UZB SPort

Malayziya Formula 1 Gran-prisini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Malayziya hukumati Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida Formula 1 taqvimida bo‘shab qolishi mumkin bo‘lgan sanani to‘sib turish uchun so‘nggi daqiqada Gran-pri o‘tkazish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Siyosiy inqiroz kuchaygan sari, sport ham o‘z yo‘lini qayta chizishga majbur bo‘lyapti.

Bahrayn rejasining qulashi arafasida

AQSh–Isroil va Eron o‘rtasidagi urush tufayli mavsum boshidagi Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi bosqichlar bekor bo‘lgandi. O‘tgan oygi sulh umid uyg‘otgan, Boku va Singapur o‘rtasidagi bir haftalik tanaffusdan foydalanib, oktyabrning birinchi haftasida Bahrayn Gran-prisini qayta tiklash rejasi paydo bo‘lgandi.

Ammo mintaqadagi jangovar harakatlar yana kuchaydi. Vaziyat yanada keskinlashar ekan, Bahrayn variantidan voz kechish masalasi endi kunlar masalasiga aylanib bormoqda.

Shu fon’da Malayziya sahnaga chiqdi. Singapurga geografik yaqinligi, infratuzilmasi va tajribasi bilan oktyabr oyning bo‘sh oynasiga eng mantiqli nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

Sepang – eski tanish, yangi imkoniyat

Yoshlar va sport vaziri doktor Mohammed Taufiq Johari juma kungi bayonotida hukumatga “Bahrayn Gran-prisiga o‘rinbosar sifatida Sepang International Circuitda Formula 1 poygasini o‘tkazish imkoniyati bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar kelib tushgani”ni ma’lum qildi.

“Yoshlar va sport vazirligi taklifni faol muhokama qilmoqda va baholamoqda”, – deyiladi bayonot yakunida.

Sepang hozirda yirik xalqaro musobaqalar ichida MotoGP bosqichini qabul qiladi. Ammo Formula 1 – boshqa daraja. 2017 yildan beri bu yerda F1 mashinalari start chizig‘iga saf tortgani yo‘q. Shundan beri infratuzilma yangilanib turgan bo‘lsa-da, F1’ni qayta qabul qilish uchun tashkiliy va texnik ishlar ancha keng ko‘lamda olib borilishi kerak bo‘ladi.

Gap hozircha rasmiy taklif haqida emas. Ma’lum bo‘lishicha, F1 rahbariyati Malayziya tomoni va Kuala-Lumpur yaqinidagi Sepang trassasiga Gran-pri o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan logistika va talablar ro‘yxatini yetkazgan xolos. Endi so‘z Malayziya ichki baholash komissiyasi qo‘lida: ular qancha tez va qay darajada tayyor bo‘la olishini aniq ko‘rsatib berishi kerak.

Agar hisobot ijobiy bo‘lsa, Sepang qisqa muddatda ham taqvimga qaytishi mumkin bo‘lgan real variantga aylanadi. Aks holda, Boku va Singapur oralig‘idagi bo‘shliq umuman to‘lmasligi ehtimoli ham bor.

Oxirgi bosqichlar uchun ham “B rejalar”

Mavsum oxiri ham xavfsiz emas. F1 rahbariyati Qatar va Abu Dhabi bilan yakunlanadigan an’anaviy dublning ham tahdid ostida qolishi ehtimolini hisobga olib, zaxira variantlarni tayyorlab qo‘ygan.

Bu yerda Portimao nomi yana kun tartibiga chiqadi. Portugaliyadagi ushbu trassa zarurat tug‘ilsa, mavsum yakunini qabul qilish uchun chaqirilishi mumkin. Bu ayni paytda 2027 yilda taqvimga rasman qaytishi kutilayotgan Portimao uchun amaliy “sinov haydovi” bo‘lib xizmat qiladi.

F1 rahbariyati shoshmayapti. Ularning fikricha, 2026 yil taqvimi yakuniy shaklini olishidan avval hali vaqt bor. F1 prezidenti va bosh direktori Stefano Domenicali bu borada aniq muddat ham belgilab qo‘ygan: qaror sentabr o‘rtalarigacha qabul qilinishi kerak.

“Yaxshi tashkilotchi yoki promouterning vazifasi – har qanday holatga tayyor bo‘ladigan rejalar ishlab chiqishdir”, – degan u shu oy boshida Sky’ga bergan intervyusida. – “Yil oxiriga kelib biz uchun hammasi tayyor bo‘lishi kerak va qaror sentabr o‘rtalarigacha qabul qilinadi”.

Savol: Sepang yana shovqin ko‘taradimi?

Shunday qilib, hozir pallada ikki asosiy sahna ko‘rinib turibdi: Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab bo‘shab qolishi mumkin bo‘lgan taqvim va bu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyor turgan Sepang.

Bir tomonda – siyosiy beqarorlik, xavfsizlik masalalari, logistika bosimi. Ikkinchi tomonda – 2017 yildan beri Formula 1’ni sog‘ingan mamlakat, MotoGP orqali o‘zini isbotlab kelayotgan trassa va xalqaro avtosport xaritasiga yana qaytishni istayotgan mezbonlar.

Endi asosiy savol shuki: Malayziya bu chaqiriqqa javob beradimi yoki 2026 yil kuzida F1 taqvimi ilk bor sezilarli bo‘shliq bilan yashashga majbur bo‘ladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling