UZB SPort

Tottenham ayollar jamoasi: katta reja va erta zarba

Tottenham yozgi transfer oynasida nimanidir shunchaki yamab qo‘ymadi. Klub butun yo‘nalishni o‘zgartirishga kirishdi. Ayollar jamoasi uchun bu yoz – ambitsiya ochiqchasiga e’lon qilingan pallaga aylandi.

Martin Ho qo‘l ostidagi tarkib endi faqat “qolib beradigan” darajadagi emas. Qog‘ozda u WSL elitasi bilan bo‘ylashadigan, hatto ularni bezovta qiladigan jamoaga o‘xshaydi. O‘tgan mavsum beshinchi o‘rin – atigi bir yil avval tushib ketish chizig‘i atrofida aylangan jamoa uchun keskin sakrash edi. Endi esa klub ichida gap boshqa: bu jamoa Yevropaga chiqishni maqsad qilgan.

Rekord transferlar va erta yakunlangan ishlar

Yozgi oynaning ohangini bitta transferning o‘zi belgilab berdi. Tottenham o‘z tarixidagi eng qimmatbitimni amalga oshirib, Lyondan fransiyalik himoyachi Alice Sombathni olib keldi. Yanvarda Signe Gaupset uchun taxminan 375 ming funt sarflangani inobatga olinsa, klub ketma-ket ikkita katta investitsiyani aynan ayollar bo‘limiga yo‘naltirdi.

Bu bilan ish tugamadi. Hujum chizig‘iga Shekiera Martinez va Kirsty Hanson qo‘shildi – WSL darajasida o‘zini isbotlagan, darvozani topishni biladigan futbolchilar. Orqa chiziqni mustahkamlash uchun Caitlin Dijkstra, yarim himoyaga Victoria Pelova, darvozaga Selma Panengstuen kelishi bilan jamoa bo‘ylab sifatli yangilanish yuz berdi.

Klub ichidagi manbalarga ko‘ra, bu yozgi reja shoshma-shosharlik emas. Martin Ho 2025-yil iyulida kelganidan beri Tottenham 12 oylik aniq transfer strategiyasi bo‘yicha ishlamoqda. Uchta ketma-ket transfer oynasi uchun maqsadlar oldindan belgilangan, nomlar ro‘yxatga tushgan, muzokaralar muddatiga qadar rejalashtirilgan.

Cathinka Tandberg va Toko Koga bunga yorqin misol. Ular 2025-yilda jamoaga qo‘shilganida Ho shartnomasi hali yakunlanmagan edi, ammo muzokaralar allaqachon yakuniy bosqichga kirib bo‘lgan. Bugun esa ikkisi ham Ho tizimining tayanch futbolchilariga aylangan.

Ho birinchi yozida tarkibni sinchiklab o‘rgandi, shoshilmadi. Qayerda chuqurlik yetishmaydi, qayerda sifat kam – hammasini tahlil qildi. Shundan so‘nggina “evolyutsiya” tugmasi bosildi. Natija: klub ichidagi manbalar aytishicha, Tottenham yanvarda ko‘zlagan barcha asosiy nishonlarini olib bo‘lgan, shu yozda ham xuddi shunday – transfer oynasi 3-sentabrgacha davom etishiga qaramay, asosiy ish allaqachon bitgan.

Bu hammasi bir maqsad uchun qilindi: Ho butun tarkib bilan to‘liq, to‘siqsiz mavsumoldi tayyorgarligini o‘tkazishi kerak edi. Bitimlar erta yopildi, murabbiy esa nihoyat to‘liq konstruktorga aylandi – parchalarni tanlash emas, ularni bir butun tizimga aylantirish vaqti keldi.

Transfer jarayonining boshida esa klubda 24 yildan beri ishlayotgan boshqaruvchi direktor Andy Rogers turibdi. Bu yozgi deraza uning ketishidan avvalgi so‘nggi katta loyihalaridan biri bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham u klubni kuchli, barqaror holatda topshirishni istaydi – va ayollar jamoasiga qilingan sarmoya bu niyatning eng yaqqol isboti.

Yettti yilda keskin o‘sish

Bu WSLdagi atigi yettinchi mavsum bo‘lsa-da, Tottenham ayollar bo‘limining yo‘li juda tez sur’atda o‘zgardi. Shtat kengaydi, infratuzilma yaxshilandi, Hotspur Waydagi mashg‘ulot markazida alohida baza paydo bo‘ldi. Ayollar va qizlar akademiyasi uchun yangi majmua qurish rejasi esa yaqinda sudda to‘xtatildi – bu orqaga qadam, lekin rejalardan voz kechish emas.

2019-yilda, yuqori ligaga ko‘tarilganidan bir necha oy o‘tib, Tottenham Hotspur Stadiumda Arsenalga qarshi shimoliy London derbisida qariyb 40 ming muxlis yig‘ilgandi. Shundan keyin klub ambitsiyasi ayollar futbolida ham yashirin bo‘lib qolmadi.

