Zinedine Zidan: Fransiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi
Zidan orzusi nihoyat haqiqatga aylandi: Fransiya terma jamoasi endi uning qo‘lida
Zinedine Zidan uchun bu lavozim yillar davomida faqat bitta so‘z bilan ta’riflanardi – cho‘qqi. Klub darajasida erishilgan ulkan yutuqlar, Madrid osmonida ko‘tarilgan kuboklar, yulduzlarga to‘la garderob… ammo uning ko‘z o‘ngida doim bitta manzil turgan: Fransiya terma jamoasi.
Endi u yerda u turibdi. Bosh murabbiy sifatida.
Bundan ulug‘i yo‘q
Rasmiy FFF sahifasiga bergan ilk so‘zlaridayoq Zidan o‘zini yashirmadi, gapini aylantirmadi.
“Men ko‘p marta aytganman: Fransiya terma jamoasidan ulug‘roq narsa yo‘q. Demak, bu terma jamoa murabbiyi bo‘lish – men uchun ham quvonch, ham ulkan faxr”, – dedi u.
U bir zumda shodlikdan mas’uliyatga o‘tdi. Ohang birdan og‘irlashdi.
“Bu – mas’uliyat ham. Prezident Philippe Diallo, Ijroiya qo‘mitasi va Fransiya futbol federatsiyasiga menga bildirgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman va Didier hamda uning shtabining o‘n to‘rt yillik xizmatini e’tirof etaman. Bugun barcha murabbiylarimni ham alohida eslayman. Aytib o‘tish shart ham emas, Fransiya terma jamoasi uchun maqsadlarim juda katta”.
Bir nechta jumlada u yangi davrni ochdi, avvalgisini esa hurmat bilan yopdi. Deschamps nomi tilga olindi, ammo sahnaga endi boshqa qahramon chiqdi.
Matbuot anjumanida ochilgan ichki sir
Keyngi sahnada – matbuot anjumani. Zidan stolda, qarshisida mikrofonlar, kameralar, yillardan beri kutgan savollar.
“Bu yerda ajoyib jamoa bor va men aynan shu izchillik ustida ishlashimdan xursandman. Bu – ushalgan orzu”, – dedi u.
So‘ng yillar davomida futbol olamida aylanib yurgan savolga nuqta qo‘ydi: nega u klub takliflarini qabul qilmadi?
“Men klubni boshqarish bo‘yicha takliflar oldim, lekin ularning barchasini rad etdim, chunki Fransiya terma jamoasi uchun kutdim. Real Madrid davrim tugagach, faqat shu narsani xohlardim”.
Bu so‘zlar bilan u o‘z yo‘lini chizib berdi. Pul, obro‘, yulduzlar bilan to‘la boshqa variantlar bo‘lgan. Ammo u kutdi. Faqat bitta eshik ochilishini kutdi.
Bolalikdan boshlangan yo‘l
Zidan gapni birdan o‘tmishga, bolalik paytiga burdi. Bu shunchaki chiroyli ritorika emas, uning hozirgi qaroriga tayanch bo‘lgan yo‘l xaritasi edi.
“Men Fransiya terma jamoasini bolaligimdan bilaman, barcha bosqichlardan o‘tib, kattalar jamoasiga qadar yetib bordim. Bugun esa uning bosh murabbiyi bo‘lish – eng yuqori cho‘qqi”, – dedi u.
Bu jumla stadion devorlariga osilsa arziydi. Futbolchidan afsonaga, afsonadan murabbiyga, endi esa butun avlodlar orzusini boshqarayotgan insonga aylangan Zidan o‘z yo‘lini bir chiziqqa jamladi.
Keyngi so‘zlari esa kelajak eshigini ochdi:
“Men Fransiyani eng yuqori pog‘onada ushlab qolish uchun borimni beraman”.
Vaqtni cho‘zmay aytilgan va’dalar, ortida esa tajriba, g‘alabalar va o‘ziga xos sovuqqonlik turibdi. Endi savol bitta: Zidan qo‘l ostidagi bu avlod bilan Fransiya yana nechta cho‘qqini egallaydi?







