Seriyada rekordlar va tarixiy imkoniyatlar: “Inter”, “Roma”, “Juventus” va boshqalar
Seriyada bu tur nafaqat ochkolar uchun, balki rekordlar, eski komplekslar va yangi sahifalar uchun kurash bo‘ladi. Har bir yirik uchrashuvning o‘z sahnasi, o‘z dramatik chizig‘i bor.
“Inter” – “Napoli”: bitta gol – butun tarix
“Inter” uchun “Napoli”ga qarshi navbatdagi duel oddiy navbatdagi o‘yin emas. Bu raqamlar tilida yoziladigan tarixiy imkon.
Ketma-ket 16 ta o‘yinda “Inter” Seriya A doirasida “Napoli” darvozasini ishg‘ol qilib kelmoqda. Opta ma’lumotiga ko‘ra, hech bir jamoa “Napoli”ga qarshi 17 ta o‘yin davomida uzluksiz gol ura olmagan. Demak, milanliklar uchun bitta golning o‘zi yetarli – va ular bu rekordni mutlaq tarzda o‘z nomiga yozadi.
G‘alaba esa yana bir chiziqni tortadi: “Inter” ochilish uch turida to‘liq ochko jamg‘arishni 2023-2024 mavsumidan beri ilk bor takrorlash imkoniga ega.
Bu sahnaning markazida esa, tabiiyki, Hakan Calhanoglu turibdi. U dastlabki ikki turda ham gol urdi. Agar shanba kuni yana to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lsa, “Inter” tarixida bir mavsum startidagi ilk uch turda ham gol urgan ilk yarim himoyachi sifatida klub kitoblariga kiradi.
“Napoli” esa bu bahsga bo‘sh kelmay kelmoqda. Ular “Inter”ga qarshi so‘nggi besh o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan: bir g‘alaba, to‘rtta durang. 2013–2015 yillar oralig‘idagi seriyadan beri ular hech qachon raqibga qarshi olti uchrashuvlik mag‘lubiyatsiz seriyani qayd etmagan. Endi esa aynan shunday imkon darvozani taqillatmoqda.
Tarixiy manzara “Inter” foydasiga: 70 g‘alaba, 48 mag‘lubiyat, 42 durang. Ular bu qarama-qarshiliklarda 229 ta gol urishgan – bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat “Juventus” oldinda turadi. Endi savol bitta: “Inter” o‘z rekord seriyasini davom ettiradimi yoki “Napoli” nihoyat bu zanjirni uzadimi?
“Roma” – “Atalanta”: bayram kayfiyati va “qo‘rqinchli” raqamlar
“Roma” mavsumni portlash bilan boshladi. Ketma-ket ikki o‘yinda 4:0 hisobidagi g‘alabalar – bu shunchaki yaxshi start emas, bu bayonot.
Seriya A tarixida faqat uchta jamoa dastlabki ikki turda kamida 8 ta gol urib, birorta ham gol o‘tkazib yubormagan. Endi “Roma” shu tor doirada. Rekord kitoblari esa yanada jozibali manzara chizadi: 1983-1984 yillarda “Juventus” ilk uch turda 9 yoki undan ko‘p gol urib, darvozasi daxlsiz qolgan so‘nggi jamoa bo‘lgan. “Roma” shu marraga bir qadam qoldi – faqat ritmni ushlab turish kerak.
Ammo raqib – “Atalanta”. Va bu nom “Roma” uchun yillar davomida yoqimsiz eshitilib kelmoqda. Bergamoliklar bilan so‘nggi sakkizta liga uchrashuvida “Roma” g‘alaba nimaligini unutgan: olti mag‘lubiyat, ikki durang. Bu – bu juftlik tarixidagi eng uzun bunday seriya.
“Roma” uchun uy maydoni ham kafolat emas. So‘nggi 12 ta uy uchrashuvida atigi bitta g‘alaba, olti durang va beshta mag‘lubiyat. “Olimpico”dagi raqamlar ham mehmonlar foydasiga ishlayotgandek.
“Atalanta” ham o‘z tarixini quvib bormoqda. G‘alaba qozonsalar, 2020-2021 mavsumidan beri ilk bor uch turdan uch g‘alaba bilan start olishadi. Ularning asosiy quroli – Donyell Malen. U Seriya A’dagi dastlabki 20 uchrashuvida 19 ta gol urgan. Bu bosqichda undan yaxshiroq faqat Gunnar Nordahl va José Altafini bo‘lgan – ikkalasi ham 20 ta gol bilan.
Yana bir qiziq chiziq: Lazar Samardzic ketma-ket olti mavsumdirki Seriya A’da gol urib kelmoqda. Agar “Roma”ga qarshi golli uzatma ham amalga oshirsa, 2004-2005 yildan buyon ilk bor bir futbolchi olti xil mavsumda ham gol, ham golli uzatma qayd etgan eng yosh o‘yinchi sifatida tarixga kiradi.
“Roma” rekordni, “Atalanta” esa odatdagi “noqulay raqib” maqomini yanada mustahkamlashni ko‘zlaydi. Qaysi biri ustun keladi?
“Juventus” – “Milan”: go‘llarsiz klassika yana takrorlanadimi?
Turin va Milan o‘rtasidagi to‘qnashuv har doim alohida sahna. Ammo so‘nggi yillarda bu sahnada bitta syujet hukmron: go‘lsizlik.
So‘nggi besh o‘yinning to‘rttasi 0:0 bilan yakunlangan, jumladan, ikki so‘nggi uchrashuv ham. Bu qarama-qarshilik tarixida ketma-ket uchta go‘lsiz durang hali hech qachon qayd etilmagan. 1973–1974 yillarda to‘rtta duranglik seriyadan beri bu juftlik bunchalik ko‘p bo‘lingancha tarqalmagan.
Himoyada “Juventus” alohida sahifaga ega. Ular “Milan”ga qarshi ketma-ket olti o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab kelmoqda. “Rossoneri” hech bir raqibga qarshi bu qadar uzoq vaqt gol ura olmagan.
Yangi mavsum starti ham bu manzarani mustahkamlaydi: “Juventus” dastlabki ikki turda 1:0 va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Endi ular so‘nggi o‘n mavsum ichida atigi ikkinchi bor uch turdan uchta “quruq” o‘yin bilan boshlash arafasida.
“Milan” esa boshqa yo‘l bilan yuksalmoqchi. Ular so‘nggi yetti mavsumning to‘rtinchisida ilk uch turda uch g‘alaba qayd etish imkoniyatiga ega. Bu – barqarorlik, bu – chempionlik ohangi.
Bu fon ortida yana bir qiziq detal: Nico Gonzalez so‘nggi to‘rtta uy uchrashuvida “Milan”ga qarshi uchta g‘olda ishtirok etgan – bitta gol, ikkita golli uzatma. Maydonga tushsa, yana sahnaga chiqishi ehtimoli katta.
Endi savol: bu safar ham himoyalar g‘alaba qozonadimi yoki nihoyat hujumchilar so‘zni o‘z qo‘liga oladimi?
“Lazio” – “Udinese”: tarixiy start va eski kompleks
“Lazio” mavsumni g‘alati darajada sokin, lekin juda kuchli ohangda boshladi: ikki o‘yin, ikki g‘alaba, har safar ikki to‘p farqi va ikkala uchrashuvda ham “quruq” hisob. Klub tarixida bunday start bo‘lmagan.
Endi ular ketma-ket uchinchi g‘alabani ko‘zlamoqda. Bu Rim klubiga faqat ikki marta – 1974-1975 va 2012-2013 mavsumlarida nasib etgan.
Ammo yo‘lni to‘sib turgan raqib – “Udinese”. So‘nggi o‘n uchrashuvning sakkiztasida ular “Lazio”dan ochko tortib olgan. Rimliklar uchun bu juftlikda doimiy noqulaylik seziladi.
“Udinese” ayniqsa bu stadionni yoqtiradi: so‘nggi 13 safarning 12 tasida mag‘lub bo‘lishmagan – sakkiz g‘alaba, to‘rtta durang. Statistikaga qaralsa, bu maydon ular uchun deyarli “uy”dek.
“Lazio” rekordli startni davom ettira oladimi yoki “Udinese” yana bir bor Rimdagi “sevimli manzarasini” takrorlaydimi?
“Genoa” – “Como”: Dovikas va Osimhen soyasi
Genoa va Como o‘rtasidagi uchrashuv katta sarlavhalardan biroz narida turgandek ko‘rinishi mumkin, lekin individual rekord bu o‘yinni yorqinlashtiradi.
Tsous Dovikas hozir aynan shunday nuqtada. U ketma-ket besh ta safar o‘yinida Seriya A’da gol urdi. Endi esa u sobiq “Napoli” yulduzi, hozir “Galatasaray” sharafini himoya qilayotgan Victor Osimhen bilan bir qatorda turish imkoniga ega. Osimhen 2023 yilda aynan shunday seriyani qayd etgan.
Dovikas uchun bitta gol – bu nafaqat statistik chizik, balki o‘zini liganing eng xavfli safar to‘purarlaridan biri sifatida e’lon qilish imkoniyati.
Bu turda raqamlar qog‘ozda allaqachon hikoya yozib bo‘ldi. Endi navbat maydonga – kim tarixni davom ettiradi, kim esa uni buzib, yangi bob ochadi?






