UZB SPort

Vinicius Junior: Bernabeudagi kelajak xavfi

Madridda yoz tinch o‘tmayapti. Oy oxirigacha “Real Madrid”ni band qiladigan eng katta jumboqlardan biri — Vinicius Junior atrofidagi muzokaralar. 26 yoshli braziliyalik qanotkor yangi shartnomaga imzo chekishga hali ham rozi bo‘lgani yo‘q, amaldagi kelishuvi esa bir yildan kam muddatda yakuniga yetadi. Shuning uchun ham “Bernabeu”dagi kelajak tobora xira tus olayapti.

Klub pozitsiyasi aniq: Viniciusni kelasi yoz erkin agent sifatida qo‘yib yuborish — variant emas. Demak, yaqin haftalarda kelishuv bo‘lmasa, u transfer bozoriga qo‘yiladi. Hozircha esa manzara shuni ko‘rsatadiki, bu ehtimol juda ham real. Madrid klubi stol ustidagi taklifni oshirmaydi, Vinicius va uning vakillari esa aynan shu taklifni allaqachon rad etishgan.

Shu fon’da London tomondan bosim kuchaymoqda. “Arsenal” braziliyalik yulduz uchun jiddiy harakat qilayotgani aytilmoqda. Angliyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, London klubi uni qo‘lga kiritish uchun moliyaviy chegaralarni kengaytirishga tayyor.

Mijatovich: “Bu nuqtada sotuv muqarrar ko‘rinadi”

Klub ichida sukut, lekin atrofdagilar gapirmay tura olmayapti. “Real Madrid” sobiq hujumchisi Predrag Mijatovich “El Larguero” orqali vaziyatga o‘z bahosini berdi va so‘zlari muxlislar kayfiyatini yanada og‘irlashtirdi.

Unga ko‘ra, hozirgi holat bitta xulosaga olib keladi: Vinicius yangilanish arafasida emas.

Mijatovichning fikricha, bu bosqichda raqamlar unchalik muhim emas — 25 bo‘ladimi, 30 yoki 35 — masalaning tagi boshqa joyda. Muzokaralar shu darajaga yetgan bo‘lsa, futbolchi allaqachon boshqa variantlarni jiddiy ko‘rib chiqayotgan bo‘ladi. Uning aytishicha, “Arsenal” Viniciusni olib kelish g‘oyasiga butunlay berilib ketgan va buni tasdiqlovchi hisobotlar Angliyadan yetib kelmoqda.

Mijatovichning pozitsiyasi keskin: agar futbolchi yangilashni istamasa, hech bo‘lmaganda katta miqdordagi transfer orqali foyda ko‘rish kerak. Avgust oylari kirib kelgan, lekin baribir aniq javob yo‘q — bu esa vaqt “Real Madrid” foydasiga ishlamayotganini anglatadi.

Muxlislar sabr kosasi to‘lib boryapti

Tribunada ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham kayfiyat bir xil emas. Bir qism muxlislar hali ham Vinicius “Bernabeu”da qolishiga umid bog‘layapti, boshqalar esa allaqachon uning ketishiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Uzoq yillar davomida u “Real Madrid”ning kelajagi sifatida ko‘rilgan, o‘zi ham intervyularda klubda uzoq muddat qolishni istashini bir necha bor ta’kidlagan.

Bugun esa bu gaplar muzokaralar stolida sinovdan o‘tmoqda. Yo Vinicius o‘z talablarini pasaytiradi, yo klub maosh taklifini ko‘taradi. Hozircha esa hech biri yon bermayapti. Muzokaralar muzlab qolgan, bu esa “Arsenal” uchun eshikni ochib qo‘yayotgan bo‘lishi mumkin.

Vaqt esa qattiq bosyapti. “Real Madrid” Viniciusni atrofida yangi davr quradimi yoki yoz oxirida “Bernabeu” yana bir yulduzni kuzatib qoladimi — javob endi bir necha hafta ichida aniqlanadi.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling