UZB SPort

Davide Marchisio Juventus bilan 2028-yilgacha shartnoma imzoladi

Turinda yana bir Marchisio sahnaga chiqmoqda, ammo bu safar gap o‘tmish yulduzi haqida emas. Akademiyaning eng istiqbolli iste’dodlaridan biri – 2009-yilda tug‘ilgan yarim himoyachi Davide Marchisio “Juventus” bilan ilk professional shartnomasini imzoladi. Bitim 2028-yilgacha mo‘ljallangan.

Bu qog‘ozdagi oddiy imzo emas. Bu – akademiya zinapoyalarini bosqichma-bosqich, ter va mehnat bilan bosib o‘tgan o‘smirning mukofoti. U Turinda familiyasi tufayli emas, o‘z ishi, o‘z xarakteri bilan professional maqomga yetib keldi.

Familiya bosimi emas, o‘z yo‘li

Davide uchun “Juventus” – bolalikdan beri orzu qilingan klub, hayotining markazi. Shuning uchun ham bu shartnoma uning uchun hissiyotlarga to‘la daqiqaga aylandi. U ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi: bolaligidan orzu qilgan va sevgan jamoasi bilan birinchi professional shartnomani imzolagani bilan faxrlanishini, ambitsiya va o‘sishga bo‘lgan ishtiyoq bilan ishlashda davom etishini, bu ranglar uchun borini berishini ta’kidladi. Yakunda esa bitta jumla: “Fino alla fine”.

Uning tezkor o‘sishi ortida otasi Claudio Marchisio turibdi. Ustoz va yo‘lko‘rsatuvchi sifatida u o‘g‘lini keraksiz solishtirishlardan, familiya yukidan himoya qilib kelmoqda. Maydonda esa Davide allaqachon o‘zini mustaqil futbolchi sifatida ko‘rsatishni boshladi.

Derbyda yorqin zarba va birinchi qadamlar

Under-17 darajasida u 23 ta o‘yinda maydonga tushdi va 3 ta gol urdi. Ularning eng esda qolarli bo‘lgani – Derby della Mole uchrashuvidagi zarbasi. Bunday sahnalar Turindagi futbol muhitida tez unutilmaydi.

Keyin bosqich ko‘tarildi. Under-18 jamoasiga ko‘tarilishdan avvalgi bu mavsum yakunida Davide uchun muhim eshik ochildi: Luciano Spalletti uni Continassa bazasida birinchi jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shdi. Bu hali debyut emas, lekin yuqori darajaga birinchi jiddiy taqillatish edi.

Under-18 tarkibida u allaqachon tarixga kirib ulgurgan: yangi shakllangan jamoaning ilk rasmiy golini aynan Davide urdi. Bu gol faqat statistika uchun emas, balki uning rolini, mas’uliyatini belgilab bergan lahza bo‘ldi.

Keyngi bekat: Juventus Next Gen?

Endi undan butun mavsum davomida barqarorlik talab etiladi. Ichki chempionat marafoni mashaqqatli bo‘ladi, aynan shu sinovlar uning “Juventus Next Gen” tomon yo‘lini tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi mumkin.

Klubning birinchi jamoa shtabi kuzni diqqat bilan o‘tkazadi: Davidening jismoniy yetilishi, texnik qarorlar tezligi, bosim ostida o‘yin o‘qishi – hammasi mikroskop ostida bo‘ladi. Maqsad aniq: o‘tish davrini iloji boricha tabiiy, og‘riqsiz qilish, yosh yarim himoyachini katta futbolga to‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri shaklda olib kirish.

Turinda Marchisio familiyasi yana yangramoqda. Bu safar savol boshqacha: Davide o‘z sahifasini qanchalik tez va qanchalik dadil yozib chiqadi?