UZB SPort

JJ Gabriel: PSG va Real Madrid bilan transfer kurashi

Manchester United akademiyasining eng yorqin iste’dodlaridan biri bo‘lgan JJ Gabriel kelajagini “Old Trafford”dan uzoqda tasavvur qilayotgani klubni larzaga soldi. Endi esa sahnaga yangi kuchli da’vogar chiqdi: Paris Saint‑Germain.

15 yoshli hujumchi, muxlislar orasida “Little Messi” laqabini allaqachon olib ulgurgan, yaqinda “qizil iblislar” tarixiga kirgan edi. U yozda Stokholmda Atletico Madridga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, Manchester United libosini rasmiy bo‘lmagan o‘yinda kiygan eng yosh futbolchiga aylandi. Yaqinda esa UEFA Youth League doirasida Ozarbayjonning Sabah jamoasiga uchta gol urib, o‘z nomini yana bir bor yirik harflar bilan yozdirib qo‘ydi.

Shu fon ortida transfer so‘rovi kelib tushdi. Kutilmaganda. Klub ichida aynan shunga “portlash” sifatida qaralmoqda.

United shokda, lekin taslim bo‘lmayapti

Manchester United bu iste’dodni qo‘ldan boy berishni istamaydi. Klub rahbariyati Gabrielni qolishga ko‘ndirish uchun barcha vositalarni ishga solmoqda. Xabarlarga ko‘ra, egasi Sir Jim Ratcliffe vaziyatdan xabardor qilingan, butun tizim bir yoqqa safarbar: yigitni fikridan qaytarish.

Gabriel amaldagi shartnomasini bekor qilishni so‘rash huquqiga ega, biroq bu faqat o‘zaro kelishuv asosida amalga oshishi mumkin. Hozircha shartnoma yana bir yil amal qiladi, bu esa Manchester Unitedga oz bo‘lsa-da nafas olish imkonini beradi.

Ammo vaqt ularning foydasiga ishlamayapti.

16 yosh – burilish nuqtasi

Gabriel 6‑oktabr kuni 16 yoshga to‘ladi. Aynan shu sana atrofida eng muhim o‘zgarishlar yuz berishi mumkin.

Ingliz tilidagi manbalarga ko‘ra, Britaniya qonunchiligi 16 yoshli futbolchiga agar u Irlandiya yoki Kipr fuqaroligiga ega bo‘lsa, mamlakatni tark etib, boshqa liga bilan shartnoma imzolash imkonini beradi. Boshqa holatda esa 18 yoshgacha kutishga majbur.

Bu yerda esa hikoya yanada qiziq tus oladi. Gabrielning otasi Irlandiya terma jamoasi sobiq futbolchisi, onasi esa kiprlik ildizlarga ega. Demak, oilaning bu yil ichida o‘zlariga ma’qul qaror chiqarish uchun qonuniy imkoniyati bor. Shuning uchun ham yigit atrofidagi shov‑shuv bejiz emas: Yevropaning yirik klublari vaziyatni diqqat bilan kuzatib, uning Manchester Uniteddagi norozi kayfiyatining sabablarini o‘rganmoqda.

Yevropa gigantlari saf tortdi

Ingliz matbuotiga ko‘ra, Chelsea, Bayern Munich, Real Madrid va Barcelona allaqachon Gabrielni kuzatuvga olgan. Biroq The Athletic nashri Paris Saint‑Germain ayni damda eng faol harakat qilayotgan klub ekanini ta’kidlaydi.

Parij klubi so‘nggi yillarda strategiyasini aynan shunday yosh, portlashga tayyor iste’dodlarni jalb qilishga qurdi. Akademiya va yoshlar loyihasi atrofida katta reja bor, JJ Gabriel esa bu rejaning markazida bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, mish‑mishlar boshqa manzarani ham chizadi: Real Madrid bu transfer poygasida oldinga chiqib olgan, degan gaplar bor.

Madridning rejasi: avval Castilla

Madrid klubi ichkarisidan kelayotgan xabarlarda JJ Gabrielni dastlab Castilla safida ko‘rish istagi borligi aytilmoqda. Bu – Real Madrid yosh iste’dodlar bilan ishlashda odatlangan yo‘l: avval ikkinchi jamoa, keyin esa asosiy sahnaga chiqish uchun tayyorgarlik.

Yosh ingliz futbolchisining o‘zi ham ushbu g‘oyaga ochiq ekani aytilmoqda. Madrid, “Bernabeu” va Castilla orqali yuqoriga ko‘tarilish yo‘li – ko‘plab futbolchilar orzu qiladigan ssenariy.

Shu paytda esa Manchester United o‘z akademiyasining eng qimmat durdonalaridan birini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Parij va Madrid esa navbatda turibdi.

Savol esa bitta: “Little Messi” qaysi shaharning chiroqlari ostida katta futbolga qadam qo‘yadi?