UZB SPort

Braziliyada bo‘ron ko‘targan bir imo-ishora

Jahon chempionati qizg‘in pallaga kirgan paytda Braziliyada eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu na taktika, na tarkib tanlovi bo‘ldi. Maydonda emas, kamera oldida sodir bo‘lgan bir lahza atrofida butun mamlakat bahsga tushdi.

Carlo Ancelotti boshchiligidagi terma jamoa Shotlandiyaga qarshi g‘alaba qozonayotgan payt. Zaxira yonida Neymar maydonga tushish arafasida, bosh murabbiydan so‘nggi ko‘rsatmalarni olyapti. O‘sha paytda kameralar Carlo Ancelottining yordamchisi va uning o‘g‘li Davide Ancelottini ushlab qoladi: u boshini chayqaydi.

Shu kifoya bo‘ldi.

Kadr ijtimoiy tarmoqlarda chaqmoqdek tarqaldi, bir necha soniyalik imo-ishora bir zumda talqin qilina boshladi. Ko‘plab foydalanuvchilar Davide bosh chayqashini Neymarni o‘yinga tushirish qaroriga norozi bo‘lish sifatida ko‘rdi. Hech qanday dalilsiz, hech qanday izohsiz. Ammo shu “nazariya” braziliyalik muxlislar orasida ildiz otishi uchun bir necha soatning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Tanqidlar to‘lqini va oila himoyasi

Davide Ancelotti o‘zi bu borada og‘iz ochmadi. Shunga qaramay, tanqidlar aynan uning nomiga yog‘ildi. Ijtimoiy tarmoqlarda italiyalik mutaxassisga qarshi keskin postlar, haqoratlar, shubhalar ko‘paydi. “Nega u Neymarni xohlamayapti?”, “Murabbiy shtabida ichki nizo bormi?” degan savollar ko‘paygan sari, bahslar ham keskinlashdi.

Javob esa kutilmaganda boshqa tomondan keldi. Davidening rafiqasi Ana Galocha o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali vaziyatga nuqta qo‘yishga urindi. U videoning talqin qilinishi bilan keskin rozi emasligini bildirdi va oila manziligacha yetib kelgan haqoratlar haqida yozdi.

“Bilasizmi, siz tasvirni haqiqatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, butunlay noto‘g‘ri tarzda talqin qilyapsiz, va shu sababdan men tongdan beri son-sanoqsiz haqoratlar olayapman? Biz Braziliya g‘alaba qozonishini birinchi bo‘lib xohlaydigan odamlarmiz”, – deb yozdi u Instagram sahifasida.

Uning so‘zlarida bir tomondan alam, ikkinchi tomondan esa charchoq seziladi. Bir necha soniyalik bosh chayqash butun oilaning kayfiyatini buzdi.

“Bir surat, ming talqin”

Mojoro Braziliyaning yirik auditoriyaga ega bir nechta sahifalarida video qayta-qayta ulashilgach, haqiqiy tus oldi. Kadrga “Davide Ancelotti Neymar maydonga tushishi oldidan Carlo Ancelottining qaroriga bosh chayqab, norozi bo‘ldi” degan mazmundagi izohlar qo‘shildi. Shundan keyin voqea zanjir bo‘lib ketdi.

Bir necha soat ichida bu talqin Braziliyada eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Yordamchi murabbiy manziligiga yo‘naltirilgan tanqidlar soni keskin oshdi, hatto Carlo Ancelottining o‘zi ham savol ostida qolgandek bo‘lib qoldi: murabbiy shtabida haqiqatda ham Neymar masalasida kelishmovchilik bormi, degan gumonlar kuchaydi.

Aslida esa bizda faqat bitta narsa bor: kamera ushlab qolgan bir kadr va turlicha talqinlar. Bir imo-ishora, ming xil ma’no. Futbolda bosim yuksak, Neymar atrofidagi bahslar doimiy, jahon chempionati esa har bir harakatni mikroskop ostiga qo‘yadigan sahna.

Shu fon’da savol o‘z-o‘zidan tug‘iladi: Braziliya mundial taqdirini hal qiladigan daqiqalarga yaqinlashar ekan, jamoa ichidagi haqiqiy kayfiyatni kim belgilaydi — murabbiylar shtabidagimi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi kadr ovchilari?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling