Sietl Pride Match: Misr va Eron o‘rtasidagi sinov
2026-yilgi Jahon chempionati hali to‘liq chizilmagan paytda ham Sietl allaqachon o‘z yo‘lini tanlab bo‘lgandi. Lumen Field mezbonlik qiladigan uchrashuvlardan biri “Pride Match” sifatida e’lon qilindi, sanasi ham tasodif emas: 26-iyun, shahar an’anaviy Pride haftaligi bilan bir kunga to‘g‘ri keladi. Stadion tashqarisida festival, ichkarida esa futbol – va nihoyatda nozik siyosiy fon.
Bu shunchaki bayram o‘yini emas. Guruh bosqichidan pley-offga chiqish taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan bellashuv. Maydonda esa dunyodagi eng qat’iy gomofob qonunlarga ega ikki mamlakat: Misr va Eron.
Qonunlar qattiq, sahna esa rang-barang
Eron qonunchiligida bir jinsli munosabatlar jinoyat, gomoseksual erkaklar sodomiya aybi bilan qatl etilgan holatlar bor. Bu mamlakatni LGBTQ hamjamiyati uchun eng xavfli hududlardan biriga aylantirgan.
Misrda ham manzara boshqacha emas. Rasmiylar “odob-axloq” to‘g‘risidagi qonunlar orqali LGBTQ shaxslarni hibsga olgan, so‘nggi yillarda esa Pride ramzlari, jumladan kamalak bayrog‘ini ochiq ko‘tarishga nisbatan keskin bosim kuchaygan.
Shunday bir paytda Sietl Pride Match e’lon qiladi. Va bu qaror darhol Qohira hamda Tehrondan keskin javob oladi.
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj uchrashuvga biriktirilgan Pride brendingini “nojo‘ya” va “mantiqsiz qadam” deb atadi. Misr futbol assotsiatsiyasi esa rasmiy bayonotida shunday deydi: “Misr mazkur uchrashuv chog‘ida (gomoseksualizmni) qo‘llab-quvvatlashga oid har qanday faoliyatni qat’iyan rad etadi. Bunday tashabbuslar mintaqadagi, xususan arab va islom jamiyatlaridagi madaniy, diniy va ijtimoiy qadriyatlarga zid.”
Shunga qaramay, na FIFA, na Sietl orqaga chekinmadi.
Sietl pozitsiyasi: “Bu stadionga hamma sig‘adi”
Turnirning mahalliy tashkiliy qo‘mitasi rejalarga o‘zgartirish kiritmaslikka qat’iy qaror qilgan. Ularning bayonotida bitta fikr alohida ajralib turadi: futbol chegaralarni, madaniyatlarni, e’tiqodlarni kesib o‘tadigan noyob kuchga ega.
“Biz Pride Match’ga mezbonlik qilishdan sharaf tuyamiz va global futbol hamjamiyatining bir qismi sifatida Pride’ni nishonlaymiz. Bu uchrashuv bizning hamma uchun hurmat, qadr-qimmat va birlikka bo‘lgan doimiy sadoqatimizni aks ettiradi”, – deya bildiradi qo‘mita.
Bu orada turnir jadvali ham uchrashuvni sof sport nuqtai nazaridan ham juda og‘ir vaziyatga qo‘ygan. G-guruhda Misr 4 ochko bilan birinchi, Eron 2 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Demak, Sietldagi kecha faqat ramzlar va bayonotlar haqida bo‘lmaydi – pley-off yo‘llanmasi ham shu yerda taroziga qo‘yiladi.
Eronga yana bir to‘siq: cheklovlar sabab terma jamoa AQSH hududida tunab qololmaydi. Uchrashuv kuni Meksikodagi bazasidan uchib kelib, o‘yin tugashi bilan qaytishi kerak bo‘ladi. Safar, siyosiy bosim va hal qiluvchi bahs – hammasi bir kunda.
Grant Wahl xotirasi va ukasining missiyasi
Sietldagi Pride Match atrofidagi ramziy qatlamlardan biri – Grant Wahl nomi. 2022-yil Qatardagi Jahon chempionati chog‘ida aorta anevrizmasi sabab vafot etgan, o‘sha turnirda kamalak rangli futbolka kiyib kelgani uchun qisqa muddatga ushlab turilgan jurnalist.
Sietl Pride Match maslahat qo‘mitasi a’zosi Eric Wahl – aynan o‘sha Grant Wahl’ning ukasi. U futbolni Sietlda sevib qolgan, endi esa shaharning eng bahsli uchrashuvlaridan birini tashkil etishga yordam beryapti.
Dastlab qur’a chiqqan paytda, raqiblar Misr va Eron ekani ma’lum bo‘lganda, tabiiy xavotir bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan Eric bu uchrashuvni boshqacha ko‘ra boshladi – imkoniyat sifatida.
