UZB SPort

Caleb Wilson: Chicago Bullsning Yangi Yulduzi

22-avgust kuni Chicago’ning g‘arbiy tomonida, United Center atrofida odatdagi yozgi sukunat yo‘q. Maydonni to‘ldirgan minglab muxlislar, savdo rastalari, qizil-oq liboslar, shovqin. Bu – Bulls Fest. Va bu – Caleb Wilson’ning Chikagoga rasmiy kirib kelishi.

20 yoshli yulduz hali birorta rasmiy o‘yin o‘ynamagan, ammo allaqachon klub atrofida o‘n yillik turg‘unlikni yorib chiqadigan umid timsoliga aylangan. Uning bilan uchrashuv uchun navbat arenaning atriumini bir necha marta aylana bo‘lib o‘raydi. Keyingi tadbir – avtoturargohdagi slam-dank tanlovi, unda Wilson hakamlik qiladi. Lekin avval u Michael Jordan haykali qarshisida turib, kameraga qarab baqiradi, tilini chiqarib, hype videosi uchun poz beradi.

Jordan haykali, uning tagida esa yangi davrga da’vo qilayotgan yigit. Klub qaerdan kelgani va qaerga borishni rejalayotgani o‘rtasidagi keskin kontrastni ko‘rmaslikning iloji yo‘q.

Draftdan boshlangan to‘lqin

Hammasi iyun oyida, NBA draft kechasida boshlandi. Chicago Bulls North Carolina’ning yosh yulduzini 4-raqam ostida tanlaganida, bu tanlov oddiy rotatsiya o‘yinchisini emas, yangi yuzni, yangi markaziy figuraning boshlanishi sifatida ko‘rildi. So‘nggi to‘qqiz mavsumning sakkiztasida pley-offsiz qolgan klub uchun bu nafas yetishmayotgan paytda olingan kislorod kabi bo‘ldi.

Las Vegasdagi yozgi liga bu umidni faqat oshirdi. Wilson ilk professional o‘yinidayoq 35 ochko to‘pladi – yozgi liga tarixidagi yangi kelganlar uchun eng yuqori natijalardan biri – va 7 ta uch ochkolikni nishonga yetkazdi. Ikkinchi uchrashuvda esa 6 fut 11 dyuym bo‘yli Jonas Aidoo ustidan uchib o‘tib, yozgi liganing eng shov-shuvli danklaridan birini amalga oshirdi.

To‘rtinchi, yakuniy o‘yiniga kelib, tribunada Hall of Fame a’zosi Kevin Garnett paydo bo‘ldi. U yon tomondan kuzatayotgan bu yigitga qiyoslar allaqachon aytilgan edi: ikkalasi ham 6 fut 10 dyuym bo‘yli, 215 funt atrofida, ingichka, ammo portlovchi atletizmga ega. Warriors forvardi Draymond Green yozda o‘z podkastida shunday degan edi: Kevin Garnett – Wilson uchun “pol”, ya’ni minimal daraja bo‘lishi mumkinligini aytib, uning maxsus iste’dodini urg‘ulagan.

Yozgi liga odatda xulosalar chiqarish uchun eng ishonchli mezon emas. Lekin bu safar parketdagi manzara boshqacha edi.

“Unga qarab, ‘biz haqiqiy yigitni topdik’, deb o‘ylaysan,” – deya ta’kidlagan edi klub ichkarisidagi manba ESPN’ga.

Chicago uchun Wilson – nafaqat parketdagi yangi tayanch, balki butun boshqaruv tizimining yangilanishidagi markaziy bo‘g‘in. Klub basketbol operatsiyalari rahbari etib draft orqali jamoa qurishi va iste’dot topishdagi obro‘si bilan tanilgan Bryson Grahamni olib keldi. U esa bosh murabbiy sifatida Tiago Splitter’ni tanladi – so‘nggi yillarda bir qator yosh o‘yinchilarni yuqori darajaga olib chiqqan mutaxassis.

Yozda tarkib Norman Powell va Nic Claxton kabi tajribali o‘yinchilar bilan to‘ldirildi. Biroq 2026-27 mavsumining bosh mavzusi bitta: Caleb Wilson’ning o‘sishi.

Graham buni ochiq aytadi: ular natijadan ko‘ra ichki taraqqiyotga ko‘proq qarashmoqda. Yoshlar ham, veteranlar ham. Klub yillab pley-off uchun shoshma-shosharlik bilan kurashib, o‘zini qayta yuklashga urinib keldi. Endi esa Chikagoda boshqa ohang: sabr, bosqichma-bosqich qurilish.

Shu fon’da Wilson o‘z maqsadini yashirmaydi.

“Yilning eng yaxshi yangi o‘yinchisi bo‘lishni kutyapman, rostini aytsam,” – deydi u. – “Mehnat qilaman. Kerak bo‘lgan hamma narsani qilaman. Bu jamoa mening o‘yinimga juda mos deb his qilyapman.”

