UZB SPort

Enzo Fernandez va Manu Kone: Chelsea yozgi inqilobida asosiy nomlar

“Stamford Bridge”da yozgi inqilob sekin-asta shakl olayapti. Markazda esa ikkita ism turibdi: Enzo Fernandez va Manu Kone. Biri chiqish eshigiga tobora yaqinlashayotgan bo‘lsa, ikkinchisi “Chelsea”ning yangi yuragi bo‘lishi mumkin.

Enzo ketishga tayyor, “City” rekordni sindirish arafasida

Agar yozgi bozor kutilgan ssenariy bo‘yicha davom etsa, eng shov-shuvli bitim Enzo Fernandezni “Manchester City”ga o‘tishi bo‘ladi. Taxminan 120 million funtlik paket — bu nafaqat “City” tarixidagi eng qimmat transfer, balki butun futbol tarixidagi eng qimmat markaziy yarim himoyachi degani.

Argentinalik futbolchi bu o‘tish uchun deyarli yonib turibdi. “Chelsea” ham eshikni berk yopib olgani yo‘q. Lekin klubning pozitsiyasi aniq: ikki shart bajarilmaguncha hech qanday “ha” bo‘lmaydi. Birinchisi – to‘liq 120 million funt. Ikkinchisi – o‘rnini bosadigan darajada kuchli yarim himoyachi topilishi va imzo chekilishi.

Shu nuqtada sahnaga ikkita nom chiqdi: “Monaco”dan Lamine Camara va “Roma”dagi Manu Kone. So‘nggi kunlarda aynan Kone atrofida harorat keskin oshdi.

“Chelsea” va Manu Kone: shaxsiy kelishuv allaqachon bor

FootballTransfers xabariga ko‘ra, “Chelsea” Manu Kone bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu kichik detal emas – bu klubning qanchalik jiddiy harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Endi asosiy jang klub darajasida, “Chelsea” va “Roma” o‘rtasida kechadi.

Fransiyalik jurnalist Santi Aouna ham shu yo‘nalishni tasdiqladi: londonliklar 25 yoshli yarim himoyachi transferi bo‘yicha “Roma” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqqan. Muzokaralar allaqachon boshlanib ketgan, tomonlar raqamlar va shartlarni muhokama qilmoqda.

“Chelsea”ning o‘zi esa ortga yo‘lni ko‘rmayapti. Klub markazni qayta qurish niyatida va Kone bu rejada asosiy bo‘laklardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Taklif miqdori: 65 million yevromi yoki 52 million funtmi?

Italiyalik insayder Nico Schira ma’lumotiga ko‘ra, “Chelsea” stolga 65 million yevro (taxminan 56 million funt) miqdoridagi rasmiy taklifni qo‘ygan. “Roma” bosh murabbiyi Gian Piero Gasperini esa Kone’ni “sotilmaydigan” futbolchi sifatida ko‘rmoqda, deydi u. Endi qaror futbolchining o‘zi va klub egasi Dan Friedkin qo‘lida.

Shu bilan bir paytda Gianluca Di Marzio boshqa raqamni tilga oldi: uning ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv “ilg‘or bosqich”da va summa 52 million funt atrofida. Raqamlardagi tafovutlar bozorning o‘zi qanchalik qaynayotganini ko‘rsatadi: turli manbalar, turli pozitsiyalar, lekin bitta haqiqat — “Chelsea” Kone uchun jiddiy pul taklif qilmoqda.

“Roma” esa ikkilanmoqda. Sport jihatidan Kone’ni saqlab qolish – Gasperini uchun katta yutuq. Moliyaviy tomondan esa 50 milliondan ortiq funtlik taklifni rad etish – jasorat ham, risk ham.

Enzo kelajagi Kone qaroriga bog‘lanib qoldi

Bu transfer hikoyasining eng qiziq nuqtasi shundaki, Manu Kone atrofidagi har bir qadam Enzo Fernandezni “Etihad”ga bir qadam yaqinlashtiradi. “Chelsea” o‘rnini bosadigan futbolchiga imzo chekmaguncha, Enzo bo‘yicha “City”ga yashil chiroq yoqilmaydi.

Demak, London, Rim va Manchester o‘rtasidagi bu uchburchakda bitta qaror butun yozgi bozor manzarasini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Kone “Stamford Bridge”ga “ha” desa, Enzo uchun yo‘l ochiladi. Agar “Roma” va futbolchi bu eshikni yopib qo‘ysa, “City”ning rekord rejasi ham muzlab qolishi ehtimoli bor.

Hozircha esa bitta savol havoda osilib turibdi: Manu Kone kelajakni “Stamford Bridge”da quradimi yoki “Roma”ning markazida qolib, bu yozgi eng katta domino effektini to‘xtatib qoladimi?