonelli uchun kecha boshqacha tugashi mumkin edi. U uzoq vaqt ikkinchi o‘rinni ushlab turdi, Verstappen bilan tezlikda bemalol javob qaytara oldi. Ammo kechga borib energiya bilan bog‘liq muammolar uni sekinlashtirdi, himoyalanishga majbur qildi va podiumni qo‘ldan boy berdi. Yakunda to‘rtinchi o‘rin – kuchli natija, lekin poyga qanday ketayotganini hisobga olganda, achchiq ta’m qoldiradigan natija.

Alpine esa Las-Vegasni katta yutuq sifatida belgilab qo‘yishi mumkin. Pierre Gasly va Franco Colapinto beshinchi va oltinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, jamoaga qimmatli ochkolar olib keldi. Ular tartibli, xatosiz poyga o‘tkazishdi, to‘g‘ri paytda zarba berishdi va raqiblarning xatolaridan unumli foydalandi.

Hamiltonning qaytishi va Ferrari ichidagi portlayotgan vaziyat

Lewis Hamilton uchun kecha to‘liq dramatik ssenariy bo‘ldi. U 10 soniyalik jarima oldi, ustiga-ustak o‘z jamoadoshi Charles Leclerc uni orqa g‘ildiragidan urib, aylantirib yubordi. Shunga qaramay, Hamilton taslim bo‘lmadi va poygani yettinchi o‘rinda yakunlab, kuchli qaytish ko‘rsatdi.

Ferrari esa yana o‘sha eski savollar girdobida qoldi. Leclerc Hamilton bilan pozitsiya uchun kurashda xavfli hujumga o‘tdi, lekin zarba noto‘g‘ri chiqdi: Hamiltonning mashinasi aylanishga majbur bo‘ldi, Leclerc esa 10 soniyalik jarima oldi va yakunda o‘ninchi o‘rin bilan cheklanishiga to‘g‘ri keldi.

Bu Ferrari juftligi uchun so‘nggi haftalardagi navbatdagi to‘qnashuv. Meksikodagi ilk aylana to‘qnashuvi hali unutilmagan edi, endi esa Las-Vegasda yangi mojaro. Jamoa hanuz “ichki qoidalar”ni aniq belgilamagan, lekin bu holat qanchaga cho‘zilishi mumkin? Bir payt kelib, bu ichki urinishlar Ferrari mavsumini butunlay izdan chiqarishi hech gap emas.

Mercedes uchun kecha – Russell esdan chiqarmoqchi bo‘lgan poyga

Williams haydovchisi Carlos Sainz oxirgi aylanalarda George Russellni ortda qoldirib, sakkizinchi o‘rinni tortib oldi. Russell uchun esa bu poyga eslashni istamaydigan kechalardan biri bo‘ldi. U uzoq vaqt Verstappenga eng katta tahdid bo‘lib ko‘rindi, tezlik bor edi, pozitsiya bor edi. Lekin bitta xato hammasini buzdi.

48-aylanada u jamoadoshi Antonellini ortda qoldirishga urinar ekan, tormozda g‘ildirakni bloklab qo‘ydi va pozitsiyalarni ketma-ket boy bera boshladi. Natijada yuqori o‘rinlar o‘rniga pastki “top-10” bilan kifoyalandi. Mercedes bunday imkoniyatlarni ko‘p qo‘lga kiritmaydi, shuning uchun bu xato ayniqsa og‘ir tuyuladi.

Perez, Camara va xavfsizlik mashinasi, Lindblad va Alonso uchun erta yakun

Cadillac haydovchisi Sergio Perez uchun poyga 19-aylanadayoq tugadi. U Haas poygachisi Rafael Camara bilan to‘qnashib ketdi va bu xavfsizlik mashinasining chiqishiga sabab bo‘ldi. Poyganing ritmi buzildi, strategiyalar aralashib ketdi, lekin Perez uchun kecha shu yerda yakunlandi.

Racing Bulls haydovchisi Arvid Lindblad esa xavfsizlik mashinasi davrida mashinasini boshqara olmay, aylanib ketdi va poygani tark etdi. Aston Martin yetakchisi Fernando Alonso ham marraga yetib bormadi – uning kechasi ham Las-Vegas chiroqlaridan ancha oldin so‘ndi.

Las-Vegas bu safar ham shou va dramatik sahnalarni ayamasdan taqdim etdi. Lekin yakuniy savol baribir o‘sha: Verstappenning bu darajadagi hukmronligi qachon va kim tomonidan to‘xtatiladi?