Ispaniyaning yangi yulduzlari: Cubarsi va Yamal
Luis de la Fuente bir yil avval 17 yoshli Cubarsi’ni Euro 2024 tarkibiga olmagani uchun tanqid ostida qolgandi. U o‘shanda buni yosh bilan emas, tanlov bilan izohlagan: qo‘l ostida “darajasi balandroq” to‘rtta markaziy himoyachi bor edi. Hozirgi manzara esa butunlay boshqacha.
Himoya – jamoaviy devor, lekin markazda bitta “rejissyor”
Ispaniyaning hozircha mukammal – golsiz – himoya rekordi faqat bitta yulduzga yozib qo‘yilmaydi. Mikel Oyarzabal oldingi chiziqdan boshlab raqibni bo‘g‘adi, Rodri esa to‘rtlik oldida o‘ziga xos qalqon bo‘lib turibdi. Orqa beshlikdagi har bir futbolchi chorak finalga birorta gol o‘tkazmasdan yetib kelish jarayonida o‘z hissasini qo‘shdi.
Marc Cucurella nima uchun Real Madrid uni Chelsea’dan 60 million yevroga tortib ketganini har o‘yinda eslatib turibdi. Unai Simon esa David Raya va Joan Garcia raqobatiga qaramay, beshta ketma-ket “quruq” o‘yin bilan darvozadagi o‘rnini yana bir bor oqladi. 32 yoshli Aymeric Laporte hanuz eng yaxshi yillariga xos ishonch bilan o‘ynamoqda. Eng qizig‘i, Pedro Porro terma jamoa libosida Tottenham’dagi o‘zidan asar ham qoldirmayapti.
Shu fon ichida Cubarsi alohida ajralib turibdi. Na faqat xatosiz himoya qilayotgani, balki o‘yin sifatiga qo‘shayotgan tinimsiz hissasi bilan.
La Masia bolasi: 19 yoshda, lekin sahnada o‘zini uyidagidek tutyapti
Aslida Cubarsi’ning bu qadar xotirjam ko‘rinishi unchalik ham kutilmagan hol emas. U Barcelonada 17 yoshidan beri asosiy tarkibda ko‘rinib kelmoqda. Xavi uni Yamal kabi “butun davrni belgilaydigan futbolchi” deb atagan. Sobiq sardor Carles Puyol esa Cubarsi’ni keyingi kamida 15 yil davomida klubning 1-raqamli markaziy himoyachisi bo‘lib qolishiga ishonganini ochiq aytgandi.
Cubarsi o‘zi ham maydonda bosim sezmasligini ta’kidlab keladi. Shunga qaramay, 19 yoshida Jahon chempionatida shunday darajada o‘ynash – baribir noodatiy hodisa.
Himoyaviy jihatdan u deyarli xato qilgani yo‘q. Bu yerda Laporte bilan juftligi ham hal qiluvchi omil bo‘ldi. De la Fuente ham shu duetni alohida tilga olgan.
Murabbiy shunday degan edi: hal qiluvchi onlarda Laporte Cubarsi yonida kerakli tajribani olib kiradi va ular bir-birini mukammal to‘ldiradi. Natija – markazda “fenomenal muvozanat”.
Ammo Cubarsi faqat to‘xtatib turadigan himoyachi emas. Bu – La Masia tarbiyalagan, orqadan o‘yin qurishni san’at darajasida egallagan markaziy himoyachi. Shuning uchun ham hozirgi kungacha Jahon chempionatida faqat Rodri undan ko‘proq pas bergan, xolos.
Bu raqamlar tasodif emas. Cubarsi Ispaniya o‘yin rejasi markaziga aylangan. De la Fuente tarkibidagi atigi to‘rt nafar futbolchi hozircha barcha daqiqalarni maydonda o‘tkazgan bo‘lsa, u shularning biri.
Yamal: jarohatdan keyingi izlanish va ichki talablari baland yulduz
Yamalning yo‘li esa biroz murakkabroq bo‘ldi. Barcelona safida 2025-26 yilgi mavsumini hamstring jarohati erta yakunlagan, shu sababdan Jahon chempionatida o‘ynashi ham savol ostida turgandi.
