UZB SPort

Michael Olise: Beton maydondan Jahon chempionligigacha

Agar bir kuni Michael Olise Jahon chempionligini qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, London g‘arbida, Hayesdagi oddiygina uy-joy massivining kichikgina burchagi abadiy Fransiyaga aylanishi aniq. O‘sha burchak – uning burchagi. Ko‘p qavatli uylarga yopishib ketgan mayda parkcha, beton yo‘laklar orasidagi yam-yashil bo‘lak. Yettiga kirgan bola akasi Richard bilan to‘p tepgan joy.

Olise keyinroq L’Équipe bilan suhbatda o‘sha paytlarni eslab: bu shunchaki erkinlik bo‘lganini aytadi. Qoidalar emas, sxemalar emas – sof zavq. To‘p, maydon, aka, beton va kichkina maysazor.

Betonda tug‘ilgan erkinlik

Old Isleworthians safida dastlabki murabbiylaridan biri bo‘lgan Sean Conlon u yillarni unutmagan. U ko‘pincha Oliselarning uyiga borar, tashqarida Richard bilan mashq qilayotgan kichik Michaelni ko‘rardi. Avtomobillar kam, lekin ochiq beton maydonlar ko‘p, yonida esa bir parcha yashil hudud. Shu yerda bola kun bo‘yi to‘p bilan band. Obses­siya darajasida.

Oradan o‘n yil o‘tib, o‘sha bola Reading akademiyasida paydo bo‘ladi. Avvaliga Chelsea va Manchester City uni rad etgan. Championship klubi uchun ishlagan skaut Brendan Flanagan esa boshqacha ko‘rdi.

U Sparta Praguega qarshi o‘yinini yaxshi eslaydi. European Under-21 Cup doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Olise 17 yoshda, zaxirada o‘tirardi. Flanagan tanaffusda stadionga keladi, uning ortida esa sobiq Crystal Palace va West Ham futbolchisi, o‘sha paytda Readingda ishlayotgan Hayden Mullins joylashgan.

Olise maydonga atigi 17 daqiqa qolganda tushadi. Besh daqiqa o‘tmay, Mullins oldinga egilib, hayratdan qattiq so‘zlar bilan: “Bu kim o‘zi?!” – deb so‘raydi. Flanagan esa kuladi xolos. So‘ng unga Hayesdagi o‘sha kichkina maydonchadan Readinggacha cho‘zilgan yo‘lni gapirib beradi.

Angliya tarbiyalagan, Fransiya yutib oldi

Bu hikoya faqat Chelsea va City qo‘lidan qanday qilib Jahon chempionatining yulduziga aylangan, Ballon d’Or poygasidagi nomzodni chiqarib yuborgani haqida emas. Bu – Angliya tizimida ulg‘ayib, shu yerda tarbiya topib, ammo hech qachon Angliya terma jamoasi formasini kiymagan futbolchi haqida ham.

Conlon Michaelni birinchi marta olti yoshida Hayes jamoasi safida ko‘rgan. Uni darhol jismoniy harakati, maydondagi siljishi hayratga solgan. U maydonda go‘yo sirg‘alib yurgandek, har bir qadamida uyg‘unlik, koordinatsiya, yengillik. Bugun Fransiya uchun qanotda “uchib yurgan” Olise o‘sha paytda ham xuddi shunday harakat qilgan. Conlonning fikricha, bu tug‘ma fazilat. Shuning uchun ham hozir ko‘pchilik: “Bu Angliya tarbiyalagan eng yaxshi futbolchi”, deya ta’kidlashidan ajab emas.

Conlon avval Chelsea akademiyasida ishlagan, shuning uchun Michael to‘qqiz yoshga yetgach, u yerga olib ketilishi tabiiy edi. Iqtidor darhol ko‘zga tashlangan, City ham imkonni qo‘ldan boy bermaslikka urinadi. U Cole Palmer bilan bir yosh guruhida, Phil Foden’dan bir yil kichik bo‘lgan. Biroq 16 yoshga kelganda City ham uni qo‘yib yuboradi.

