Conor McGregor Las-Vegasda qaytmoqda: Jang va sudlar o'rtasidagi kurash
Las-Vegasdagi T-Mobile Arena sahnasi yana bir bor Conor McGregor atrofida aylanishni boshladi. Uch yilga yaqin tanaffus, singan oyoq, sud jarayonlari, doping mojarolari — hammasiga qaramay, 37 yoshli irlandiyalik oktagonga qaytishga hozir. Va u buni o‘z uslubida qildi.
Max Holloway bilan UFC 329 oldidan bo‘lib o‘tgan yuzma-yuz uchrashuv tinch o‘tishi mumkin emasdi. Shunday ham bo‘ldi. McGregor raqibining ko‘zoynagini yulib olib, uni tomoshabinlar ko‘zi o‘ngida irg‘itdi. Sekundlar ichida atmosfera qizib ketdi, xavfsizlik xodimlari jangchilarni ajratishga majbur bo‘ldi.
T-Mobil Arenadagi tribunalar esa o‘z hukmini allaqachon chiqargandek edi. McGregor nomi e’lon qilinganda zal portlab ketgandek qarsak chaldi, irlandiyalikning har bir ishorasi olqish bilan kutib olindi. Shu payt amerikalik Max Holloway esa xuddi mehmon maydonidagi jamoa futbolchisi kabi hushtak va bo‘ronga o‘xshash buhronli qichqiriqlar ostida qoldi. 2013 yilda McGregor bilan ilk bor to‘qnash kelib, mag‘lub bo‘lgan Holloway uchun bu rematch sportiyu, ruhiy sinov ham.
Yuzma-yuz uchrashuvdan so‘ng
Yuzma-yuzdan so‘ng McGregor ikki dona esdalik kamarini — Irlandiya bayrog‘i ranglariga burkangan UFC chempionlik belbog‘larini — osmonga ko‘tardi. Bu oddiy rekvizit emas edi. Ular McGregor tarixini eslatardi: 2015 yildagi featherweight g‘alabasi va 2016 yildagi lightweight chempionligi bilan UFC tarixida ilk bor bir vaqtning o‘zida ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan jangchi maqomi.
McGregor mikrofon oldiga kelganda ham o‘zini yo‘qotmadi. U o‘zini yana bir bor iroda va mehnat timsoli sifatida ko‘rsatishga urinib, qat’iy ohangda gapirdi, insoniy matonat, istak va sadoqat haqida so‘z yuritdi. U tomoshabinlarga “sharoit qurboni bo‘lmaslik”, “to‘siqlarni yengib o‘tish” haqida murojaat qildi va o‘zi bunga misol bo‘lishini aytdi.
Ammo oktagon atrofidagi shov-shuvlar bilan birga, sud zallaridagi tarix ham unutilgani yo‘q.
Sud jarayonlari
2024 yil noyabrida Nikita Hand tomonidan qo‘zg‘atilgan fuqarolik ishida hakamlar hay’ati McGregorni Dublin mehmonxonasida 2018 yil dekabr oyida unga nisbatan “zo‘rlash orqali tajovuz” sodir etgan, degan xulosaga keldi. U 206 ming funt sterling va qo‘shimcha tovon puli to‘lashga majbur etildi. 2025 yil iyulida McGregor apellyatsiyada ham yutqazdi. Oradan bir oy o‘tib, Hand uni va yana ikki shaxsni sud jarayonlaridan “yovuz niyatda foydalanish”da ayblab, navbatdagi da’vo arizasini berishini ma’lum qildi.
Bu fon hali sovimasdan, McGregor doping qoidabuzarligi tufayli ham sarlavhalarda paydo bo‘ldi. U 2024 yil davomida 12 oy ichida uch marta doping tekshiruviga kelmagani uchun UFC antidoping qoidalarini buzganini tan oldi va 18 oylik diskvalifikatsiyani qabul qildi. Diskvalifikatsiya uchinchi o‘tkazib yuborilgan test sanasi — 2024 yil sentyabriga qaytarib belgilandi va jazo 2025 yil mart oyida yakunlandi.
Irlandiyadagi kayfiyat
Irlandiyada McGregor atrofidagi kayfiyat ham o‘zgargan. Ba’zi sharhlovchilar uning vatandagi ommaviy qo‘llab-quvvatlovi susayganini ta’kidlaydi. T-Mobile Arenada ham yashil-oq-to‘q sariq rangli bayroqlar, albatta, bor edi, ammo avvalgi yillardagi kabi to‘lqin bo‘lib, zalni titratmadi. Kamroq, sokinroq, ehtiyotkorroq.
Shunga qaramay, UFC rahbariyati uchun McGregor hali ham biznesning eng yirik dvigateli. Brendga zarar yetkazmasdan, aksincha, kassani to‘ldiradigan ism sifatida ko‘rilmoqda. UFC prezidenti Dana White jang miqyosiga baho berar ekan, bu to‘qnashuvni “promoushen tarixidagi eng katta daromadli kecha” bo‘lishi mumkinligini aytdi. Tashkilotchilar uchun bu raqamlar hamma narsani aytib turibdi.
McGregor esa o‘zining eski teatrini qayta sahnalashtirdi. U sahnada Oasis guruhining “Wonderwall” qo‘shig‘ini xirgoyi qildi, tribuna esa unga jo‘r bo‘ldi. Irlandiyalik keyin Britaniya vakili Paddy Pimblettga yuzlanib, kulib, nega birga kuylamaganini so‘rab hazillashdi. Qaytgan yulduz o‘zini yana markazda his qildi.
Paddy Pimblettning janglari
Paddy Pimblett bu kechada co-main eventda Fransiya vakili Benoit Saint-Denisga qarshi jang qiladi. Bu uning yanvar oyida Justin Gaethje bilan bo‘lgan interim lightweight kamar jangidagi mag‘lubiyatidan keyingi ilk chiqishi bo‘ladi. Pimblett ham o‘z ulushidagi muhabbatni oldi: zal uni ham olqishlab, qo‘shiqlar aytib kutib oldi. Ammo u sahnada bitta haqiqatni tan oldi — bu kechada u ikkinchi raqamli yulduz edi.
U o‘zini “eng katta shovqin”ni olmayotganini, chunki “katta Conor McGregor shu yerda”ligini aytib, baribir ikkinchi eng katta qarsakni olish ham yoqimli ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sahnada hamma kulmoqda, tomoshabinlar zavqlanmoqda, sportning ma’nosi ham shunda.
Endi esa navbat oktagonga. T-Mobil Arenadagi shu shovqin, shu ziddiyat, shu sud soyalarining bari bitta savolga borib taqaladi: Conor McGregor bu safar nafaqat jangni, balki o‘z hikoyasini ham qayta yuta oladimi?