Keyingi yili jahon yulduzi Alex Morgan qisqa muddatli ijara asosida klubga qo‘shildi. 2024-yilda esa ayollar jamoasi Women’s FA Cup finaliga chiqdi. Bu bosqichma-boskich, ammo aniq yo‘nalishdagi o‘sish edi.

Shunga qaramay, 2024–25-yilgi muvaffaqiyatsiz mavsum Robert Vilahamnni iste’foga olib keldi. Uning o‘rniga kelgan Martin Ho birinchi yilidayoq jamoani yana jadval yuqorisiga qaytardi. Endi esa klub undan nafaqat barqarorlik, balki keyingi sakrashni kutmoqda.

Yevropa sari yo‘l va kuchaygan raqobat

Savol endi bitta: bu rejalashtirilgan transfer siyosati Tottenhamni qayerga olib boradi?

Klub WSLda o‘z o‘rnini mustahkamladi. Endi esa maydon tashqarisidagi resurslar Yevropa yo‘llanmasi haqida jiddiy o‘ylash imkonini bermoqda. Ho har chiqishida bir fikrni takrorlaydi: Tottenham liganing eng kuchlilari bilan raqobatlashadigan va Yevropada o‘ynaydigan jamoaga aylanishni xohlaydi.

Ammo WSLda Yevropaga yo‘l tor. Women’s Champions League yo‘llanmasi faqat uchta jamoaga nasib etadi. So‘nggi yillarda bu o‘rinlarni Arsenal, Chelsea, Manchester City va Manchester United o‘zaro bo‘lishib kelmoqda. Tottenham uchun bu to‘rtlik devoridan o‘tish – ulkan sakrash.

Raqobat esa faqat ular bilan cheklanmaydi. London City Lionesses va Brighton ham transfer bozorida qo‘lni cho‘ntagiga chuqurroq tiqmoqda, maqsadlari ham o‘xshash – kuchli uchlikka bostirib kirish. Ularning agressiv siyosati Spurs uchun ham signal bo‘ldi: bu poygada ortda qolish varianti yo‘q.

Ayniqsa, ayollar futbolida transfer rekordlari birin-ketin yangilanayotgan, moliyaviy reglament va ish haqi cheklovlari bo‘yicha bahslar endi-endi boshlanayotgan davrda. Hozircha klub egalari xohlasa, katta mablag‘ kiritishiga to‘sqinlik qiladigan jiddiy to‘siq yo‘q. Yaqin yillarda qoidalar o‘zgarishi mumkin, lekin hozir – imkoniyat oynasi ochiq.

Tottenham bu imkoniyatdan foydalanmoqda. Ayollar jamoasiga qilingan sarmoya erkaklar jamoasidagi agressiv transfer oynasi bilan bir vaqtda ketmoqda. Premier League’da deyarli tushib ketish arafasida yakunlangan muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng klub umumiy strategiyasini qayta ko‘rib chiqdi.

2025-yil sentabrida Daniel Levy ketishi, undan keyin boshqaruv darajasida yuz bergan o‘zgarishlar, 2025-yil aprelida Arsenaldan kelgan Vinai Venkateshamning bosh direktor sifatida qo‘shilishi – bularning barchasi klubni qayta qurish jarayonining bir bo‘lagi. Venkatesham Londonning boshqa tomonida ayollar jamoasini yuqori darajaga olib chiqqan boshqaruvchilardan biri sifatida tanilgan. Endi u shu tajribani Tottenhamda takrorlashni maqsad qilgan.

Strategiya aniq: Yevropa bo‘ylab eng yaxshi yosh iste’dodlarni – Gaupset, Sombath kabi futbolchilarni – olib kelish, ularni WSLda o‘zini ko‘rsatgan Hanson va Martinez singari tayyor gollar mualliflari bilan aralashtirish. Ho esa shu materialdan o‘z uslubiga mos, dinamik va raqobatbardosh jamoa yasashi kerak.

Eng katta sinov – tribunalar

Bitta savol esa hanuz ochiq: bu hammasini kim tomosha qiladi?

O‘tgan mavsum WSLda Tottenhamning o‘rtacha tomoshabinlar soni atigi 1 734 nafar bo‘ldi. Bu raqamga vaqti-vaqti bilan asosiy stadionda o‘tkazilgan, yuqori tashrif qayd etilgan o‘yinlar ham kiradi. Demak, odatiy kunlarda tribunalar hanuz to‘lib-toshayotgani yo‘q.

Maydonda kuchaygan, transfer bozorida dadil bo‘lgan jamoa endi shunga yarasha auditoriya talab qiladi. Yevropa sari reja, katta sarmoya, yangi yulduzlar – bularning barchasi bir savolni o‘rtaga tashlaydi: Tottenham ayollar jamoasi endi nafaqat raqiblarni, balki o‘z shahrini ham ishontira oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling