WNBA maydonlarida sharmandali hodisa: jinsiy o‘yinchoqlar o‘yinlarni to‘xtatdi
Ayollar professional basketbol ligasi – WNBA – oxirgi kunlarda maydon ichidagi taktik janglardan ko‘ra, tribuna ortidan uchib kelgan jismlar bilan ko‘proq esda qoldi. Ikki kun ichida ikki uchrashuv jinsiy o‘yinchoqlar maydonga uloqtirilgani tufayli vaqtincha to‘xtatildi. Liga allaqachon ogohlantirgan edi, lekin tomoshabinlar chegarani yana bosib o‘tdi.
Chicago – Golden State uchrashuvida uchinchi chorakdagi uyatli pauza
Chicago Sky – Golden State Valkyries uchrashuvida uchinchi chorak qizigan pallada o‘yin birdan to‘xtab qoldi. Sabab basketbolga aloqasi yo‘q, yashil rangdagi jinsiy o‘yinchoq edi.
U tribunadan uchib kelib, to‘g‘ri maydonga tushdi. Hakamlar o‘yinni darhol to‘xtatdi, xodimlar uni olib chiqib ketguncha parket bo‘sh qoldi. Shundan keyin uchrashuv davom ettirildi va Chicago Sky uch ochkolik farq bilan – 73:70 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo yakuniy hisobdan ko‘ra, o‘yin atmosferasini buzgan bu hodisa ko‘proq muhokama qilinmoqda.
Chicago Sky himoyachisi Natasha Cloud uchun bu shunchaki “beandisha hazil” emas, balki ayollarga bo‘lgan munosabatning ko‘zgusi edi. U o‘z fikrini keskin ifoda qildi. Uning aytishicha, bunday buyumlarni maydonga uloqtirayotgan “erkaklar” “zerikarli” va “g‘alati” bo‘lib ko‘rinadi. Cloud buni tomoshabinlarning ichki muammolari bilan bog‘ladi, ularning bu harakati “kuchsizlik” va ayollarga nisbatan qanday munosabatda ekanini ochiq ko‘rsatishini ta’kidladi.
Los-Anjelesda ham takrorlangan ssenariy
Bir kun avval Los-Anjelesda xuddi shunga yaqin manzara kuzatildi. Los Angeles Sparks – Atlanta Dream uchrashuvida ham uchinchi chorakda o‘yin to‘xtab qoldi. Hisob tablosi Atlanta foydasiga yirik ko‘rinish olgan, mehmonlar yakunda 124:88 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, asosiy gap bu emas.
Sparks himoyachisi Park Ji-hyun jarima to‘pini bajarishga hozirlanayotgan paytda yana noma’lum buyum maydonga uchib tushdi. Hakamlar o‘yinni to‘xtatdi, xavfsizlik xodimlari ishga tushdi. Arena ichidagi kayfiyat birdan sovib ketdi.
New York Times xabariga ko‘ra, Los-Anjelesdagi Crypto.com Arena ichida o‘yinni buzgan “erkak tomoshabin” xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlangan. Unga WNBA uchrashuvlariga butun umr kirish taqiqlanishi aytilgan. Bu – liganing bunday xatti-harakatlarga munosabati qanchalik keskin ekanini ko‘rsatadigan ochiq signal.
Chicago’dagi voqea ortida turgan shaxslar esa hozircha aniqlanmagan.
O‘tgan mavsumdagi to‘lqin va yangi bosqich
Bu birinchi marta emas. O‘tgan mavsum yozida – iyul va avgust oralig‘ida – Atlanta, New York va Los Angeles shaharlarida o‘tkazilgan olti WNBA uchrashuvi xuddi shunday uslubda buzilgan edi. O‘sha paytda internetdagi meme-coin hamjamiyati vakillari bu “aksiyalar” uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini aytgan.
Liga o‘shanda ham pozitsiyasini aniq bildirgan: kim jinsiy o‘yinchoqni maydonga uloqtirsa, WNBA uchrashuvlaridan butunlay chetlashtiriladi va qonuniy javobgarlikka tortiladi. BBC Sport so‘roviga javoban WNBA o‘sha paytda aynan shunday ogohlantirish bergan.
USA Today ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan mavsumdagi hodisalarga aloqador deb ko‘rilayotgan xuddi o‘sha guruh bu yil ham aksiyalarni davom ettirishini e’lon qilgan. Ular buni liganing transgender sportchilar bo‘yicha siyosatiga qarshi norozilik sifatida ko‘rsatmoqda.
Transgender bahsi va CBA qoidalari
Hozircha WNBA tarkibida transgender sportchi yo‘q. Lekin Indiana Fever himoyachisi Sophie Cunningham tomonidan bildirilgan, amaldagi qoidalarni shubha ostiga oluvchi fikrlar AQSh sport jamoatchiligida keskin munozaraga sabab bo‘ldi. Mavzu atrofidagi siyosiy va ijtimoiy bosim kuchaygan, maydon tashqarisidagi bahslar esa ba’zan o‘yinlarning o‘zini ham soyada qoldiryapti.
Ligadagi barcha asosiy tamoyillar Collective Bargaining Agreement (CBA) – WNBA va WNBPA o‘rtasidagi kelishuv orqali tartibga solinadi. Unda o‘yinchilarning ish haqi chegaralari, daromad taqsimoti, ijtimoiy paketlar va liganing umumiy ishlash mexanizmlari belgilangan.
Eng bahsli bandlardan biri – o‘yinchi maqomi va yaroqliligi. CBA matnida: “Faqat ayollar WNBA’da o‘ynashga haqli”, deb yozilgan. Aynan shu jumla atrofida jamiyatdagi katta siyosiy va madaniy bahslar sport maydoniga ko‘chib kelmoqda.
Ammo qanday qarashlar to‘qnashmasin, bir haqiqat o‘zgarmaydi: maydon – sportchilarniki. Ular ter to‘kayotgan parketga jinsiy o‘yinchoqlar uloqtirish, har qanday “protest” bo‘lsin, o‘yin va o‘yinchilarga hurmatsizlikdir. Savol shunda: WNBA va arenalar xavfsizlik tizimini qanchalik kuchaytiradi va bu sharmandali “trend”ni nihoyat to‘xtata oladimi?