Shubhalar, jarohat va 2 500 ta uchlik

Yozgi ligadagi 7 ta uch ochkolik – raqamlar qatorida oddiy satrdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bu uning North Carolina’dagi butun birinchi kurs mavsumida urgan uchliklaridan ko‘p.

Draft oldidan unga qo‘yilgan eng katta savol – aynan shu zarba edi. Ustiga-ustak, kollej mavsumi o‘rtasida bosh barmog‘i sinib, chap qo‘lidagi bilak singani sababli mavsumni erta yakunladi va NCAA turnirini o‘tkazib yubordi. Shuning uchun ham u AJ Dybantsa, Darryn Peterson va Cameron Boozer ortidan 2026-yilgi draftda 4-o‘ringa tushib ketdi.

Wilson o‘zini himoya qilish uchun North Carolina tizimini eslaydi: u yerda undan uchlik otish talab qilinmagan, o‘rtacha faqat 1,1 marotaba tashlashga uringan. Mavsum tugashi bilan esa u zarbasini tubdan o‘zgartirishga kirishgan.

“Kolledjda uchlik otmaganimdan xursandman,” – degandi u yozdagi mashg‘ulotlardan birida. – “Agar o‘sha paytdayoq ko‘p uchlik otganimda, bugun bu yerda bo‘lmasdim. Qayerda bo‘lgan bo‘lardim, bilmayman, lekin Bulls tarkibida emasligim aniq.”

Jarohat paytida barmog‘i gipsda, to‘g‘ri tuta olmaydigan holatda bo‘lgan. Lekin u to‘pni ushlab, formani mashq qilishga qodir edi. U shunday qildi ham – kun-u tun, bir xil harakat, bir xil ritm.

Bugun u o‘zi hisobicha har kuni 2 000–2 500 ta uch ochkolik tashlaydi.

Parketdagi portlovchi debyut qanchalik shov-shuv ko‘targan bo‘lsa, klub ichkarisida uning mehnatsevarligi shuncha hayrat uyg‘otdi. Professional debyutidan oldin u yig‘lagan – kollej mavsumi tugaganidan besh oy o‘tib, nihoyat orzu qilingan lahzaga yetib kelgani uchun.

Draftdagi boshqa top-tanlovlar 2–3 o‘yindan so‘ng yozgi ligadan chetga olindi. Wilson esa aksincha, o‘ynashni davom ettirishni so‘radi. Bryson Graham’ga yozib, back-to-backning ikkinchi kechasida ham maydonga tushishni iltimos qildi.

Natija: 4 o‘yinda 23,5 ochko, 7,3 ribaund, 1,3 to‘p olib qo‘yish, 2,5 blok. All-summer league birinchi terma jamoasiga kiritildi. Uning 35 ochkolik debyuti turnir tarixidagi eng samarali boshlanishlardan biri ekani aytilganda esa u yelka qisdi – Bulls o‘sha o‘yinda yutqazgan edi.

Las Vegasdan tashqari vaqtining katta qismini Wilson allaqachon Chikagoda o‘tkazyapti. Ertalab klub bazasida mashg‘ulot, kechqurun esa yana qaytib keladi. Ko‘pincha soat 8–9 larda, birinchi raunddagi yana bir tanlov – 15-raqam ostida olingan Dailyn Swain bilan birga. Ularning tungi mashg‘ulotlari deyarli yarim tungacha cho‘ziladi.

“Hammaning e’tibori uning atletikligida, bu – avlodlar kesimida noyob,” – deydi Swain. – “Lekin u bundan ham ko‘proq ish qila oladi. Tizzadan yuqorida, tirsak atrofida yuzlanib o‘ynashi zo‘r, fint, zarba. Midreynji juda yaxshi. Uchliklarni ham aniq ura boshladi, arsenalini kengaytirayapti.”

Tiago Splitter davri: avvalo – aloqa

Bryson Graham uchun boshqaruvdagi birinchi katta qaror – aynan murabbiy tanlovi bo‘ldi. U o‘z qarashlariga eng yaqin deb bilgan murabbiy sifatida Tiago Splitter’ni olib keldi.

Splitter o‘tgan mavsumda Portland Trail Blazers’ni vaqtincha boshqarib, G‘arbda 7-o‘rin bilan kutilmagan pley-off yo‘llanmasini olib bergan edi. Ammo Chikagodagi ilk matbuot anjumanida na u, na Graham buni takrorlash haqida balandparvoz gaplar qildi. Ular boshqacha yo‘lni tanladi.

Graham Splitter’ning asosiy kuchi – o‘yinchi rivojiga ta’siri ekanini ta’kidladi. Portland’da Deni Avdija’ni All-Star darajasiga olib chiqqani, Brooklyn Nets’da 2019-yilda Jarrett Allen bilan ishlagani, Houston Rockets safida 2023-yilda yosh Alperen Sengun’ni shakllantirishga yordam bergani bunga misol sifatida keltiriladi.