Shunda u yana Conlon yoniga qaytadi. Murabbiy o‘z akademiyasi – We Make Footballers orqali unga yangi klub topishga urinadi. Flanagan tanishlari orqali bu bolani eshitadi va Readingga taklif qilishga qaror qiladi.

“Yomon bola” tamg‘asi va Readingning tavakkali

Reading ichida hamma ham ishongan emas. Flanagan eslaydi: “Ko‘p xodimlar shubha bilan qarardi. ‘Chelsea uni qo‘yib yuborgan, Man City ham. Demak, muammoli bola. Nega biz olibmiz?’ deyishardi.” Flanagan esa bitta gapni takrorlagan: “Kelishini kutaylik, ko‘raylik, keyin hukm qilamiz.”

Conlon ham o‘sha kayfiyatni his qilgan. Boshqa skautlar ham ikkilanardi: “City va Chelsea uni ushlab qolmagan bo‘lsa, nimadir bor-da.” Biroq shu ikkilanayotganlar orasidan aynan Reading tavakkal qildi. Ular iqtidorni ko‘rdi va qaror qildi: sinab ko‘ramiz.

Olise London–Reading o‘rtasida qatnashiga to‘g‘ri keldi. Klub poyezddan tushgan Londonlik yoshlar uchun maxsus avtobus tashkil qilgan. Flanagan ilk kuni bo‘lgan kichik detaldan hamon ta’sirlangan.

“U meni stansiyadan qo‘ng‘iroq qilib, avtobusni qayerdan kutishini so‘radi. Har bir gapida ‘iltimos’, ‘rahmat’. Shunda o‘zimga: ‘Bu yomon bola emas. Faqat boshqacha, noto‘g‘ri tushunilgan bola’, deb qo‘ydim,” deydi u. Readingda ular bilan biror muammo bo‘lmagan. Tinch, mulohazali, aqlli, o‘zini maydonda ifoda qiladigan yigit.

Chelsea va City uchun “mos kelmagan” bu xarakter, M4 bo‘ylab joylashgan oddiygina Reading uchun imkoniyatga aylandi.

Sparta Praga, bir o‘yin va taqdir burilishi

Olise Readingning under-21 jamoasiga tez ko‘tarildi. O‘sha Sparta Praguega qarshi o‘yin ham ana shu davrga to‘g‘ri keladi. Flanagan uni “mutlaqo aql bovar qilmas” deb ta’riflaydi. Uchrashuv tugagach, u bilan Mullins bir-biriga qo‘l uzatib: “Bu bola mavsum tugashidan oldin asosiy jamoada bo‘ladi”, degan.

Ko‘p o‘tmay, o‘sha paytdagi bosh murabbiy José Gomes uni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga raqam to‘ldirish uchun chaqiradi. Lekin bir necha mashg‘ulot kifoya qiladi – Gomes ham hayratda qoladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Olise zaxira o‘rindig‘ida paydo bo‘ladi va debyutini amalga oshiradi. Murabbiy bir qarashda hammasini tushungan: bu bola boshqa daraja.

To‘rt ildiz, bitta qaror

Angliya esa shu paytgacha unga umuman e’tibor qaratmagan. Olise esa ildizlariga hurmat bilan qaraydi. Onasi Mina – fransuz jazoirlik, otasi Vincent – britaniyalik nigeriyalik. O‘zi aytganidek, u to‘rt mamlakatdan kelgan: Fransiya, Jazoir, Nigeriya va Buyuk Britaniya. Har biridan bir parcha olgan, har biriga bog‘langan.

London­da ulg‘aygan, lekin bolaligidan Jazoir, Nigeriya va Fransiyaga tez-tez borgan. Uyda otasi bilan inglizcha, onasi bilan fransuzcha gaplashgan. Shuning uchun ham Fransiya unga begona emasdi.