U Ispaniyaning ikkita tayyorgarlik o‘yinida umuman ko‘rinmadi. Turnir startida esa faqat bitta uchrashuvda – Kabo-Verde bilan kutilmagan 0:0 durangda – 19 daqiqa maydonga tushishga ulgurdi.
Saudiya Arabistoni ustidan 4:0 hisobidagi ishonchli g‘alabada Yamal birinchi bo‘limda o‘ynadi va maydonga chiqqan zahoti jamoani butunlay boshqa ko‘rinishga keltirdi. Atlanta shahrida hisobni ham aynan u ochdi, hujumga butunlay yangi o‘lcham qo‘shdi.
Shundan keyin esa to‘lqin biroz pasaydi. Avstriyaga qarshi 1/16 finaldagi yirik g‘alabada uning driblingi yana bir bor tomoshabinlarni hayratga soldi – Ispaniya shu o‘yinda 1958 yilgi Pele davridan beri ilk bor pley-off uchrashuvini ikki o‘smir bilan boshlagan jamoaga aylandi. Lekin Portugaliyaga qarshi 1:0 hisobidagi g‘alabada Yamal yana bir bor o‘z “dushmani” Nuno Mendesni yorib o‘ta olmadi.
Natija: dunyoning eng qo‘rqinchli vingerlaridan biri chorak final – Belgiyaga qarshi bahs arafasida hamon Jahon chempionatidagi ilk golli uzatmasini kutyapti. Hozirgacha yaratgan imkoniyatlari atigi beshta.
Yamal buning barini juda yaxshi tushunadi. Va aslo vahimaga tushmayapti.
U Mundo Deportivo’ga bergan intervyusida o‘zini juda talabchan ekanini, hech qachon qilgan ishidan to‘liq qoniqmasligini aytdi. Ikki oyga yaqin o‘yin amaliyotisiz qolganini eslatib, ketma-ket yettita uchrashuv o‘ynab kelayotgan paytdagi Yamal bilan hozirgi Yamalni solishtirib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Uning retsepti oddiy: to‘pga ko‘proq tegish, ko‘proq o‘ynash, daqiqalarni yig‘ish. Katta o‘yin keladi. Chunki odamlar aynan shu lahzalarni – 1/8 final, chorak finaldan boshlab bo‘ladigan duelni eslab qoladi. Yamal aynan shunday pallalarda eng ko‘p motivatsiya olishini ochiq aytadi.
U bu bosqichga yaxshi holatda kelish uchun hammasini xotirjam qabul qilganini, hozir o‘zini zo‘r his qilayotganini va Ispaniya kimligini, o‘zi kimligini ko‘rsatishga chanqoq ekanini qo‘shib o‘tdi. Yamal o‘zini hech qachon guruh bosqichining eng yaxshi futbolchisi deb his qilmagan. Uningcha, yarim final va final yaqinlashgan sari o‘yin sifati ham o‘sadi.
Belgiyaga ogohlantirish: Yamal uyg‘onsa, Cubarsi allaqachon uyg‘oq
Jahon chempionatining hal qiluvchi bosqichlari Yamalni uyg‘otishi mumkinligi haqidagi fikr – Belgiyaga ham, qolgan raqiblarga ham yoqimli xabar emas. Euro 2024’da u aynan eng muhim pallalarda sahnaga chiqib, Ispaniyaga kubok keltirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Endi esa De la Fuente qo‘lida nafaqat hujumda, balki orqada ham “davrni belgilaydigan” futbolchi bor. Yamal hujumda o‘z ritmini topishga hozirlanayotgan bir paytda, Cubarsi allaqachon himoya markazida yangi davr poydevorini qo‘yib bo‘ldi.
Savol endi bitta: bu ikkala o‘smirning cho‘qqi formasi bir paytning o‘zida portlasa, ularni Jahon chempionligidan kim to‘xtata oladi?







