Wrexhamning mo‘jizasi: Phil Parkinsonning kelajagi haqida savollar
Shimoliy Uelsda so‘nggi uch yil ichida sodir bo‘lgan voqeani boshqa so‘z bilan atash qiyin: bu toza meteorit parvozi. Phil Parkinson yozgi 2021 yilda kelganidan beri Wrexhamni National League botqog‘idan olib chiqib, to‘g‘ri Championship darvozasigacha yetakladi.
Uch yil ketma-ket ko‘tarilish. Klub tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan rekord. O‘tgan mavsumda esa ikkinchi darajali pley-off yo‘llanmasidan bir necha qadam narida to‘xtagan jamoa. Shu fon, shu bosim ostida 2025-26 yilgi kampaniya boshida savol paydo bo‘ldi: Parkinsonning uslubi hali ham bu sath uchun yetarlimi?
Savol berishdi. Javobni esa maydonning o‘zi berdi.
Wrexham shubhalanuvchilarni o‘yin bilan, natija bilan, atmosfera bilan jim qildi. Klub egalaridan Ryan Reynolds va Rob McElhenney esa allaqachon Parkinson haqida “umrbod ish” degan iborani ishlatgan. 270 dan ortiq o‘yin boshqargan murabbiy haqida bu shunchaki maqtov emas, pozitsiya bayonoti.
Ular bir narsani yaxshi tushunishadi: klubga bo‘lgan global qiziqish pasaymasligi kerak. “Welcome to Wrexham” hujjatli seriali dramatik burilishlarga tayanadi, tomoshabinlarni shunga o‘rgatdi. Lekin sahna ortidagi shou uchun maydondagi barqarorlikni qurbon qilish – bu allaqachon boshqa joyda, boshqa klubda qimmatga tushgan xato. Birminghamning 2023 yil qishida Wayne Rooney qo‘l ostida qanday qulraganini ular uzoqdan turib ko‘rdi. Tajriba yetarli.
Shu fon, shu Hollywood shovqini ichida asosiy savol yana qayta-qayta ko‘tariladi: Phil Parkinson hanuz bu klubni keyngi bosqichga olib chiqadigan to‘g‘ri odammi?
“Tilaganga ehtiyot bo‘l”: Trundle Parkinsonni himoya qiladi
Bu savolni sobiq Wrexham hujumchisi Lee Trundle ham eshitgan. U Eagle Predict orqali GOAL bilan suhbatda fikrini aniq aytdi.
Uningcha, shubhalar adolatsiz bo‘lgan.
“U Championshipga endi chiqqan paytda, odamlar ‘u klubni shu joygacha olib keldi, endi o‘zgartirish kerak’ deyishni boshlashdi. Menimcha, bu adolatdan yiroq edi”, – deydi Trundle mazmunan.
Uning pozitsiyasi keskin: ehtiyot bo‘l.
“Men uchun bu – ‘nimani tilayotganingga ehtiyot bo‘l’ masalasi. U klubda qilgan ishlariga qarang, bu aql bovar qilmaydigan darajada. Gap faqat futbol emas, ular yaratgan birlashgan muhit haqida. Agar siz shu birlikni buzsangiz, klub qayerga qarab ketishini hech kim bilmaydi”, – deya ogohlantiradi u.
Trundle nazarida Parkinson nafaqat o‘tgan ishlar uchun, balki kelajak uchun ham kreditga loyiq.
“Menimcha, nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar bu mening qarorim bo‘lganida, u klubda qilgan ishlariga yarasha yana to‘liq bir mavsumga loyiq. Futbolda hamma ham bunday hissiyotlarga berilmaydi, hammasi juda tez o‘zgaradi, buni bilamiz. Lekin men unga omad tilayman, chunki u qilgan ishlariga yarasha shu yerda bo‘lishga haqli”, – degan fikrni bildiradi sobiq hujumchi.
“Katta ism” doimo yechim emas
Wrexham atrofidagi Hollywood shovqini tabiiy ravishda boshqa mavzuni ham o‘rtaga tashlaydi: katta ismli murabbiylar. Serial, global auditoriya, ijtimoiy tarmoqlar – bularning bari “keyngi qadam” sifatida yirik brendli murabbiyni tasavvur qilishni osonlashtiradi.
Trundle bunga ham javob beradi.
“Yo‘q, har doim ham emas”, – deydi u mazmunan “katta ism” masalasiga to‘xtalar ekan. Uningcha, tajriba va futbol piramidasini boshidan oxirigacha his qilish bugungi bozorda juda kam uchraydigan boylik.
“Ko‘p yosh murabbiylar faqat Premier League ichida bo‘lgan, faqat o‘sha darajani ko‘rgan. Parky esa turli sathlarda ishlagan, past ligalardan ham o‘yinchi izlayotganda futbolni boshqa ko‘lamda tushunadi. U qilgan ishlariga yarasha ishini davom ettirishga haqli. Agar biror narsa yuz bersa ham, u darhol boshqa ish topadi”, – degan fikrni bildiradi Trundle.
Bu fikrlar fonida Wrexhamdagi vaziyat ancha ravshan ko‘rinadi: klubga hozircha shov-shuv emas, tizim kerak. Tizim esa allaqachon Parkinson qo‘li bilan qurilgan.
Hollywood soyasi va Gerrard savoli
Sobiq Wrexham futbolchisi Matt Jansen ham shu mavzuga qaytgan. U GOAL bilan suhbatda klub atrofidagi shovqin fonida bo‘sh o‘rindiq hech qachon jim qolmasligini eslatgan.
Uning ta’kidlashicha, bu loyiha Hollywood bilan chambarchas bog‘langan ekan, murabbiylik kursisi atrofida nomlar doimo aylanadi. Bu – “hayvon tabiatining o‘zi”.
Jansen bir qator savollarni ochiq qoldiradi: Parkinson qoladimi? Yoki sahnaga “katta ism” chiqadimi? Masalan, Steven Gerrard Frank Lampardning Coventrydagi tajribasiga o‘xshash loyihaga qiziqishi mumkinmi?
U aniq javob bermaydi. Faqat bitta narsani qat’iy aytadi: Phil Parkinson hozirgacha ajoyib ish bajardi. Qanchaga yetadi – noma’lum.
Wrexham uchun esa aynan shu noma’lumlik qiziq. Serial uchun ham, stadion uchun ham. Savol shunday: ular shu yo‘lni o‘zini isbotlagan murabbiy bilan davom ettiradimi yoki Hollywood sahnasi navbatdagi “katta ism”ni talab qiladimi?







