Serena qaytmoqda: Wimbledon’da yangi sahna
London yozida ko‘kalamzor kortlar yana bir bor tarixni kutmoqda. Bu safar markaziy sahnaga yana tanish ism qaytadi. Serena Williams. 44 yoshda. Wimbledon’da yakka bahsga deyarli to‘rt yillik tanaffusdan keyingi ilk o‘yin.
U birinchi davrada 20 yoshli avstraliyalik Maya Joint’ga qarshi kortga chiqadi. Bir avlodga tatigulik farq. Bir tomonda yetti karra chempion, boshqa tomonda esa o‘zini katta sahnada isbotlashni endi boshlayotgan, bosimi yuqori bo‘lgan kortni ilk bor his qiladigan yosh raqib.
“Evolyutsiya”dan qaytish
Serena so‘nggi marta yakka bahsda 2022 yilgi US Open’da Ajla Tomljanovic’ga uchinchi davrada yutqazgan edi. O‘sha payt u “nafaqaga chiqish” so‘zini ishlatishni istamadi, o‘zini “tennisdan evolyutsiyalanib ketayapman”, deb ta’rifladi. 2023 yilda uning ikkinchi qizi dunyoga keldi, karyera esa go‘yo yopilgan bobga o‘xshab qolgandi.
Endi esa u All England Club’ga qaytmoqda. Rasmiylar yakshanba kuni Serena yakka bahsda ham o‘ynashini e’lon qilganida, bu qaytish haqiqiy sur’at oldi. Avval ikki juftlik o‘yinida tanasini sinab ko‘rdi, endi esa to‘liq yuklama va katta sahna navbatda.
Serena Wimbledon’da so‘nggi bor 2022 yilda ko‘ringan, o‘shanda u ochilish bosqichidayoq o‘sha paytda reytingda 115-o‘rinda turgan Harmony Tan’dan mag‘lub bo‘lgandi. Bu mag‘lubiyat uzoq vaqt uning London dagi so‘nggi nuqtasi bo‘lib qoladigandek tuyulgandi. Endi esa bu faqat oraliq pauza bo‘lib chiqdi.
Williamslar yana birga
Bu safar hikoya faqat Serena haqida emas. U “wild-card” orqali nafaqat yakka bahsga, balki juftlik bahslariga ham kiradi. Yonida – o‘tgan haftada 46 yoshni qarshi olgan Venus Williams. Tennis tarixidagi eng mashhur opa-singillardan biri, balki eng mashhuri, yana bir bor birga kortga tushadi.
Bu juftlik uchun Wimbledon – shunchaki turnir emas. Bu ularning izlari yillar davomida saqlanib qolgan, har bir zarbasi, har bir finali xotirada muhrlangan sahna. Endi esa ular boshqa rol bilan qaytishmoqda: afsonalar, lekin hanuz raqobatga tayyor afsonalar sifatida.
Maya Joint uchun esa bu lotereyada tushgan eng katta raqamga o‘xshaydi. Birinchi davrada Serena Williams’ga qarshi o‘ynash – bu nafaqat sinov, balki karyerani belgilab berishi mumkin bo‘lgan tajriba. U raqibning yoshi yoki tanaffusiga emas, isming o‘ziga qaraydi. Bunday o‘yinlar unutilmaydi.
Sinner yetakchi, Djokovic soyada emas
Turnirning umumiy manzarasi ham qiziq. Erkaklar bahsida birinchi raqam ostida Jannik Sinner – amaldagi chempion. All England Club’da bu yil aynan u peshqadam sifatida start oladi. Wimbledon reytinglari ATP va WTA tartibiga ergashadi, shuning uchun bu – uning mavqeini rasman tasdiqlashdir.
Ayollar bahsida esa birinchi raqam – Sabalenka. Serena qaytishi shov-shuv uyg‘otishi aniq, lekin sovrin uchun asosiy favoritlar ro‘yxati allaqachon shakllangan, va bu ro‘yxatga endi yana bir katta ism his-tuyg‘u, tarix va bosim qo‘shadi.
Novak Djokovic esa All England Club’da yetti karra chempion sifatida yana safda. Bu safar u 7-raqamli urug‘langan o‘yinchi. Uning ismi baribir har qanday raqamdan balandroq yangraydi. Sinner yetakchi bo‘lishi mumkin, lekin London osmonida Djokovic soyasi hamon katta.
Ikki karra chempion Carlos Alcaraz esa bu yil yo‘q. Bilagidagi jarohat uni chetga olib chiqdi. U o‘tgan yilgi finalda Sinner’dan yutqazgan, shu sababli bu yilgi yo‘qligi turnir dramatizmini boshqa yo‘sinda oshiradi: favoritlardan biri chetda, yo‘l biroz ochiqroq, lekin xavfliroq ham.
London tayyor. Endi navbat Seranada
Wimbledon dushanba kuni boshlanadi. Ko‘plab savollar bor, lekin bitta manzara allaqachon tasavvurda: markaziy kort, oq libos, past shovqin, va Serena Williams yana bir bor to‘pni xizmatga qo‘yish uchun chiziq ortida.
Bu qaytish romantik xotira bo‘lib qoladimi yoki yana bir bor raqobat olovini yoqadimi? Javobni endi faqat o‘zi va uning raketkasi bera oladi.







