UZB SPort

FIA rahbari: Alonso sahnani tark etishi mumkin emas

FIA prezidenti Mohammed Ben Sulayem Fernando Alonso Formula 1’ni hozirgi holatida, raqobatbardosh bo‘lmagan sharoitda tark etishi “qabul qilib bo‘lmaydigan” holat ekanini ochiq aytdi.

45 yoshli, ikki karra jahon chempioni bo‘lgan ispaniyalik poygachi bu mavsum oxirida Aston Martin bilan shartnomasiz qoladi. U payshanba kuni o‘z kelajagi haqida gapirar ekan, F1’da qolish-qolmaslik bo‘yicha qarorini “yaqinda emas” deb, aniq muddatdan qochdi.

Ammo vaqt Alonso tomonida emas. Aston Martin joriy mavsumda chempionatda 10-o‘rinda qolib ketgan, mashina raqobatbardosh emas, Honda dvigateli esa paddokda eng zaif kuch qurilmasi sifatida tilga olinmoqda.

Shu fonida Ben Sulayem Madridda bo‘lib o‘tgan tadbirda keskin ohangda gapirdi:

“Biz Fernando’ni shunchaki ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Alonso – buyuk chempion. U sharoit qurboni bo‘lib, sahnani tark etmasligi kerak”, – dedi u.

U gapini yanada keskinlashtirdi:

“Bu sahnadan ketishning to‘g‘ri usuli emas. U muvaffaqiyat qozonib, o‘zi xohlagan paytda ketishi kerak. Natija majburlab chiqarmasligi lozim”.

Ben Sulayemning aralashuvi va “Aduo” kartasi

Ben Sulayemning FIA prezidenti sifatidagi davri allaqachon bahs-munozaralarga boy: tashkilot ichidagi nazorat va muvozanat mexanizmlarini qisqartirish haqidagi qarorlari unga ko‘p tanqid olib kelgan. Shunday fon ostida uning Alonso bo‘yicha gaplari ham tabiiy ravishda e’tiborni tortdi.

U Madriddagi sahnada Alonso bilan shaxsiy suhbatini esladi:

“Men u bilan gaplashaman. Uni juda xafa ko‘rdim va: ‘Fernando, tushunaman, bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat. O‘z yurtiga kelgan, ikki karra jahon chempioni bo‘lgan odam…’ dedim”, – deya voqeani qayta hikoya qildi u.

Ben Sulayem may oyidayoq jamoa va dvigatel bo‘yicha qadam tashlanganini ham ochiqladi:

“Biz may oyida jamoa uchun, dvigatel bo‘yicha, yaxshilanishga yo‘l ochish uchun huquqiy choralar ko‘rdik. Keyin unga shunday dedim: ‘Senga nima qilishimizni aytmayman. Sen haydovchisan, menga o‘zing ayt – natijalarni yaxshilash uchun bizdan nimani xohlaysan?’”

FIA matbuot kotibi bu so‘zlar ortidagi texnik mexanizmni aniqlashtirdi: gap F1’ning qo‘shimcha rivojlanish va yangilanish imkoniyatlari tizimi – Aduo haqida ketmoqda.

Bu tizim bo‘yicha, kuch qurilmasi paddokdagi eng yaxshi dvigateldan 2 foizdan ko‘proq orqada deb baholangan ishlab chiqaruvchilar dizaynni yangilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Matbuot kotibi shunday izoh berdi: “Bu Aduo jarayoni haqida aytilgan fikr va u (Ben Sulayem) FA’ning sportda qolishini istashini bildiradi. Xolos”.

Chegaradagi savol: prezident qanchalik aralasha oladi?

Ben Sulayemning ohangi ayrimlar uchun xavotirli eshitildi: u o‘z lavozimi doirasidan chiqib, sportni boshqaruvchi tashkilot yetakchisi sifatida betaraflikni buzishi mumkinmi?

Shu savol bilan yuzlashganda, FIA vakili vaziyatni yumshatishga urindi:

“U haydovchilarni juda yaxshi ko‘radi, o‘zi ham bir paytlar poygachi bo‘lgan. Bu gaplardan ortiqcha ma’no izlamaslik kerak”, – dedi u.

Baribir bir savol ochiq qoladi: Alonso kabi afsonaviy haydovchi, o‘z yurtida xafa bo‘lib yurgan paytda, FIA rahbari qanchalik masofani saqlashi mumkin?

Javob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bir narsa aniq: Fernando Alonso kelajagi atrofidagi bosim ortib boryapti. Va uning so‘nggi poygasi qanday sahnada, qanday mashinada bo‘lishi – endi nafaqat jamoalar, balki sportning eng yuqori kabinetlarida ham muhokama qilinmoqda.

FIA rahbari: Alonso sahnani tark etishi mumkin emas