Valdebebasda yangi davr: Mourinho qo‘l ostida o‘zini ko‘rsatishi shart bo‘lgan olti futbolchi
Valdebebasda yangi davr: Mourinho qo‘l ostida o‘zini ko‘rsatishi shart bo‘lgan olti futbolchi
Jose Mourinho Valdebebasga keldi, va shu bilan birga Real Madrid uchun yozgi tayyorgarlikning ohangi ham keskin o‘zgardi. Presezon allaqachon boshlangan, lekin murabbiy ilk kunlarda to‘liq tarkibga emas, charchoqni yozgi ta’til bilan yuvayotgan yulduzlarsiz, qisqartirilgan guruh bilan ishlamoqda.
13-iyul, dushanba kuni jahon chempionatida qatnashmaganlar mashg‘ulotga qaytdi. Qolganlar esa bosqichma-bosqich, keyingi haftalarda jamoadan joy oladi. Klub futboliga e’tibor qaytar ekan, bitta haqiqat aniq: Mourinho va uning yangilangan shtabi, jumladan sobiq futbolchi Sami Khedira bilan birga, hech kimga chegirma qilmaydi.
Ikki mavsum yirik sovlarsiz o‘tganidan keyin Madridda talab bitta – g‘alaba mentalitetini qayta tiklash. Ayrimlar uchun esa bu yoz – so‘nggi imkoniyatga o‘xshaydi.
Trent Alexander-Arnold: savollar hanuz javobsiz
Thomas Tuchel boshchiligidagi Angliya jahon chempionati tarkibiga kiritilmagani ko‘p bahsga sabab bo‘ldi. Natijada Trent Alexander-Arnold Valdebebasga birinchilardan bo‘lib qaytdi va eng og‘ir jismoniy yuklamalarga duch kelmoqda.
Madriddagi ilk mavsumi yomon o‘tmadi. Lekin a’lo ham emas. Ayniqsa, himoyadagi xatolari atrofidagi savollar yo‘qolmadi, aksincha, kuchaydi. Endi esa raqobat ham oshdi: Denzel Dumfries kelishi bilan o‘ng qanotdagi o‘rni kafolatdan yiroq.
Mourinho esa himoyada intizomni buzadigan futbolchilarni yoqtirmasligi bilan tanilgan. Trent bu yozda murabbiyning ishonchini qozona olmasa, uning Real Madriddagi roli keskin qisqarishi hech gap emas.
Dean Huijsen: imkoniyat – jar yoqasida
Luis de la Fuente boshqa qaror qilmaganida, Dean Huijsen bugun Ispaniya bilan jahon chempionati finaliga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin edi. U saralash bosqichida muhim rol o‘ynadi, lekin yakuniy ro‘yxatga kiritilmadi. Uning o‘rniga Atlético Madrid himoyachisi Marc Pubill tanlandi.
2025–26-yilgi mavsumda Huijsen, butun jamoa singari, hal qiluvchi pallalarda titrab ketdi. Shunga qaramay, unda top darajadagi markaziy himoyachiga xos barcha xususiyatlar borligi ko‘rinib turibdi.
Muammo shundaki, Mourinho orqa chiziqni qayta qurmoqchi. Ibrahima Konaté, Marc Cucurella va Dumfries allaqachon kelgan, yana kamida bitta transfer kutilmoqda. Murabbiy odatda tajribaga suyanadi, yoshga emas.
Ammo hozircha Konaté jahon chempionatida, Éder Militão jarohat bilan chetda. Demak, presezondagi dastlabki o‘yinlar Huijsen uchun o‘zini ko‘rsatish, “men qolishim kerak” deb baland ovoz bilan aytish uchun noyob imkoniyat bo‘ladi.
Eduardo Camavinga: yo‘l ajralish nuqtasida
Yana bir kutilmaganda terma jamoasiz qolgan futbolchi – Eduardo Camavinga. Fransiyalik yarim himoyachi Madridda so‘nggi mavsumlarda orqaga ketgani sababli bu yozda ketishga yaqin nomzodlardan biri sifatida tilga olinayotgan edi. Angliya klublari bilan bog‘liq gap-so‘zlar ko‘p, lekin hozircha jiddiy taklif yo‘q.
O‘zi esa klubda qolishni istayotgani aytilmoqda. Ammo Mourinho tizimida u qayerdan joy oladi? Qanday rol bajaradi? Bu savollarga hali javob yo‘q.
Jahon chempionatida bo‘lmaganining bitta plussi bor: u allaqachon mashg‘ulotlarga qaytgan va murabbiyga o‘z iste’dodini bevosita ko‘rsatish imkoniga ega. Agar bu davrni boy berib qo‘ysa, Madriddagi kelajagi ancha xira tus olishi mumkin.
