UZB SPort

Yasin Ayari: Brightonning kelajagi uchun yangi yulduz

Yozgi transfer oynasi shovqin-suronsiz yopildi, lekin bir ism baribir havoda qolmoqda. Yasin Ayari. Brighton muxlislari uni allaqachon qadrlashga ulgurdi, lekin Yevropaning yirik klublari hali to‘liq uyg‘onmagandek.

Klub afsonasi Bobby Zamora aynan shunga hayron.

Shvetsiyalik universal yarim himoyachi o‘tgan mavsumda ham Premier League, ham jahon sahnasida o‘zini ko‘rsatdi. Shunga qaramay, yoz bo‘yi uning atrofida katta klublar navbatga turmadi. Bu, ayniqsa, Brightonning so‘nggi yillardagi transfer siyosatini ko‘rsak, g‘alati tuyuladi.

3,5 million funtlik topilma

Brighton yana bir bor o‘zining mashhur skaut tizimini ishga soldi. Ayari 2023-yil yanvarida vatani klubi AIKdan atigi 3,5 million funt evaziga Amexga kelganida, bu transfer ko‘pchilik uchun oddiy statistika qatorida ko‘ringan edi. Bugun esa bu summa deyarli ramziydek.

U avvaliga ijarada pishidi: Coventry va Blackburn safida to‘plagan tajribasi unga ingliz futbolining ritmini his qilish imkonini berdi. Keyin esa Premier League sahnasiga dadil chiqdi.

O‘tgan mavsumda Brighton uchun 4 gol va 3 golli uzatma. Bu raqamlar qog‘ozda unchalik hayratlanarli ko‘rinmasligi mumkin, lekin o‘yinning sur’ati, maydonni qamrab olish, pressingdagi ishtiroki — murabbiylar uchun aynan shu jihatlar qimmat.

Yangi mavsumda ham u allaqachon o‘z hisobini ochdi. Brighton esa besh turdan so‘ng jadvalda uchinchi pog‘onada. Bu bejiz emas.

Caicedo yo‘lidan boradimi?

Brighton allaqachon o‘z “konveyeri” bilan mashhur: Moisés Caicedo, Carlos Baleba, Marc Cucurella, Alexis Mac Allister — bularning barchasi klubga katta pul va obro‘ olib kelgan nomlar. Endi esa navbat Ayariga kelgandek.

Yevropaning yetakchi klublari uning rivojlanishini diqqat bilan kuzatayotgani aytilmoqda. Rasman hech narsa yo‘q, lekin ichki bozorda bunday profildagi futbolchi e’tiborsiz qolmaydi.

Shu fonda Zamoraning so‘zlari yanada og‘irroq eshitiladi. U Ayarini so‘nggi bir yarim yil davomida mashg‘ulotlarda yaqindan ko‘rganini, uning darajasidan hayratda qolganini ta’kidlab, yozda hech kim jiddiy harakat qilmagani uni ajablantirganini aytadi. Uning fikricha, Ayari hozircha ko‘pchilik uchun “radar ostida”, lekin yaqin masofadan qaralganda – bu haqiqiy iste’dod.

Zamora aynan yoshini alohida urg‘u bilan tilga oladi. Oldinda katta yo‘l, lekin yo‘lning birinchi kilometrlaridayoq u o‘zini yetakchi futbolchi sifatida ko‘rsatmoqda. Agar shu sur’atni ushlab tursa, Brighton uchun navbatdagi yirik transfer summasi uzoq emas.

Shartnoma va Brightonning rejasi

Hozircha esa Ayari Amexda qolmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan, kelishuvda yana bir yilga uzaytirish opsiyasi ham bor. Klub rahbariyati bu masalani cho‘zmoqchi emas — yangi shartnoma ustida ish allaqachon boshlangan.

Bosh murabbiy Fabian Hürzeler bu mavzuda ochiqchasiga ko‘p gapirmaydi. U klub ichida bunday masalalar avval ichki hal qilinishini afzal ko‘rishini aytib, Ayarining so‘nggi ikki yildagi o‘sishini alohida e’tirof etadi. Uningcha, Yasin nafaqat futbolchi sifatida, balki shaxs sifatida ham ulg‘aygan, maydonda ko‘proq mas’uliyat olayotgan futbolchiga aylangan.

Murabbiy aynan shuni qadrlaydi: to‘p bilan ham, to‘psiz ham ishlash sifati, pressingdagi roli, jamoaviy o‘yin uchun o‘zini ayamaydigan xarakter. Hürzeler uchun bu shunchaki iqtidor emas, balki butun tizimni ishlatib turuvchi detallardan biri.

U jamoa ichida har bir futbolchining umumiy natijaga mas’uliyatini eslatib o‘tadi va Ayarini aynan shu falsafaning yorqin namunasiga kiritadi. Murabbiy undan faqatgina bitta narsa talab qilmoqda: o‘z sifatlari va shaxsiyati doirasida to‘liq ochilish, tashabbusni qo‘lga olish.

Keyingi qadam qachon bo‘ladi?

Brighton uchun bu hikoya tanish: nisbatan arzon topilma, to‘g‘ri muhit, sabr, so‘ngra portlash va katta transfer. Ayari shu yo‘lning o‘rtalarida turibdi. U allaqachon jahon chempionati tajribasiga ega, Premier League ritmini his qilyapti, murabbiy va klub afsonalari esa uning kelajagiga ishonyapti.

Savol faqat bitta: katta klub eshikni qachon taqillatadi?

Brighton hozircha bu eshikni mahkam ushlab turibdi. Chunki Amexdagi bu jamoa uchun Yasin Ayari hozir transfer bozoridagi raqamdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi — u klubning o‘z uslubiga sodiq qolgan holda yana bir bor yuqori pog‘onaga chiqish imkoniyati.