Chris Evert saraton bilan kurashni davom ettiradi
Amerikalik tennis afsonasi Chris Evert yana kortdan tashqarida, yana saraton bilan yuzma-yuz.
18 karra “Grand Slam” chempioni bo‘lgan 71 yoshli sobiq raqib bugun o‘z sog‘lig‘i haqida og‘ir, lekin aniq xabar berdi: tuxumdon saratoni qaytgan. U yaqin haftalarda yana kimyoterapiya kursini boshlaydi va shu bois bir necha oyga barcha professional majburiyatlaridan chetga chiqadi.
Evert bu safar ham jim qolmadi. U holatini ijtimoiy tarmoqlarda ochiq yozdi, xuddi o‘tgan safargi kurashida bo‘lgani kabi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta oxirida o‘tkazilgan kompyuter tomografiya va PET tekshiruvlari tashxisni tasdiqlagan.
U allaqachon davolanishning birinchi bosqichini bosib o‘tdi – jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Endi navbat kimyoterapiyaga. Bu esa bir narsani anglatadi: bu yil Wimbledon Chris Evert’siz o‘tadi. U bir necha oy davomida efirlar, tahlillar va barcha rasmiy faoliyatdan chekinib, butun e’tiborini faqat sog‘lig‘iga qaratadi.
Evertning o‘zi bu kurashni qisqa, lekin aniq ifodaladi: tuxumdon saratonini “shafqatsiz” deb atadi, lekin o‘zini sinmasligini, optimistik kayfiyat va kurashuvchan ruhni saqlab qolishini ta’kidladi. U shifokorlar jamoasiga, oilasiga, do‘stlariga va uni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha muxlislarga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda tez orada hammaga yana ko‘rinish berish umidini yozdi.
Kortda u hech qachon yengilmagan ruh bilan tanilgan. 18 ta “Grand Slam” unvoni – bunga isbot. Evert yetti marta Roland Garros, olti marta US Open, uch marta Wimbledon va ikki marta Australian Open chempioni bo‘lgan. 1975-yil sentabrida u dunyo reytingida 1-raqamli tennischiga aylangan va uzoq yillar davomida bu maqomni osonlikcha hech kimga bermagan.
Uning Martina Navratilova bilan tarixiy raqobati butun bir avlod tennisini belgilab berdi. Endi esa u raqibni kortda emas, shifoxona devorlari orasida kutib oladi. Ammo uslub o‘zgarmaydi: qat’iyat, aniqlik, oxirigacha kurashish.
Savol bitta: Chris Evert bu safar ham o‘ziga xos matonati bilan navbatdagi setni o‘zgartirib, saratonni yana bir bor mag‘lub eta oladimi? Tennis olami javobni kutmoqda.







