Konor Makgregorning oktagonga qaytishi: Max Hollowayga qarshi jang
Besh yillik tanaffusdan so‘ng Konor Makgregor yakshanba kuni oktagonga qadam qo‘yadi. Raqib – Max Holloway. Joy – Las Vegas, UFC 329. Bu kecha ko‘pchilik muxlislar uchun bir vaqtning o‘zida ham sog‘inch, ham ichni tirnaydigan ikkilanish bo‘ladi.
Bir tomonda – aralash yakkakurash tarixidagi eng katta yulduzning qaytishi. Sport ommalashuvining portlashi, UFC’ning global sahnaga chiqishi, rekordlar, shoular – bularning markazida aynan Makgregor turgan edi. U UFC tarixida bir vaqtning o‘zida ikki vazn toifasida chempionlik kamarini taqqan ilk jangchi bo‘ldi, uning dag‘al, ammo topqir tili, o‘tkir intervyulari MMA’ni ilgari hech kim qilolmagan darajada ommaga olib chiqqan edi.
Ammo bu hikoya faqat g‘alabalar va chempionlik kamarlaridan iborat emas.
Oktagondan tashqaridagi zulmat
Makgregorning sportdagi merosi yillar davomida mojarolar bilan yemirildi. Dublindagi mehmonxonada ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilgani haqidagi fuqarolik ishi, sud jarayonlari, keyinchalik apellyatsiyada ham yutqazishi – bularning bari uning nomi atrofidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.
Nikita Hand 2024 yil noyabrida fuqarolik sudida Makgregorga qarshi da’vosini yutdi. Hay’at Makgregor 2018 yil dekabrida Dublindagi mehmonxonada uni jinsiy zo‘ravonlik bilan tahqirlagan, degan xulosaga keldi va unga 206 ming funt sterling hamda qo‘shimcha tovon puli to‘lashni buyurdi. 2025 yil iyulida Makgregor fuqarolik sudidagi hay’at qaroridan apellyatsiyada ham yutqazdi. Oradan bir oy o‘tib, Hand Makgregor va yana ikki shaxsga nisbatan sud jarayonlarini ataylab suiiste’mol qilganlik bo‘yicha navbatdagi da’vo kiritish niyatini e’lon qildi.
Makgregor esa hanuz o‘zini oqlashga urinmoqda. U Hand va uning yuristlarini yolg‘onchilikda ayblashda davom etmoqda, Hand esa sud jarayonlari uni “yana-yana travmaga solgani”ni aytgan.
Bu bilan tugamaydi. 2019 yilda u Dublindagi pablardan birida ichimlik taklifini rad etgan erkakni mushtlagani uchun aybdor deb topildi va 1000 yevro jarimaga tortildi. 2024 yilda esa doping qoidalarini buzganlik uchun 18 oylik diskvalifikatsiyani qabul qildi – bir yil ichida uchta doping tekshiruvini o‘tkazib yuborgani qayd etildi. Diskvalifikatsiya uchinchi o‘tkazib yuborilgan test sanasi – 2024 yil sentyabridan orqaga sanalib, joriy yil martida yakunlandi.
Shu paytgacha Combat Sports Anti-Doping (CSAD) tomonidan u 2025 yilda 14 marta tekshirildi – bu UFC ro‘yxatidagi istalgan jangchidan ko‘proq.
Irlandiyada ham unga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Bir paytlar “yo‘l ochgan qahramon” sifatida ko‘rilgan Makgregorga bo‘lgan ichki qo‘llab-quvvatlash so‘nggi yillarda sezilarli ravishda pasaygani aytilmoqda. O‘tgan yil mart oyida u mamlakat immigratsiya siyosatini keskin tanqid qilganidan so‘ng irland siyosiy yetakchilari ochiqchasiga “u Irlandiya nomidan gapirmaydi” deb chiqish qildi. Sentyabrga kelib esa Makgregor o‘zining prezidentlikka nomzod bo‘lishga urinishi kampaniyasini to‘xtatdi.