Splitterning o‘zi esa bir narsani birinchi o‘ringa qo‘yadi:

“Avval aloqa o‘rnatasan. Bu – hamma narsaning asosi. Ayniqsa, bu darajada. Agar shuni qilolmasang, ulardan nimanidir talab qilish, hurmatini qozonish juda qiyin bo‘ladi. Poydevor – turli yo‘llar bilan o‘yinchilar bilan bog‘lanish.”

U Wilson bilan ko‘prik qurishni yozning o‘zidayoq boshladi. Ularni musiqaga bo‘lgan qiziqish birlashtirdi. Splitterni ayniqsa Wilson’ning didi hayratga soldi: 19 yoshli yigit bo‘sh vaqtida gitara chalishni o‘rganib, hip-hopdan tortib klassikaga, kantrigacha turli janrlarni tinglaydi.

“Juda qiziq yigit,” – deydi Splitter. – “Miyasining qanday ishlashini, u qiziqishi mumkin bo‘lgan mavzular qanchalik kengligini ko‘rasan.”

Splitter yozgi liganing dastlabki ikki o‘yinida Bulls’ni o‘zi boshqardi. Bu – yosh murabbiy uchun ham, yosh yulduz uchun ham umumiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan dastlabki qadam edi. Charchagan, g‘alabaga zorlagan, lekin endi kelajak haqida real umid qila boshlagan klubni qo‘lga olish uchun kichik, lekin muhim sinov.

“U juda batafsil ishlaydi,” – deydi Wilson murabbiyi haqida. – “Nimani xohlayotganini aniq aytadi va jiddiy. Ko‘p murabbiylar bo‘lar-bo‘lmas hazillashib yuradi. Tiago jiddiy, nima istayotganini biladi.

“Men uchun esa shunday murabbiy kerak: jiddiy, to‘g‘ri gapiradigan. Shunda nimani yaxshilashim kerakligini aniq bilaman.”

Yozgi ligada Wilson ko‘pincha asosiy to‘p tashuvchi, deyarli pleymeyker sifatida o‘ynadi – Kevin Garnett hech qachon bu darajada qilmagan rol. Mavsum boshlanganda esa bu yuk ancha yengillashadi: Josh Giddey, Norman Powell va uchinchi yilini boshlayotgan Matas Buzelis hujumni boshqarishda katta yordam beradi. Buzelis o‘tgan mavsumda 77 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan.

Graham bunday aralashmaning ahamiyatini qisqa tushuntiradi: yoshlar bilishi kerak – maydon yomon ketyaptimi, yonlarida bu yo‘ldan o‘tgan, yutgan, muvaffaqiyat ko‘rgan o‘yinchilar bor. Bu ishonch beradi, sog‘lom muhit yaratadi.

Splitter esa uslub masalasida qat’iy qolishni emas, moslashishni tanlagan murabbiy. Fransiyada Paris Basketball bilan tezkor, hujumkor basketbol orqali EuroLeague pley-offiga olib chiqqan. Portland’da esa jamoa mudofaa orqali o‘ziga nom chiqardi. Chicago – u uchun ilk marta yosh tarkibni o‘z tasavvuriga ko‘ra shakllantirish imkoniyati.

“Bor tizimingni o‘yinchilarga moslashtirishing kerak,” – deydi u. – “Ha, menda o‘yin haqida o‘z qarashlarim bor. Lekin shu bilan birga, ularning nimani eng yaxshi qilishi mumkinligini ham ochish kerak. Bu yerda aynan shuni qilamiz.”

Miami, yarim tunda yoqilgan chiroqlar va savol

Chicago Bulls uchun bu yoz odatdagidan boshqacha. Yangi rahbariyat, yangi murabbiy, yangi yuz. Ammo bir an’ana o‘zgarishsiz qoldi: mavsumoldi o‘yinchilar yig‘ini. O‘tgan hafta jamoa yana Miami’da to‘plandi – bu safar endi kelajak atrofida ancha aniqroq tasavvur bilan.

Chikagoda esa kech tushgach ham bazadagi chiroqlar tez o‘chmaydi. Bir xonada gitara tovushi, boshqasida esa uchliklar shitirlashi. Parketda Caleb Wilson va uning yonida unga ishonayotgan, uni kutayotgan klub.

Uning so‘nggi gapi esa shunchaki shior emas, balki kelayotgan mavsumga tashlangan ochiq chaqiriqdek yangraydi:

“Men yutishni kutyapman. Qanday bo‘lishidan qat’i nazar, g‘alaba uchun nima kerak bo‘lsa, shuni qilaman.”

Savol endi bitta: Chicago bu yigit atrofida nihoyat o‘zi kutgan jamoaga aylanishga tayyormi – yoki bu faqat boshlanishi xolosmi?