Trent Alexander-Arnold: Anfieldga qaytishi mumkinmi?
Yozgi transfer bozorini larzaga keltirgan xabar markazida yana bir bor Trent Alexander-Arnold turibdi. Bir necha oy avvalgina Madrid sari uchib ketgan Angliya yulduzi endi o‘z uyiga – Anfieldga qaytishi mumkin.
Bu safar gap shunchaki mish-mish emas. Tanilgan jurnalist Ben Jacobs ma’lumotiga ko‘ra, Liverpool rahbariyati Real Madrid bilan muzokaralarning yakuniy bosqichiga kirib borgan. Gap atigi 15 million yevro evaziga Angliya terma jamoasi himoyachisini qaytarib olish haqida ketmoqda. Bugungi bozor narxlarini hisobga olsak, bu deyarli ramziy summa.
Jacobsning aytishicha, klub va futbolchi o‘rtasidagi aloqa uzilmagan, Liverpool o‘z sobiq o‘ng qanot himoyachisini qaytarish bo‘yicha qat’iy ish olib bormoqda. Real Madrid safida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmayotgan Alexander-Arnold uchun bu yo‘l hozircha eng mantiqli ko‘rinadi.
O‘yin daqiqalari – asosiy shart
Madridga katta umidlar bilan kelgan Trent o‘zini zaxira o‘rindig‘ida topdi. Real Madridning o‘ng qanotida raqobat keskin, asosiy tarkibga kirish esa kutilganidan ancha mushkul bo‘lib chiqdi.
Bosim ortib borayotgan bir paytda klubning Niderlandiya himoyachisi Denzel Dumfriesni aynan shu pozitsiyani mustahkamlash uchun olib kelishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Endi Alexander-Arnold uchun Bernabéu maydoniga chiqish imkoniyati yanada qisqarib ketdi.
Shu fon’da uning o‘zi ham muntazam o‘yin amaliyotini qayta tiklash istagini yashirmayapti. Jacobs xabariga ko‘ra, muzokaralarning tezlashishiga aynan futbolchining ko‘proq maydonga tushish istagi turtki bo‘lgan. Trent uchun bu faqat transfer emas – bu uning karerasini qayta yo‘lga qo‘yish imkoniyati.
Anfieldning farzandi
Alexander-Arnoldning hikoyasi Liverpool bilan chambarchas bog‘liq. U klub akademiyasida ulg‘aygan, Anfield tribunalarini larzaga keltirgan yirik g‘alabalarning bir qatorida bosh qahramonlardan biri bo‘lgan. Uning nomi bu stadion bilan deyarli sinonimga aylangan.
Manbaga ko‘ra, Trentning o‘zi ham aynan shu tarix, shu tuyg‘u sabab qaytishni istayapti. Anfield – uning shon-shuhrati yaratilgan joy, o‘ng qanotdagi ijodkor o‘yinini butun dunyo aynan shu erda tan oldi. Endi esa shu stadion yana bir bor uning sahnasiga aylanishi arafasida turibdi.
Shov-shuvli ketish va yanada shov-shuvli qaytish
Trent Alexander-Arnold 2025-yil yozida Liverpoolni tark etganida, bu qaror klub muxlislarini ikkiga bo‘lib qo‘ygandi. Kimdir yangi chaqiriqni tushungan bo‘lsa, ko‘pchilik buni yurakdan qabul qila olmagan. Real Madridga o‘tish katta sarguzasht, yangi bosqich sifatida talqin qilingan, undan juda katta umidlar kutilgan edi.
Endi esa atigi bir necha oy o‘tib, ssenariy butunlay o‘zgarib ketdi. Muzokaralar yakuniga yetadigan bo‘lsa, Alexander-Arnoldning Liverpoolga qaytishi yozgi transfer oynasining eng yirik syurprizlaridan biriga aylanadi.
Bir paytlar ko‘z yoshlar bilan kuzatilgan xayrlashuvdan so‘ng, Anfield yana o‘z farzandini qarshi olishi mumkin. Savol bitta: bu qaytish Liverpool tarixida yangi bob ochadimi yoki faqatgina qisqa, lekin shov-shuvli epizod bo‘lib qoladimi?






