Fabio Vieira Hamburg bilan shartnoma imzoladi
Fabio Vieira nihoyat oraliq bekatlarni ortda qoldirdi. Bir paytlar “Arsenal”ning katta umid bilan olib kelingan ijodkor yarim himoyachisi endi to‘liq huquqli “Hamburg” futbolchisi.
Bundesliga klubi portugaliyalik futbolchi uchun 10 million yevro (taxminan £8.6m) to‘ladi. 26 yoshli Vieira so‘nggi ikki mavsumni ijarada o‘tkazdi: avval 2024-25 yilgi kampaniyada eski jamoasi “Porto”ga qaytdi, keyingi mavsum esa aynan “Hamburg” safida o‘ynadi. Endi esa vaqtinchalik kelishuv o‘rnini aniq va uzoq muddatli qaror egalladi.
Katta umid bilan boshlangan London sarguzashti
Vieira 2022 yilda “Porto”dan “Arsenal”ga qo‘shilgandi. Texnikasi nozik, paslari o‘tkir, standart vaziyatlarda xavfli yarim himoyachi sifatida Mikel Arteta tizimiga yangi o‘lcham qo‘shilishi kutilgan edi.
U shimoliy Londonda 49 ta o‘yin o‘tkazdi. Ba’zan yorqin epizodlar, ba’zan esa jarohatlar va raqobat fonida yo‘qolib qolgan mavsumlar. “Arsenal”ning chuqur va sifatli tarkibi ichida doimiy asosiy tarkib o‘rnini egallash unga nasib etmadi.
Natijada klub rahbariyati yozgi bozor oldidan tarkibni “tozalash” rejasi doirasida Viera’ni sotiladigan futbolchilar ro‘yxatiga kiritdi. U bilan bir qatorda hujumchilar Gabriel Jesus va Gabriel Martinelli ham klubni doimiy asosda tark etishi kutilayotgan nomlar qatorida turibdi. Shimoliy Londonda bu yoz tinch o‘tmasligi aniq.
Hamburgdagi sinov – endi to‘liq restart
Vieira uchun “Hamburg” allaqachon begona joy emas. O‘tgan mavsum ijarada bo‘lib, yangi liga, yangi ritm, boshqa talablar bilan tanishib oldi. Endi esa u bu jamoaga ijarachi emas, asosiy loyiha futbolchisi sifatida qaytmoqda.
Bundesliga texnik, hujumkor yarim himoyachilarni qadrlaydigan chempionat. “Hamburg” esa ijodkor o‘yinchilar atrofida jamoa qurishga urinayotgan klub. Demak, Vieira nihoyat o‘zini to‘liq namoyon qilish uchun muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhitga tushdi.
“Arsenal” uchun bu transfer – balans va tarkib muvozanati masalasi. “Hamburg” uchun esa – o‘tgan mavsum o‘zini ko‘rsatgan futbolchini qo‘ldan chiqarmaslik, uni klub loyihasining markaziy bo‘lagiga aylantirish imkoniyati.
Nwaneri – Dortmund sari
Shimoliy Londonda esa navbat endi yoshlar avlodiga kelmoqda. Akademiya tarbiyalanuvchisi Ethan Nwaneri “Borussia Dortmund”ga ijaraga berilish arafasida.
Bu yo‘l tanish. Dortmund yosh iste’dodlarni katta sahnaga olib chiqishda Yevropada eng samarali maydonlardan biri bo‘lib qolmoqda. “Arsenal” esa Nwaneri’ga yuqori darajadagi o‘yin amaliyoti berish orqali kelajakdagi asosiy tarkib o‘yinchisini pishitmoqchi.
Vieira ketdi. Jesus va Martinelli kelajagi ham savol ostida. Nwaneri esa Germaniya sari yo‘l olmoqda. Savol bitta: bu qayta qurilayotgan “Arsenal” kelasi mavsumda yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilish uchun yetarlicha jasorat va resurs topa oladimi?






