Xudo Qo‘li to‘pi: 1986 yildagi futbol tarixining eng bahsli daqiqalari
1986 yilning yozida Mexico City osmonida adolat ham, mo‘jiza ham bir to‘pga jamlangandi. Endi o‘sha to‘p — Diego Maradona o‘zining mashhur “Xudo qo‘li” goli va “Asr goli”ni urgan o‘yin to‘pi — AQShda kimoshdi savdosiga qo‘yilmoqda. Narx? Taxminan 10 million AQSh dollari.
Texas shtatida joylashgan Heritage Auctions uyni bu to‘pni 21–23 avgust kunlari savdoga chiqaradi. Boshlang‘ich stavka allaqachon og‘ir: 2,5 million dollar. Uyning sport bo‘yicha vitse-prezidenti Dan Imler bu lotga baho berar ekan, ortiqcha so‘z ishlatmadi: bu, uning ta’kidlashicha, “futbol olamidagi eng tarixiy to‘p”.
Bu oddiy relikviya emas. Bu — Estadio Azteca maydonida Argentina va Angliya taqdirini o‘zgartirgan, butun futbol tarixini chizib bergan to‘p.
Bitta to‘p, ikki afsona
Chorak final. Argentina – Angliya. Hisobni ochgan lahza butun dunyoni ikkiga bo‘lib yuborgandi. Maradona raqib darvozaboni ustidan sakrab, to‘pni qo‘li bilan darvozaga yo‘naltiradi. Hakam hushtak chaladi, markazni ko‘rsatadi. Angliya futbolchilari norozilik qiladi, lekin qaror o‘zgarmaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha to‘p yana markazda. Bu safar hech qanday bahsga o‘rin qoldirmaydigan daholik namoyishi: Maradona yarim maydondan to‘pni olib, ketma-ket bir nechta ingliz himoyachilarini aldab o‘tadi va darvozabonni ham dog‘da qoldirib, gol uradi. Bu epizod keyinchalik “Goal of the Century” nomini oladi. Ikki gol, bitta to‘p, bir futbolchi. Va abadiy bahs.
O‘sha kuni Argentina 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Keyin esa butun turnirni yutdi. Maradona esa o‘sha mashhur iborani aytadi: gol “bir oz Maradona boshi bilan, bir oz Xudo qo‘li bilan” urilganini ta’kidlaydi. Futbol romantiklari uchun bu — she’riyat. Raqiblar uchun esa hanuz yaramagan chandiq.
Emotsiya narxi qancha?
Bugun o‘sha to‘p maydondan ko‘tarilganiga o‘ttiz yildan oshdi. Lekin u bilan bog‘liq his-tuyg‘ular hanuz tirik. Heritage Auctions kimoshdi savdosida raqobat keskin bo‘lishini kutmoqda. Imlerning “osonlikcha sakkiz xonali summa” deya baholashi bejiz emas: bu to‘p nafaqat Maradona, balki butun futbol tarixining eng bahsli va eng hayratomuz daqiqalarini o‘zida jamlagan.
Bu lot atrofida savol ko‘p. Kim sotib oladi? Xususiy kolleksionermi? Muzeymi? Yoki biror klub o‘z tarixiy ekspozitsiyasini to‘ldirish uchun qat’iy kurashadimi?
Bir narsa aniq: 1986 yilda Estadio Azteca gazonida uch soniyada o‘zgargan futbol taqdiri endi yana bir bor o‘zgarishi mumkin. Bu safar hakamlar, VAR yoki darvozabon emas, faqatgina eng baland taklif hal qiladi.







