Edvin Austbö: Yangi ‘Hammer’ London Stadium’da
Londonning sharqida, London Stadium koridorlarida bugun yangi ism jarangladi. Norvegiyalik yosh hujumchi Edvin Austbö endi rasman West Ham futbolchisi.
21 yoshli futbolchi klub bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi, kelishuvda yana bir yilga uzaytirish opsiyasi ham bor. U yangi mavsumda 35-raqamli libosda maydonga tushadi.
“Hammer” bo‘lish orzusi
Austbö bu transferni shunchaki navbatdagi qadam emas, bolalik orzusining davomidek qabul qildi.
“Hammer bo‘lish juda yoqimli tuyg‘u,” – dedi u imzodan so‘ng. “Qiziqish borligini bilganimdan beri bu yerga kelishni xohladim, ichimda ‘kapalaklar uchdi’, va bu ajoyib klub uchun o‘ynashni boshlashni intiqlik bilan kutyapman”.
Uning so‘zlarida hayajon yashirin emas. Ambitsiya ham.
“Klubning maqsadlari katta, meniki ham shunday,” – deydi u. “Nuno va Nils Koppen bilan bo‘lgan suhbatlar zo‘r o‘tdi, boshidanoq bu joy menga mosligini, bu yerga kelishni chin dildan xohlaganimni his qildim”.
Austbö bolaligidan Angliya futboli bilan ulg‘aygan.
“Bolaligimda televizorda Angliya futbolini ko‘rardim. Norvegiyada hammaning West Ham’dan xabari bor. Bu juda katta klub va Angliyaning eng yuqori pog‘onasida bo‘lishi kerak bo‘lgan jamoa,” – deydi u.
West Ham hozir Premier League’ga qaytish yo‘lida kurashar ekan, uning gaplari bejiz emas. U bu safarga tomoshabin sifatida emas, ishtirokchi sifatida qo‘shilmoqda.
West Ham skautlari yutug‘i
Klubning o‘yinchilar bo‘yicha direktori Nils Koppen bu transfer ustida uzoq ishlanganini yashirmadi.
“Edvin biz anchadan beri yaqindan kuzatib kelayotgan futbolchi va uni West Ham United tarkibiga qo‘shganimizdan juda xursandmiz,” – dedi Koppen. “U Norvegiyada juda taassurotli tarzda o‘sdi, yaxshi tajriba to‘pladi va Yevropaning turli klublaridan katta qiziqish uyg‘otdi”.
Koppenning ta’rificha, bu shunchaki istiqbolli loyiha emas, jamoaning hujum chizig‘iga tayyor qo‘shimcha.
“Biz uning Angliya futbolida muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan fazilatlari, kuchli tomonlari va salohiyatiga ishonamiz. U tezkor, energiyaga boy va aqlli futbolchi, hujumimizga yana bir ijobiy variant olib kiradi,” – deya ta’kidladi u.
Eng muhim jihatlardan biri – Austböning o‘zi ham bu qadamga ruhiy tayyor.
“Edvin karerasidagi navbatdagi bosqichni tashlashga juda motivatsiyalangan va klubdagi hamma uning tezroq moslashishi uchun qo‘lidan kelganini qiladi,” – dedi Koppen.
Shu tariqa, London Stadium’da yangi hujumchi paydo bo‘ldi. Endi savol bitta: Edvin Austbö West Ham’ning Premier League’ga qaytish yo‘lida qanchalik katta rol o‘ynay oladi?