Angliya esa uni o‘smirlik davrida radarga ham olmagan. Flanagan bunga o‘sha davr kontekstini qo‘shadi: “Biz unchalik jozibali klub emas edik. O‘sha paytlarda Angliya uchun asosan Chelsea, Manchester City, Manchester United, Arsenal akademiyalaridan chiqqanlar muhim edi.”

Fransiya esa Reading bilan tez bog‘landi. Ular Olisening fransuz ildizlari borligini bilib, under-18 uchun chaqiruv yuborishdi. Michael o‘ylab ko‘rdi va rozi bo‘ldi. Keyinroq Angliya under-20 uchun murojaat qilganida ham u allaqachon tanlovini qilgan, o‘zini qulay his qilgan joyni topgan edi.

Angliya oltin avlodi va yo‘qotilgan ijodkor

Adolat yuzasidan aytganda, Angliya o‘sha yillarda akademiyalar islohoti mevasi – oltin avlodni yig‘ayotgan edi. 2012 yildan boshlab kuchaygan tizim hozirgi terma jamoaning asosini tashkil qiladi. Olisening tengqurlari orasida Cole Palmer, Bukayo Saka, Morgan Rogers, Anthony Gordon, Noni Madueke bor edi. Bir yosh kichiklar orasida esa Jude Bellingham va Germaniya safida to‘p surayotgan, o‘shanda Chelsea akademiyasida bo‘lgan Jamal Musiala.

Premer-liga akademiyalari butun dunyo uchun futbolchi tayyorlab berdi. Ammo Futbol assotsiatsiyasi uchun achchiq haqiqat: Jahon chempionatidagi eng ijodkor futbolchi Angliyada tug‘ilgan, Angliya tizimida tarbiya topgan, ammo Fransiya uchun o‘ynayapti. Olise turnir davomida beshta golli uzatma bilan boshqalardan ajralib turibdi.

Flanagan shunday deydi: “Uning hozirgi darajasiga yetishini o‘sha paytda ko‘ra olganmikanman? Hech kim aniq ayta olmaydi. Ba’zi bolalar 16 yoshida Ballon d’Or darajasida ko‘rinadi, keyin to‘xtab qoladi. Michael esa doim yuqoriga qarab bordi va hanuz to‘xtagani yo‘q. U doim boshida maydonning rasmini ko‘rardi, boshqalardan tezroq o‘ylardi va to‘pni o‘sha joyga yetkazish yo‘lini topardi. Endi esa butunlay boshqa bosqichda.”

Conlon uchun bu hali ham biroz “ertak”. U We Make Footballers akademiyasida sakkiz yoshli bolalarga doim bir gapni takrorlaydi: “Bir kuni siz Jahon chempionatini yutasiz. Bir kuni Champions League ko‘tarasiz. Shuning uchun bugun ham standartlaringiz yuqori bo‘lishi kerak.” Endi esa ularning oldida real misol bor – o‘sha kichkina Hayes maydonchasidan chiqqan bola bu so‘zlarni haqiqatga aylantirdi.

Finalga yetadigan savol

Endi esa Olisening bolalikdagi murabbiylari oldida kutilmagan savol paydo bo‘lishi mumkin. Agar Jahon chempionati finalida Angliya va Fransiya to‘qnashsa-chi?

Flanagan javobni allaqachon topgandek: u “panjara ustida” o‘tirishini aytadi. Bir tomonda – Angliya, boshqa tomonda – Hayesdagi beton yo‘laklarda ulg‘aygan, Readingda ishonch topgan, endi esa Fransiyani yelkasida ko‘tarib yurgan Michael Olise. Qaysi tomonni tanlash mumkin?

Balki u hech narsani tanlamas, televizorni yoqmas. Ammo Hayesdagi o‘sha kichkina maysazor, baribir, o‘sha kuni butun dunyo futbolining markaziga aylanadi.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling