UZB SPort

Luis Diaz va Barranquilla kubokidagi moʻʼjiza

Luis Diaz uchun yozgi tanaffus allaqachon rasmiy ravishda taʼtil. Ammo futbolchi tanasi dam olayotgan boʻlsa-da, koʻngli hanuz stadionni sogʻinadi. Kolumbiya terma jamoasi bilan Jahon chempionatidan soʻng “Bayern Munich” yulduzi uchun maxsus qoʻshimcha taʼtil berilgan, u esa chorshanba oqshomini oʻz ildizlariga qaytishga bagʻishladi: Junior FC va Barranquilla FC oʻrtasidagi kubok bahsini tribuna tomoshabini sifatida kuzatdi.

Bu shunchaki oʻrta darajadagi kubok oʻyini emas edi. Bu – bir shahar, bir tizim, ikki yoʻnalishning toʻqnashuvi edi.

Bir shaharning ikki yuzi

Junior FC – Barranquillaning faxri. Mamlakat chempioni, Karib sohilining ramziga aylangan klub. Diaz tugʻilib oʻsgan mintaqaning bayrogʻi deya aytsa boʻladi. Barranquilla FC esa ikkinchi ligada oʻynaydigan, ammo oʻsha bayroqni koʻtarib yuradigan kelajak egalari, 2004 yilda asos solingan, amalda Juniorning zaxira va isteʼdodlar fabrikasi.

Bu yoʻldan oʻtganlar koʻp. Carlos Bacca, Teofilo Gutierrez va, albatta, Luis Diazning oʻzi. Junior va Barranquilla orqali yevropalik skautlar koʻziga koʻringan bu qanot futbolchisi keyin Porto, soʻng Liverpool libosini kiyib, 2025 yilda 70 million yevroga “Bayern Munich” safiga qoʻshildi. Endi u Yevropa gigantining yulduzi, ammo o‘sha kecha u oddiygina Barranquilla bolasi edi – tribuna orasida, qo‘lida kichkina ventilyator, tropik issiqni yengishga urinayotgan tomoshabin.

Kubokda taqiqlanmagan qarindoshlik

Germaniyada bunday “qarindosh” klublar oʻrtasidagi kubok bahsi tasavvurga ham sigʻmaydi. Kolumbiyada esa bu mutlaqo odatiy. Qurʼa ilk bosqoqdayoq Junior va Barranquillani toʻqnash keltirdi. Birinchi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlangan, javob bahsida esa ssenariy yanada keskinlashdi.

Zaxira maqomidagi Barranquilla uzoq vaqt davomida 3:2 hisobida oldinda bordi. Katta favorit, amaldagi chempion Junior esa ortidan quvishga majbur boʻldi. Vaqt esa o‘tib borardi.

Bosim nihoyat 88-daqiqada natija berdi. Penalti nuqtasiga tajribali Luis Muriel keldi. Qoʻl bilan oʻynalgan toʻp uchun belgilangan zarbani sovuqqonlik bilan amalga oshirdi va hisobni tenglashtirdi. 35 yoshli hujumchi Kolumbiya terma jamoasi, Yevropada esa Atalanta Bergamo va Sevilla safidagi yillari bilan tanilgan. Shu lahzada hamma narsa oʻz iziga tushgandek tuyuldi: katta klub, katta tajriba, katta bosim. Endi ishni yakunlash ham Junior qoʻlida boʻlib koʻrindi.

Ammo Barranquilla bu kechani boshqacha yozishga qaror qilgan edi.

Darvozabonlar dueli va Panenka jasorati

Qoʻshimcha daqiqalar ham gʻolibni aniqlay olmadi. Hammasi penaltilarga qoldi. Bu yerda esa sahnaga darvozabonlar chiqdi.

Sebastian Guerra bir zarbani qaytarib, favoritning asabiga birinchi zarbani berdi. Javob tarafida esa 20 yoshli Yesid Garcia toʻp yoniga bordi. Oddiy zarba kutganlar adashdi. Yosh posbon Panenka uslubida zarba berdi – markazga, sokin, ishonch bilan. Bunday jasorat ikkinchi liga vakilidan emas, balki yirik yulduzdan kutiladi odatda. Lekin bu kecha rollar almashgandi.

Stadion jimib qoldi, soʻng portlab ketdi. Diaz ham tribuna orasida jilmayib, qoʻlidagi kichik ventilyatorni yana silkidi – bu safar issiqdan koʻra hayajonni bosish uchun.

Hal qiluvchi zarba esa yana Guerra zimmasiga tushdi. U bu safar qoʻllari bilan emas, oyogʻi bilan sahnaga chiqdi. Darvozabon nuqtaga bordi va oʻz zarbasini aniq amalga oshirdi. Barranquilla gʻalabani tortib oldi. Junior magʻlub, shahar esa hayratda.

Ikkinchi liga klubi, amalda zaxira jamoa, amaldagi chempionni penaltilarda magʻlub etdi. Qogʻozda “kichik” boʻlgan klub shu kechada butun mamlakatga oʻz ovozini eshittirdi.

Diaz uchun tatilning ramziy yakuni

Teletranslyatsiya davomida kameralar Diazni qayta-qayta topdi. U na tribunadagi eng mashhur inson edi, na oʻyin markazidagi qahramon. Lekin u – bu hikoyaning boshlanish nuqtasi. Barranquilla koʻchalaridan Yevropa sahnalarigacha boʻlgan yoʻl ana shu ikki klub orqali oʻtgan.

Endi u 1-avgust kuni “Bayern Munich” bilan Osiyo safariga yoʻl oladi. Oldinda yangi mavsum, yangi maqsadlar, yangi bosimlar. Ammo bu kechada u koʻrgan narsa bir narsani eslatdi: katta futbol doimo shu yerda, shu issiq tribunalarda, shu kichik Panenka va jasoratli darvozabon zarbalarida tugʻiladi.

Savol esa shunday: keyingi Luis Diaz qayerdadir aynan mana shu Barranquilla tunida tugʻilmayaptimikan?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling