
- muallif:
- Jasur Ahmedov
Qatardagi U-17 mundialida Dylan Tombidesning merosi
Qatarda o‘tayotgan Fifa U-17 jahon chempionati maydonlarida bu safar faqat taktika, pressing va gollar haqida gap ketmayapti. Turnir kulislarida bir yigitning qisqa, ammo ta’sirli hayot yo‘li butun bir avlod futbolchilariga saboq bo‘lib turibdi. Bu — sobiq West Ham United hujumchisi, Avstraliya yoshlar terma jamoasi sobiq futbolchisi Dylan Tombides hikoyasi.
Oradan 15 yil o‘tdi. U 17 yoshli iste’dod sifatida Fifa U-17 jahon chempionatida qatnashganidan ko‘p o‘tmay saraton tashxisini eshitgan edi. 2014 yilda, atigi 20 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ammo u ketganidan keyin boshlangan ish bugun Qatar maydonlarida davom etmoqda.
DT38 – bir oilaning og‘rig‘idan tug‘ilgan harakat
Dylan vafotidan so‘ng onasi Tracey Lee va ukasi Taylor Tombides uning nomini shunchaki xotira sifatida emas, hayotni saqlab qoluvchi ogohlantirish sifatida yashatishni tanladi. Shunday qilib DT38 Foundation paydo bo‘ldi.
Endi ular Fifa bilan hamkorlikda ishlamoqda. Maqsad aniq: 15–44 yoshdagi erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan xastalik — moyak saratoni haqida xabardorlikni oshirish, Dylanning hikoyasi orqali futbolchilarni hushyorlikka chaqirish.
Dylan West Ham safida atigi bir marta asosiy tarkibda maydonga tushishga ulgurgan. Ammo uning nomi bugun dunyoning 48 ta yosh terma jamoasi, 1 200 nafar futbolchi ishtirok etayotgan turnirda qayta-qayta tilga olinmoqda.
Tracey Lee buni qisqa, ammo juda aniq ifodalaydi: Fifa bilan bog‘lanish ular uchun “cho‘qqi”. Ular uchun bu nafaqat obro‘, balki dardni yengishga yordam beradigan ma’no ham: ular biladi — bu ish kimningdir hayotini saqlab qolmoqda.
Ular olgan xabarlar buni tasdiqlaydi. Kimdir yozadi: Dylan hikoyasini eslab, o‘zidagi g‘alati o‘zgarishni e’tiborsiz qoldirmaganini, shifokorga vaqtida borgani, moyak saratoni aniqlangani, hozir sog‘lom ekanini va aynan Dylan hayotini saqlab qolganini aytadi. Bir oilaning fojiasi boshqalar uchun najotga aylanmoqda.
Darslar, kulgi va birdan jiddiylashgan yuzlar
Turnirdagi har bir terma jamoa — istisnosiz — DT38 Foundation va Fifa tibbiyot bo‘limi tayyorlagan maxsus taqdimotni ko‘rdi. Moyak saratoni alomatlari, o‘zini-o‘zi tekshirish zarurati, erta tashxisning ahamiyati — mavzu ochiq, bevosita va noqulay savollardan qochmasdan tushuntirilmoqda.
Dastlabki daqiqalarda zaldan kulgi, hazil-huzul eshitildi. Ayniqsa, yigitlar jamoa ichida, do‘stlari yonida “shaxsiy” mavzular tilga olinganda. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Hikoya chuqurlashgani sayin kayfiyat ham o‘zgardi.
Fifa tibbiy direktori Dr Andrew Massey ta’kidlaydi: bu xabar 48 ta jamoaning barchasiga yetib bordi. Gap faqat statistikada emas — 1 200 nafar futbolchi bu darsni eshitdi. Eng katta ta’sirni esa, albatta, onaning o‘zi aytib bergan voqealar qildi.
Bir noto‘g‘ri tashxis, uch yil davom etgan kurash
Tracey Lee o‘sha og‘ir davrni eslab beradi. Dylan 2011 yilda o‘zini yomon his qilganida klub shifokorlariga emas, oddiy mahalliy shifokorga bordi. Sababi sodda va futbolga xos: West Ham o‘sha paytda tushib ketish xavfi bilan kurashayotgan edi, u esa shifokorlarning e’tiborini “ortiqcha muammo” bilan bo‘lishni istamadi. Jamoa birinchi o‘rinda turardi.
Mahalliy shifokor esa yigitni tinchlantirdi: “Bu shunchaki kista, odamlar bunday narsa bilan butun umr yashaydi”, dedi. Dylan mavsumni yakunladi, West Ham bilan o‘ynadi, so‘ng Avstraliyaga uchib, u yerdagi jamoadoshlari bilan mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Keyin esa terma jamoa bilan Meksikoga yo‘l oldi.
Hamma narsa aynan o‘sha yerda o‘zgardi. Meksikoda o‘tkazilgan tasodifiy doping nazoratida uning namunasi “musbat” chiqdi. Biroq bu taqiqlangan modda emas, o‘sma borligidan darak edi. Shundan keyingina to‘g‘ri tashxis qo‘yildi: moyak saratoni.
Oldinda og‘ir yo‘l turardi. Bir moyakni olib tashlash bo‘yicha operatsiya, undan keyin uch yil davom etgan shafqatsiz kimyoterapiya. Har safar yangi umid, har safar yangi zarba.
Tracey o‘sha lahzalarni unutmaydi. U o‘g‘li bilan o‘tirganini, shifokorlar navbatdagi davolash usuli faqat 10 foiz holatda samara berishini aytganini eslaydi. Foizlar quruq raqam bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin o‘sha palatada ular taqdir ma’nosini olgan edi. Qolganini esa butun futbol olami biladi.
Yig‘ilar, kechirimlar va jim qolgan zal
Qatardagi taqdimotlarda aynan shu hikoya aytiladi. Statistikadan ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladigan — onaning ovozidagi titroq, faktlarning shafqatsiz soddaligi va yo‘qotish og‘rig‘i.
Yosh futbolchilar bunga befarq qaray olmayapti. Yamayka yoshlar terma jamoasi a’zolari Traceyga yaqinlashib, uning yo‘qotishi uchun chin dildan hamdardlik bildirgan. Fransiya terma jamoasi bilan uchrashuv esa quchoqlashlar va qo‘l siqishlar bilan yakunlangan.
Dastlab kulgan yigitlar, so‘ng sukut saqlagan zal. Aynan shu o‘zgarish DT38 Foundation va Fifa hamkorligining asl maqsadini ko‘rsatib turibdi: futbolchilarni bir lahzaga bo‘lsa-da, o‘z kelajagi haqida o‘ylashga majbur qilish.
Qatardagi bu mundial g‘oliblar, eng yaxshi to‘puror va yangi yulduzlar bilan esda qoladi. Ammo yana bir savol ham havoda osilib turibdi: bugun Dylan Tombides hikoyasini eshitgan nechta yigit ertaga o‘z vaqtida shifokorga boradi va shu orqali o‘z taqdirini o‘zgartiradi?