Brahim Díaz: terma jamoada yulduz, klubda esa ikkinchi planda
Marokash bilan jahon chempionati chorak finaligacha yetib borguncha Brahim Díaz ba’zi uchrashuvlarda sahnani butunlay o‘zi egalladi. Mamlakati uchun u – asosiy figuralardan biri. Madridda esa hanuz ikkinchi darajali rol bilan kifoyalanmoqda.
26 yoshida u endi “kelajak va’dasi” emas. Hali-hanuz “epizodik futbolchi” sifatida ko‘rilayotgani esa uning ambitsiyalariga zid. Ayniqsa, Rodrygo Goes ACL jarohatidan tiklanish bilan band bo‘lgan paytda.
Mourinho odatda 4-2-3-1 sxemasini yoqtiradi. O‘ng qanotdagi joy hozircha ochiq. Díaz uchun presezon – bu pozitsiyaga da’vosini isbotlash, “men asosiy tarkibga loyiqman” deb murabbiyga ko‘rsatish davri.
U jahon chempionatidan 9-iyul kuni chiqib ketdi, shuning uchun avval qisqa ta’til, so‘ngra yangi murabbiy bilan ilk uchrashuvlar kutmoqda. Bu uchrashuvlarda u o‘zini qanday tutadi – mavsum taqdirini belgilab berishi mumkin.
Arda Güler: iste’dod yetarli, lekin Mourinho tizimi-chi?
Türkiye bilan jahon chempionatida qatnashgan bo‘lsa-da, guruh bosqichidayoq safdan chiqqani sababli Arda Güler allaqachon kelasi haftada Valdebebasga qaytishi kutilmoqda.
Mamlakati uchun u – beqiyos ahamiyatga ega futbolchi. Madridda esa hamon o‘z o‘rnini qidiryapti. Ayniqsa Mourinho kelganidan keyin bu savol yanada keskinlashdi.
21 yoshli Güler Mourinho talab qiladigan darajadagi jismoniy quvvatga egami? Ikki tayanchli yarim himoyada ishlashga yetadimi? Yoki qanotda tinimsiz yugurib yura oladimi?
10-raqamli rolda Jude Bellingham deyarli “qulf” solib qo‘ygan. Bu esa Gülerni zaxira variantiga aylantirishi mumkin. Yana bir zarba – Bernardo Silva transferi. U ko‘proq “Mourinhocha” futbolchiga o‘xshaydi: intizomli, tajribali, tizimga mos.
Shunga qaramay, SPORT nashrining xabariga ko‘ra, Türkiye jahon chempionatidan chiqib ketganidan so‘ng Mourinho shaxsan Gülerga qo‘ng‘iroq qilib, unga bo‘lg'an ishonchini bildirgan. Bu ishonch presezonda maydonda ham ko‘rinish beradimi? Endi navbat Ardada.
Endrick: avlod iste’dodimi yoki shunchaki shov-shov?
Endrick atrofidagi bahslar tinmaydi. Kimdir uni “avlod iste’dodi” deydi, boshqalar esa hazil va memlarga mavzu qiladi. Fakt shuki, u Lyon safida yarim mavsumda 24 o‘yinda 16 golli ishtirok qayd etdi va shunday ko‘rsatkich bilan Braziliya jahon chempionati tarkibiga kirib bordi.
Shunga qaramay, Carlo Ancelotti uni ko‘pincha e’tiborsiz qoldirdi. Bu esa Braziliyada ham, Madrid atrofida ham ko‘p kinoya va norozilik keltirib chiqardi.
Endrick atigi 19 yoshda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, bu mavsum uchun uni yana ijaraga berish rejalashtirilmagan. Ammo bu hali hammasi joyida degani emas: u Real Madrid tizimida qayerdan joy oladi – asosiy savol shunda.
Mourinho uchun presezon – bu futbolchini yaqindan ko‘rish, uning xarakteri va mentalitetini sinash, maydondagi roli haqida qaror qilish davri. Endrick uchun esa bu davr Ancelotti davrida yo‘q bo‘lgan narsani qo‘lga kiritish imkoniyati: murabbiyning chinakam ishonchi.
Valdebebasdagi bu yoz faqat jismoniy tayyorgarlik haqida emas. Bu – kim Mourinho Madridida qolishi, kim esa chetga surilishi haqida hikoya. Shu oltilikning qaysi biri yangi davr ramziga aylanadi, qaysilari esa faqat yo‘qolgan imkoniyat sifatida esda qoladi?







