UZB SPort

Serena Williams: Hayot-mamot kurashi va ayollar sog‘lig‘i

Serena Williams Nyu-Yorkdagi Forbes Power Women's Summit 2026 sahnasiga sportdagi yutuqlarini emas, hayotini deyarli olib qo‘ygan lahzalarni olib chiqdi. U 2017-yilda ilk farzandi tug‘ilgandan keyin boshidan kechirgan og‘ir asoratlarni eslar ekan, gap tennisdan ancha yiroqqa – ayollar sog‘lig‘i tizimidagi chuqur muammolarga borib taqaldi.

44 yoshli afsona o‘sha davrni eslab, o‘z hikoyasi qancha ayolga tanish bo‘lib chiqishini tasavvur ham qilmaganini aytadi. U panelda shunday dedi: avvaliga bu ko‘proq ozchilik guruhlari muammosidek tuyulgandi, lekin vaqt o‘tib, bu aslida butun ayollar boshiga tushayotgan dard ekanini anglagan.

Turli qatlamdan chiqqan, turli millat, turli imkoniyatga ega ayollar unga o‘z “tug‘ruq dahshatlari”ni gapirib bergan. Tajribalar bir-biridan farq qilsa-da, umumiy nuqta bitta edi: eshitilmaslik, jiddiy qabul qilinmaslik, kechikkan yordam. Williams buni achchiq kulgi bilan ta’rifladi – agar bolani erkaklar tug‘ayotganida, ular alohida sharoit, eng yaxshi dori-darmonlar bilan ta’minlangan bo‘lardi, muammo bu darajada og‘irlashmagan bo‘lardi, degan kinoyali fikrni aytib o‘tdi.

Serena Williamsning o‘zi ham aynan shunday xavfli chiziq ustida turgan edi. Qizi Alexis Olympia dunyoga kelayotganida u shoshilinch kesarcha kesish amaliyotiga olib kirildi. Tug‘ruqning o‘zi bilan ish bitmadi: keyinroq yuzaga kelgan yo‘tal xuruji chandiqni ochib yubordi va shifokorlar qorin bo‘shlig‘ida katta gematoma – ivigan qon to‘planishini aniqlashdi. Bu esa undan ham xavfli bosqichning boshlanishi edi.

Williams bir necha kunlik og‘ir kurashga tushdi. O‘pkadagi arteriyalarni tromb bilan bekitib qo‘yadigan o‘pka emboliyasi unga bir emas, bir necha jarrohlik amaliyotini boshdan kechirishga majbur qildi. U o‘sha damlarni eslar ekan, eng muhim narsa – o‘z tanasini eshitish va talab qilib bo‘lsa-da, shifokorlarni ogoh qilish bo‘lganini ta’kidladi. Uning holatida shifokor va hamshiralarning diqqat-e’tibori, ayniqsa, shifokorining uni tinglagani hayotini saqlab qoldi.

Shu zarba Serena Williamsni faqat omon qolgan ona emas, balki ayollar sog‘lig‘i bo‘yicha faol himoyachiga aylantirdi. U tug‘ruqdan so‘ng sog‘liqni saqlash, gigiyena, suv va sanitariya bo‘yicha yechimlar ustida ishlayotgan ayollar va kam vakillangan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan Reckitt Catalyst dasturining ilk entrepreneur-in-residence maqomida ish boshladi.

Uning ta’kidlashicha, bu loyihada ishlayotgan ayollar bir narsani juda aniq ko‘rsatib bermoqda: ayollar sog‘lig‘i – jamiyat sog‘lig‘ining markazi. Ko‘pincha bolalar, oila, uy-ro‘zg‘or yukini aynan ayollar ko‘taradi. Demak, ularning sog‘lig‘i izdan chiqsa, butun tizim larzaga keladi.

Williams dastur orqali eng muhim narsaga – aloqalar va imkoniyatlar eshiklarini ochishga urg‘u beradi. Har bir yangi eshik – yangi muammo yechimi, yangi hayot. Uning fikricha, bu jarayon nihoyatida nafaqat zalda o‘tirganlar, balki ularning farzandlari ham yutadi.

23 karra “Grand Slam” chempioni o‘z hikoyasini yillar davomida turli minbarlardan aytib kelmoqda. Maqsad bitta: tug‘ruqdan keyingi asoratlar, oddiy choralar bilan oldini olish mumkin bo‘lgan, lekin e’tiborsizlik tufayli fojia bilan tugaydigan holatlarga e’tibor qaratish.

U 2018-yilda CNN uchun yozgan maqolasida ayollar va onalar hayotini saqlab qolish uchun murakkab texnologiyalar emas, ko‘pincha juda sodda yechimlar – malakali akusherlar, ishlaydigan tibbiyot maskanlari, toza suv, asosiy dori vositalari, emizish, “teri-teriga” aloqa va to‘g‘ri ovqatlanish kifoya qilishini yozgan edi. Muammo – bu imkoniyatlarning hamma uchun teng emasligida va jamiyatning yetarlicha harakat qilmayotganida, deya ogohlantirgandi u.

Bugun u sahnada xuddi o‘sha fikrni davom ettirmoqda, faqat yanada keskinroq ohangda: dunyo bu chaqiriqqa javob berishga, ayollar hayotini himoya qilishga hali ham to‘liq kirishgani yo‘q. U esa o‘z navbatida “birgalikda bu o‘zgarishni amalga oshirishimiz mumkin” degan ishonchni yo‘qotmayapti.

Serena Williams va turmush o‘rtog‘i Alexis Ohanian 2023-yil avgustida ikkinchi qizi – Adira River Ohanianni kutib oldi. Ohanian oilaviy surat ostida uylarida muhabbat, sog‘lom ona va sog‘lom chaqaloq borligini yozib, xotiniga yana bir “beqiyos tuhfa” uchun minnatdorchilik bildirgan edi.

Serena Williams uchun bu endi faqat shaxsiy hikoya emas. U o‘z tanasidan o‘tgan og‘riqni global muhokamaga aylantirdi. Savol esa ochiq qolmoqda: ayollar sog‘lig‘i bo‘yicha bu ogohlantirishlar dunyo sog‘liqni saqlash tizimini qachon uyg‘otadi?