“Bizning yagona maqsadimiz – Sietldagi LGBTQ tashkilotlari va bizneslarini yoritish va buni futbolga bo‘lgan umumiy muhabbat bilan birlashtirish edi”, – deydi u. Uningcha, bu atrofidagi shov-shuvlarga qaramay, aslida “juda ijobiy voqea”.
Ericning eng muhim xabari esa oddiy: Misr va Eron xalqlariga Sietl eshiklari ochiq.
“Shaxsiy kimliklaridan qat’i nazar, Misr va Eronlik odamlar bu yerda xush kelibsiz bo‘lishlarini, biz ularni ko‘rishdan mamnun bo‘lishimizni bilishlarini istaymiz”, – deydi u. U, shuningdek, o‘yinni uyidan uzoqda tomosha qiladigan muxlislar haqida o‘ylaydi: “Umid qilamanki, Eron va Misrdagi futbol ishqibozlari bu uchrashuvni avvalo futbol uchrashuvi sifatida ko‘rishadi, lekin uning atrofidagi tenglik nuri bilan birga.”
O‘yinchilar bosimi: siyosat va xavfsizlik oralig‘ida
Qatarda to‘rt yil avval futbolchilar “OneLove” kamalak bog‘ichlari atrofidagi keskin burilishning markazida qolib ketgan edi. Endi ko‘zlar yana maydondagi futbolchilarga qadaladi, ammo Eric Wahl ulardan siyosiy bayonotlar kutmaydi.
Uning fikricha, Misr va Eron terma jamoalari futbolchilari o‘zlari tanlamagan vaziyatga tushib qolgan. Ularni siyosiy mavzularda gapirishga majbur qilish – adolatsizlik.
“Bu savollar berilishi odatiy, lekin ikkala jamoa futbolchilari ham so‘ramagan bir holatga tushib qolishgani aniq. Ulardan bu masalalar haqida fikr so‘rash ularni noqulay, hatto xavfli holatga qo‘yadi”, – deya tushuntiradi u.
Eric uchun bu yerda bir haqiqat muhim: futbolchilarning shaxsiy qarashlaridan qat’i nazar, ular kelib chiqqan tizimlar juda repressiv. Ular uchun har bir so‘z oqibatli bo‘lishi mumkin.
FIFA chizig‘i: “Oddiy” o‘yin, lekin qat’iy qoidalar
Rasmiy jihatdan Pride Match’ni FIFA tashkil qilmaydi. Lekin xalqaro uyushma Sietldagi mahalliy qo‘mita va Pride maslahat kengashi bilan bevosita aloqada.
FIFA bu uchrashuvni Jahon chempionatining har qanday o‘yini kabi ko‘radi. Ularning pozitsiyasi aniq: 2026-yilgi turnir har qanday kelib chiqish, jinsiy orientatsiya va gender identitetiga ega muxlislar uchun ochiq bo‘lgan, inklyuziv tadbir.
Rasmiy brending odatdagi “No Discrimination” kampaniyasi bilan cheklanadi. Biroq kamalak bayroqlari va jinsiy orientatsiya hamda gender identitetini ifodalovchi boshqa ramzlar stadion ichida ruxsat etiladi – albatta, Stadion ichki tartib-qoidalariga zid bo‘lmagan holda.
FIFA diskriminatsiyaning istalgan shakliga nisbatan murosasiz bo‘lib qoladi. Har qanday kamsitish holati tashkilot ilovasi orqali xabar qilinishi mumkin. Stadion ichidagi og‘ir vaziyatlar uchun esa uch bosqichli mexanizm allaqachon ishlab qo‘yilgan: avval o‘yin to‘xtatiladi va ogohlantirish e’lon qilinadi, davom etsa – bahs vaqtincha to‘xtatib turiladi, yana takrorlansa – hatto bekor qilinishigacha borishi mumkin.
Sietl esa bunday ssenariyni tasavvur qilishni ham istamaydi. Shahar bu kechani quvonch, rang-baranglik va LGBTQ hamjamiyatini nishonlash sifatida ko‘rmoqda.
Kamalak to‘pi, Lumen Field va jim kuzatayotgan bir tabassum
Eric Wahl o‘yin boshlanishida tribunalarda ranglar to‘lqinini ko‘rishni kutyapti. Bu uning uchun nafaqat Pride, balki Grant xotirasini sharaflash oniyam bo‘ladi.
U Qatarda akasini qisqa muddatga ushlab qolinishiga sabab bo‘lgan kamalakli futbolka versiyasini kiyib keladi. O‘sha paytdagi bosim va bugungi Sietldagi sahna – keskin kontrast.
“Men o‘sha kamalak futbol to‘pi tushirilgan futbolkaning bir versiyasini kiyaman”, – deydi u. Uning tasavvurida Lumen Field’da ranglar portlaydi, tribunalar to‘ladi, maydonda esa pley-off uchun jon kuydirayotgan ikki terma jamoa.
Uchrashuv tugagach, hisob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bir savol ochiq qoladi: bu kecha tarixda nimasi bilan qoladi – natija bilanmi yoki kamalak ostidagi jasorat bilan?