U esa bu borada ham yon bermadi: “Men hech kimning mehrini qayta yutib olish uchun bu yerda emasman, men mamlakatimni himoya qilish uchunman. Irlandiyada bo‘layotgani G‘arbning eng qayg‘uli hikoyasi”, – dedi u shu hafta matbuot anjumanida.
Chempionning qulash va qaytish yo‘li
Sport maydonida esa Makgregorning yo‘li yanada keskin burilishlar bilan to‘lgan. U UFC’dagi ilk besh jangini ketma-ket yutib, shov-shuvli tarzda ko‘tarildi. 2015 yilda Chad Mendes ustidan g‘alaba qozonib, vaqtinchalik kamarga ega bo‘ldi. Oradan besh oy o‘tib, Jose Aldoni atigi 13 soniyada nokautga uchratib, UFC chempionlik janglari tarixidagi eng tezkor yakunni qayd etdi.
2016 yilda ikki vaznda bir paytning o‘zida chempion bo‘lish – bu uning karerasidagi cho‘qqi edi. Keyin esa butun dunyoni larzaga keltirgan Floyd Mayweather bilan boks jangi, rekord daromad, global shou. 2018 yilda Khabib Nurmagomedovga qarshi UFC tarixidagi eng ko‘p sotilgan pay-per-view kechasi va og‘ir mag‘lubiyat.
Shundan beri esa faqat bitta g‘alaba. 2020 yilda Donald Cerrone ustidan erishilgan g‘alaba – so‘nggi to‘qqiz yildagi yagona muvaffaqiyati bo‘lib qolmoqda.
2021 yilda Dustin Poirier bilan jangda oyog‘ini og‘ir sindirib olgani esa karerasini butunlay yakunlaydi, degan xavotni tug‘dirgan edi. Endi esa 37 yoshida u o‘sha jarohatdan to‘liq tiklanib, T-Mobile Arena’da Max Hollowayga qarshi oktagonga qaytmoqda.
UFC 329: yulduzning so‘nggi bo‘limimi?
UFC International Fight Week doirasidagi bosh jangga Makgregorni qo‘yish – Dana White va promoushen uchun hamon uning nomi qanchalik qimmatligini ochiq ko‘rsatib turibdi. Ammo savol boshqa: u bunga hanuz munosibmi?
Holloway – UFC tarixidagi eng sara jangchilardan biri sifatida tilga olinadi. Uning rezyumesi, faoliyati, barqarorligi fonida uzoq tanaffus, jarohatdan keyingi tiklanish va yillar davomida oktagonda faol bo‘lmagan Makgregor juda katta savollar ostida qoladi. Ko‘pchalik uni o‘sha eski, o‘tkir, tez va shafqatsiz jangchining xira soyasi sifatida ko‘rishidan cho‘chimoqda.
Makgregor esa tanqidlarni o‘ziga yaqin yo‘latmaydi. Bu ham o‘zgarmagan.
“Men shubhani mehnat bilan yengdim”, – dedi u. – “Agar mehnat qilmasangiz, shubha o‘sadi. Men esa ishni qilaman. Bu jang uchun tayyorgarligimiz juda mayda-chuydasigacha puxta bo‘ldi”.
Uning so‘zlari ishonch bilan aytilgan. Ammo oktagon eshiklari yopilganda faqat bitta narsa gapiradi – natija.
Meros uchun jang
Makgregor nafaqat Hollowayga, balki o‘z o‘tmishiga, sud qarorlariga, siyosiy bayonotlariga, jamiyatdagi obro‘siga qarshi ham maydonga tushayotgandek. UFC 329 kechasi uning sportdagi merosiga yakuniy hukm chiqaradigan lahza bo‘lishi mumkin emas, lekin yo‘nalishni keskin o‘zgartirib yuborishi aniq.
U yulduzlik shon-shuhratini yana bir bor sportdagi g‘alaba bilan mustahkamlaydimi? Yoki bu safar oktagondagi natija ham, tashqaridagi mojarolar kabi, uni yana-da chuqurroq bo‘linishga olib keladimi?
Javobni Las Vegas tuni beradi.







