UZB SPort

Ajax Bissouma bilan yangi davr boshlaydi

London bilan bo‘lim yopildi. Amsterdamda esa sahifa yangidan ochildi. Ajax nihoyat Yves Bissouma bilan shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi va shu bilan Premyer-ligadagi noaniq, chalg‘ituvchi davr ortda qoldi.

Mali terma jamoasi yarim himoyachisi, o‘tgan mavsum oxirida Tottenham bilan shartnomasi yakunlangach, erkin agent sifatida Johan Cruijff ArenAga ko‘chib o‘tdi. Klub ma’lum qilishicha, kelishuv darhol kuchga kirgan va 2027-yil 30-iyungacha amal qiladi. Demak, Bissouma uchun Eredivisie maydonlarida o‘zini qayta kashf etish, eng yaxshi formasiga qaytish uchun yetarlicha vaqt bor.

London soyasi va oqlanish istagi

Tottenhamdagi so‘nggi yilini u albatta eslab yuradi, lekin yaxshi xotiralar bilan emas. Atigi 11 ta o‘yin. Murabbiylar shtabining ishonchini to‘liq qozona olmagan, ritm topolmagan, maydondan ko‘ra ko‘proq chetda qolgan mavsum.

Intizomiy muammolar ham soyadek ergashdi. Ikkı yil avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, u azot oksididan foydalanayotgandek ko‘rinadigan videodan so‘ng kelgan balandparvoz diskvalifikatsiya — Bissoumaning Angliyadagi imijiga jiddiy zarba bo‘ldi. Premyer-ligada nomi ko‘proq muammo, kamroq futbol bilan tilga olingan futbolchi uchun Ajaxdagi bu imkoniyat nafaqat sportiy, balki shaxsiy reabilitatsiya hamdir.

Shunga qaramay, u Amsterdamga boshini egib emas, ko‘zida chaqnash bilan keldi. Qarshilikka tayyor, o‘zini oqlashga tayyor.

“Bu sayohatning bir qismi bo‘lish – men uchun sharaf”

Bissouma yangi klubiga birinchi taassurotlarini yashirmadi. Ajax nomi hali ham Yevropa futbolida og‘ir turadi va u buni yaxshi biladi.

“Men o‘zimni juda baxtli his qilyapman. Bu juda katta ahamiyatga ega, chunki Ajax Yevropadagi eng yirik klublardan biri. Bunday buyuk klubning sayohatining bir qismi bo‘lish men uchun yoqimli”, – dedi u.

Savol tug‘iladi: bu taklif uni hayratda qoldirdimi? Uning javobi ancha aniq bo‘ldi. U allaqachon bu loyihaga ishongan.

“Unchalik emas, chunki bu yerda ko‘p odamlar bilan oldindan gaplashganman. Ular menga loyiha haqida gapirib berishdi va bu menga juda qiziq tuyuldi. Shu sababli shu yerdaman. Ular menga bu yil va kelgusi yillarda nimalar qilishni xohlashayotganini tushuntirishdi”, – deya davom etdi yarim himoyachi.

Demak, bu shunchaki bo‘sh bozor varianti emas. Bu – ongli tanlov.

Ajax o‘rtasiga po‘lat qo‘shilishi

Amsterdam klubi bu transfer bilan faqat iste’dodga tavakkal qilmayapti. Bu – hisob-kitob qilingan, aniq ehtiyojga javob beradigan qaror. So‘nggi mavsumlarda Ajax markaziy chizig‘i ko‘pincha yosh, texnik, ammo yetarlicha “temir”siz ko‘rinardi. Bissouma esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun kelmoqda: agressiv pressing, to‘pni qaytarish, ritmni belgilash.

Uning o‘zi ham maqsadlarini yashirmadi: “Men g‘olibman va shunda hamma narsani yutishni xohlaysan. Bu mening istagim va men boshlashga tayyorman”, – dedi u.

Bu gaplar Eredivisieda tez-tez eshitiladigan va’da bo‘lishi mumkin, ammo Bissouma buni aytayotganida, unda Premyer-liga janglarining tajribasi, Brighton davridagi yuqori saviyadagi o‘yinlar yuki bor. Ajax o‘ziga nafaqat o‘yinchi, balki mentalitet ham olmoqda.

Yetakchilik va yoshlar bilan muloqot

Ajax akademiyasi – butun Yevropaga ma’lum. De Ligt, De Jong, Gravenberch kabi ismlar bu tizimdan o‘tib chiqqan. Ammo har bir yosh iste’dod yonida unga yo‘l ko‘rsatadigan, xatoni to‘g‘ri qabul qilishni o‘rgatadigan futbolchi kerak bo‘ladi.

Bissouma aynan shunday rolni ham o‘z zimmasiga olishga tayyor:

“Men ularga qanday ko‘rayotganimni, futboldan qanday tushunchaga ega ekanimni aytib, shunchaki maslahat beraman. Ularga men hammasi uchun shu yerda ekanimni bildirmoqchiman, ayniqsa eng yosh o‘yinchilar uchun. Ular men bilan gaplashishlari mumkin, biz har qanday mavzuda yaxshi suhbat qila olamiz”, – dedi u.

Bu so‘zlar Ajax kiyinish xonasida yangi ovoz paydo bo‘layotganini anglatadi. Bu safar – Premyer-ligada kuygan, ammo hali ham yonayotgan ovoz.

Jordi Cruijff rejasi: uzoqdan kuzatilgan o‘lja

Ajax texnik direktori Jordi Cruijff bu transfer tasodif emasligini ochiq aytdi. Klub Bissouma holatini bir necha oy davomida sinchiklab kuzatgan.

“Yves bilan muzokaralar avgust oyidayoq boshlangan va biz uning endi Ajax bilan shartnoma imzolaganidan xursandmiz. Biz eng yuqori darajada o‘ynash uchun nima kerakligini biladigan tajribali futbolchini olib keldik. U bir nechta pozitsiyada o‘ynay oladi va imkon qadar tezroq maydonga tushishga tayyor bo‘lishiga umid qilamiz”, – dedi Cruijff.

Transfer to‘lovi yo‘q. Tajriba bor. Ko‘p pozitsiyada harakatlana oladigan, jismonan kuchli, raqibni sindira oladigan yarim himoyachi qo‘lga kiritildi. Ajax uchun bu bozor sharoitida ideal kombinatsiya.

Endi navbat maydonga

Savol endi bitta: Bissouma Amsterdamda o‘zini qayta kashf eta oladimi? Brighton davridagi ishonchli, maydon markazini yutib beradigan futbolchini yana ko‘ramizmi yoki Tottenhamdagi tartibsiz, izlanishda adashgan o‘yinchi qaytadimi?

Javobni tez orada Johan Cruijff ArenA tribunalaridagi shovqin, Amsterdam tuni ostidagi birinchi to‘qnashuvlar beradi. Ajax esa allaqachon o‘z tanlovini qildi. Endi navbat Bissoumada.