Amorimning yangi rejasi: Mazraoui San Siroda
Ruben Amorim Milanda ishni sokin boshlamayapti. O‘tgan oyda Massimiliano Allegri o‘rnini egallagan portugaliyalik murabbiy allaqon eski klubiga ko‘z tikdi va o‘ziga tanish futbolchilar bilan “Rossoneri”ni qayta qurmoqchi.
Markazda esa bitta ism turibdi: Noussair Mazraoui.
Eski shogird, yangi loyiha
Italiya matbuoti xabariga ko‘ra, Amorim klub rahbariyatiga aynan Mazraoui borasida alohida gapirgan. Uning himoyachi haqidagi hayratini yashirmayotgani aytilmoqda. Marokash terma jamoasi a’zosi bo‘lgan bu futbolchi 2024-yilda Bayern Munichdan 17 million funt evaziga Manchester Unitedga kelganidan beri 77 o‘yinda maydonga tushdi va butun orqa chiziq bo‘ylab o‘ynay olish qobiliyati bilan jamoaning muhim bo‘lagiga aylandi.
Bu ko‘p qirralilik – aynan Amorim qadrlaydigan fazilat. U Sporting CP davridan beri himoyachilaridan shunday moslashuvchanlikni talab qilib keladi. Endi esa San Siroda ham o‘sha printsipni tiklamoqchi.
Reja bor, lekin devorlar ham bor
Amorimning sobiq shogirdlarini Milanga olib kelish istagi kuchli, ammo yo‘l tekis emas. Ugarte — Sporting CPda birga ishlagan, keyin Manchesterga olib kelgan asosiy nishonlardan biri edi. Lekin Jahon chempionati chog‘ida olgan og‘ir jarohati yozgi transfer rejalarini bir zumda buzib tashladi. Bu variant amalda yopildi.
Boshqa yo‘nalishlar ham oson emas. Manchester United hozircha Mason Mount yoki Amad bo‘yicha takliflarni hatto ko‘rib chiqishga tayyor emasligi aytilmoqda. Demak, Amorim uchun real va nisbatan ochiq variantlardan biri aynan Mazraoui bo‘lib qolmoqda.
Transfer bo‘yicha insayder Matteo Moretto ma’lumotiga ko‘ra, murabbiy himoyachini juda yuqori baholaydi, ammo hozircha klubdan klubga rasmiy muzokaralar boshlanmagan. U shuni ta’kidlagan: Mazraoui — Amorimning eng sevimli futbolchilaridan biri, 28 yoshda, 2028-yilgacha amal qiladigan shartnomaga ega (yana bir opsiya bilan), va murabbiy uni juda yuqori darajada qadrlaydi. Savol faqat vaqtga taqalgan: transfer oynasining keyingi bosqichlarida Milan bu yo‘nalishni faollashtiradimi-yo‘qmi.
Hozircha rasmiy qadam yo‘q. Faqat murabbiyning aniq ma’qullovi va ichki ro‘yxatdagi birinchi ismlardan biri.
Amorim va Mazraoui: Old Trafforddagi izlar
Mazraouiga bo‘lgan qiziqish hech kimni hayratga solmayapti. Amorim bu futbolchini allaqachon ochiqchasiga maqtalgan, Old Trafford davridayoq uning texnikasi va taktik aqlini alohida ko‘rsatib o‘tgan.
United bosh murabbiyi etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay u Mazraoui haqida shunday fikr bildirgan: u o‘yinni tushunadigan, hujumga qo‘shila oladigan, texnik jihatdan yetuk, birga-bir vaziyatlarda kuchli, zamonaviy himoyachi sifatida ta’riflangan. Amorim uni jamoa kelajagining markaziy bo‘lagi sifatida ko‘rganini aytgan, to‘p bilan o‘yin ritmini boshqara oladigan, o‘zini erkin his qiladigan futbolchi sifatida qadrlagan.
San Sirodagi yangi loyiha fonida bu so‘zlar endi boshqacha eshitiladi. O‘sha “kelajak”ni Amorim endi qizil-qora libosda tasavvur qilyaptimi?
San Sirodagi qayta tug‘ilish
Amorim uchun Milan — nafaqat yangi ish joyi, balki o‘zini qayta ixtiro qilish maydoni. Angliyadagi 14 oylik og‘ir davr, bosim, tanqid va nihoyat Manchesterdan ketish — bularning bari uning ustidan og‘ir iz qoldirdi.
Milan taqdimotida portugaliyalik mutaxassis o‘sha davrga qisqacha to‘xtalib, xatolarini batafsil sanab o‘tishdan tiyildi, lekin bir narsani aniq aytdi: u o‘rgandi. Uslubini o‘zgartirishga, avvalgi xatolarni takrorlamaslikka bel bog‘ladi.
Endi bu o‘zgarishlar transfer strategiyasida ham ko‘rinmoqda. Amorim tanish, ishonchli, o‘z tizimiga mos futbolchilarga tayanmoqchi. Mazraoui shunday toifadagi o‘yinchi: murabbiy uni biladi, futbolchi murabbiyning talablarini tushunadi. Bu esa yangi jamoa qurishda vaqtni tejaydigan omil.
Endi navbat kimda?
Milan uchun savol bitta: United bilan muzokaraga kirishish vaqti qachon keladi? Mazraoui 2028-yilgacha shartnomaga ega bo‘lgan, jamoada muhim rol o‘ynayotgan futbolchi. Bunday holatda kelishuv oson bo‘lmaydi, narx ham past bo‘lmaydi.
Lekin Amorim San Siroda katta loyiha boshlayotgan bo‘lsa, ba’zan murabbiy istagi klubni qiyin qarorlarga majbur qiladi. Mazraoui nomi atrofidagi shovqin hozircha ichki doiralar va ekspertlar gapidan nariga o‘tmagan bo‘lsa-da, yoz oynasi chuqurlashgani sari bu hikoya qanchalik tez haqiqatga aylanadi?
Milan tribunalarida esa allaqachon savol yangrayapti: yangi davrning birinchi ramziga aylanuvchi himoyachi kim bo‘ladi?







