Olwethu Makhanya: Yoxannesburgdan Old Firm sahnasigacha
Rangers himoyachisi Olwethu Makhanya bugun o‘zini ishonchli, xotirjam markaziy himoyachi sifatida ko‘rsatmoqda. Derek McInnes jamoasining yozdagi transferi qisqa fursatda tizimga singib ketdi, to‘rt o‘yindan iborat g‘alabali seriya, atigi bitta o‘tkazib yuborilgan gol – bularning barchasida uning hissasi bor.
Ammo bu nuqtaga kelguncha u futbolni deyarli tark etish darajasiga yetgan edi.
Onaning bir jumlasi o‘zgargan taqdir
Makhanya 16 yoshida uyini tark etdi. Maqsad aniq edi: kattaroq shaharga borish, klub topish, professional futbolchi bo‘lish. U Yoxannesburgga yo‘l oldi, lekin dastlabki oylar reja bo‘yicha ketmadi.
Sinovlar, rad etilishlar, noaniqlik. Bir kuni u charchadi.
“O‘shanda bir kuni onamga qo‘ng‘iroq qildim, unga: ‘Shunchaki uyga qaytmoqchiman, balki o‘qishga e’tibor qaratarman, ehtimol futbol men uchun emasdir’, dedim,” deya eslaydi u.
Javob qisqa bo‘lgan, lekin keskin burilish yasagan.
“U menga: ‘Bu yerdan ketayotganingda menga futbol o‘ynashga ketyapman, deganding, men sendan aynan shuni xohlayman’, dedi. Shundan keyin davom etishim, oxirigacha borishim kerakligini tushundim.”
Ona so‘zi uning yo‘lini o‘zgartirdi. Makhanya orqaga qaytmadi, oxir-oqibat Stellenbosch bilan shartnoma imzoladi, keyin esa yo‘l uni Philadelphia Union orqali Glazgo sari boshlab bordi.
Bugun u 22 yoshda va Rangers himoyasining markazida o‘zini juda ishonchli his qilmoqda.
McInnes himoyasidagi yangi ustun
Yozda kelganidan beri Makhanya Derek McInnes tizimiga tez moslashdi. To‘rt o‘yindan iborat liga seriyasida Rangers faqat bitta gol o‘tkazdi – bu raqamlar himoya chizig‘ining qay darajada tartibli ishlayotganini ko‘rsatadi.
Makhanya bu borada jamoaning ruhiy tayyorgarligini alohida ta’kidlaydi. So‘nggi haftadagi St Mirren ustidan kechki daqiqalarda kelgan g‘alaba ham bejiz emasdi.
“Bu o‘yin guruhning ruhiy jihatdan qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman,” deydi u. “Bu yigitlarning xarakteri va mentalitetidan dalolat. Birga bo‘lishimiz juda muhim. Biz maydondan tashqarida ham aynan shu jipslik ustida ishlayapmiz.”
Uning so‘zlarida ortiqcha patetika yo‘q, lekin ohangida ishonch bor. Jamoa ichidagi raqobat, bosim, natija talabi – bularning barchasi uni cho‘ktirishi ham mumkin edi. Ammo u bu bosimni o‘z foydasiga ishlatayotgandek.
Endi esa navbat mutlaqo boshqa darajadagi sinovga kelgan.
Old Firm oldidan hayajon va mas’uliyat
Yakshanba kuni League Cup chorak finalida Celtic mehmon bo‘lib keladi. Old Firm – bu nafaqat kubok bosqichi, bu butun shaharning tomirini tezlatadigan to‘qnashuv. Makhanya uchun esa – kariyerasidagi eng yirik sahna.
“Bunday kattalikdagi o‘yinda hali o‘ynamaganman,” deydi u ochiqchasiga.
Shu bilan birga, qo‘rquv emas, hayajon ustun.
“Hammaning bu uchrashuv klub, muxlislar va barcha uchun nimani anglatishini tushunib turganini bilaman. Juda hayajondaman va sabrsizlik bilan kutyapman. Bu o‘yin juda ehtirosli bo‘lishini bilaman. Muxlislardan chinakamiga ‘telba’ atmosfera kutyapman.”
Glazgodagi bu kecha uning uchun sinov bo‘lishi aniq. Old Firm sahnasi xatoni kechirmaydi, ayniqsa markaziy himoyachi uchun. Bitta noto‘g‘ri qaror – va o‘yin butunlay boshqa yo‘nalishga ketishi mumkin.
Makhanya buni yaxshi tushunadi, shu bois e’tiborni shovqin va bosimdan ko‘ra vazifaga qaratmoqda.
“Biz shunchaki ishimizni qilishimiz va natija keltirishimiz kerak, chunki muxlislar bizning orqamzda bo‘lishini bilamiz. Ulardan ruhlanamiz va shu bilan birga, bu ishni ular uchun ham qilayotganimizni unutmaymiz. Ular bizga juda katta yordam beradi.”
Bu so‘zlar havoda qolmayapti: Rangersning so‘nggi haftalardagi intizomli o‘yini, oxirigacha kurashish odati, himoyadagi ishonchlilik – bularning barchasi Old Firm arafasida jamoaga qo‘shimcha ishonch berib turibdi.
Makhanya uchun esa bu faqat navbatdagi o‘yin emas. Bu – bir paytlar onasiga “uyga qaytsammi?” deb qo‘ng‘iroq qilgan yigitning, endi esa Glazgoda eng katta sahnaga chiqayotganining ramziy davomidir.
Endi savol bitta: u shu bosqichda ham o‘sha qat’iyatni ko‘rsata oladimi?






