Katta ekranlardan katta sahnaga: Thea Frodinning Serena izidan yurishi
Katta ekranlardan katta sahnaga: Thea Frodinning Serena izidan yurishi
Beshta yil avval Thea Frodin tennis kortida emas, kino maydonida e’tibor markazida edi. U hali 12 yoshda edi, ammo allaqachon butun bolaligi davomida sig‘ingan afsonasiga – Serena Williamsga o‘xshash harakat qilishi, uning zarbalarini, yurish-turishini, hatto tana tilini takrorlashi kerak bo‘lgan.
Oscar mukofotiga nomzod bo‘lgan “King Richard” filmida Serena bolalikdagi sahnalari uchun tennis o‘ynaydigan dubl sifatida aynan Frodin tanlandi. U Will Smith bilan birga ishladi, Smith esa Serena va Venusning otasi Richard Williams obrazini gavdalantirardi. Bolaligidan ideal deb bilgan insoni rolini ijro etish imkoniyati – yosh amerikalik uchun tasavvurga sig‘mas tajriba edi.
“Umrim bo‘yi havas qilgan insonim rolini o‘ynashim juda ham o‘zgacha edi, – deya eslaydi Frodin WTA saytiga bergan intervyusida. – Men uchun bu sharaf edi. Tennischilikni endi boshlaganimda eng ko‘p havas qilgan o‘yinchilarimdan biri aynan u bo‘lgan. U menga juda katta ilhom manbai.”
Endi esa sahna almashdi. Kino maydoni o‘rnini “US Open”ning asosiy kortlari egallamoqda. Frodin o‘z uyidagi “Grand Slam” musobaqasida asosiy to‘rda yakka bahslar bo‘yicha debyut qiladi. Shu turnirda Serena va Venus yana birga juftlikda kortga qaytadi – ramziy bog‘lanish yanada kuchliroq seziladi.
Bu debyut tasodifiy raqib bilan emas, eng yuqori darajadagi sinov bilan boshlanadi. Qur’a uni jahon reytingida ikkinchi o‘rindagi, ikki karra “katta dubulg‘a” g‘olibi va amaldagi “Australian Open” chempioni Elena Rybakina bilan to‘qnash keltirdi. 580-o‘rindagi o‘smir uchun bundan kattaroq sinov bo‘lishi qiyin.
“Imkon qadar hozirgi lahzada qolishga harakat qilyapman, – deydi Frodin. – Bu men uchun ulkan imkoniyat: lahzadan zavqlanish, o‘zimni sinab ko‘rish, nimalarga qodirligimni ko‘rish. Atmosfera, tomoshabinlarning shovqini – o‘zimni aynan shunday muhitda yaxshi his qilaman.”
Kino olamidagi olti oy
“King Richard” suratga olinayotgan paytda Frodin bir necha oy davomida haftasiga bir necha kun maydonda bo‘ldi. Sovuq, yomg‘irli kunlar, ko‘p marotaba takrorlanadigan epizodlar, yorug‘lik va kameralar – bularning bari uning o‘sha davrdagi kundalik hayotiga aylandi. Will Smith har gal maydonga issiq suv olib kelib, sovuqda uni isitishga harakat qilgani esa yosh tennischi xotirasida alohida iliq iz qoldirgan.
U faqat Serena harakatlarini tasvirlab berayotgan aktyor emasdi, balki yonida turgan, zarbalarini ko‘rsatayotgan, o‘rgatayotgan, Serena bo‘lishga urinayotgan qizcha edi. Shu qadar ko‘p marta takrorlangan harakatlar oxir-oqibat uning o‘z o‘yiniga ham o‘tib ketdi.
“Suratga olish ishlari tugagach, Serena zarbalariga o‘rganib qolgan edim, – deydi Frodin “US Open” saytiga. – Murabbiylarim biroz hafsalasi pir bo‘ldi, chunki tabiiy ravishda Serena kabi urishni boshlagandim. Serena bekhendi menga yopishib qoldi, lekin imkon qadar o‘zimning uslubimga qaytishga harakat qildim.”
Murabbiylarining noroziligi bejiz emasdi. Serena uslubi – kuchli, agressiv, ammo uni ko‘chirib bo‘lmaydi. Har bir yulduzning o‘z imzosi bor. Frodin endi o‘sha ta’sirni o‘ziga singdirib, lekin o‘z yo‘lini topishi kerak edi.
Katta sahnaga tayyorlik
Bugun u o‘sha tajribaga boshqa ko‘z bilan qaraydi. Kino orqali u faqat mashhur filmning bir bo‘lagi bo‘lib qolmadi, balki o‘z orzusi qanday ko‘rinishini yaqqol tasavvur qildi. Tribunalar, bosim, katta nomlar, katta kutishlar – bularning bari u uchun allaqachon tanish manzara.
Endi esa hammasi haqiqiy. Kamera ortidagi “Stop!” degan ovoz yo‘q, qayta dubllar yo‘q. “US Open” kortida faqat to‘p, raketka, raqib va tablodagi hisob qoladi. Rybakinaga qarshi o‘yin – natijadan qat’i nazar – uning karerasida burilish nuqtasi bo‘lishi aniq.
Bir paytlar Serena rolini o‘ynagan qiz endi Serena izidan yurishga urinmoqda. Savol bitta: kino sahnasida boshlangan bu hikoya haqiqiy tennis sahnasida qanchalik uzoqqa cho‘ziladi?






