Adam Silver: Caitlin Clark atrofidagi bahslar siyosiy futbol to‘piga aylandi
WNBAdagi hakamlik, qo‘pol o‘yin va Caitlin Clark atrofidagi tortishuvlar endi NBA komissari Adam Silver darajasiga chiqdi. Unga ko‘ra, bu mojaro allaqachon sport chegarasidan o‘tib ketgan.
Silver payshanba kuni CNBC va Boardroom hamkorligida o‘tkazilgan Game Plan Summit tadbirida sahnadagi suhbat chog‘ida Clark nomi atrofida kechayotgan bahslarni keskin baholadi.
Uning ta’kidlashicha, gap faqat hakamlar qarori yoki birgina epizodda emas.
“Oxir-oqibat, Caitlin Clark atrofidagi masalalar asosan hakamlik haqida emas, — dedi Silver. — O‘sha aniq vaziyat esa o‘yin paytida foul chalinishi kerakmidi-yo‘qmi yoki keyinchalik flagrant deb baholanishi kerakmidi-yo‘qmi masalasi emas.”
Bir epizod – butun ligani larzaga keltirgan zarba
Gap 24 iyun kuni Indiana Fever va Phoenix Mercury o‘rtasidagi o‘yin haqida ketmoqda. Ikkinchi chorakda Alyssa Thomas raqib yulduzi Clark tomonga harakatlanar ekan, uning mushti bo‘g‘iz qismiga tegib ketdi. Hakamlar o‘sha paytda hech qanday foul qayd etmadi.
Ligaga esa bosim keyin tushdi. Vaqt o‘tib, WNBA epizodni qayta ko‘rib chiqdi va Thomas harakatini flagrant foul darajasiga ko‘tardi hamda uni “mushti bilan beparvo tarzda kontaktga kirgani” uchun bir o‘yinga diskvalifikatsiya qildi.
Thomas bu harakatni keyinchalik “tasodif” deb atadi. Ammo oqibatlari tasodifiy bo‘lmadi: u o‘ziga qarshi o‘lim tahdidlari bo‘lgani, irqchilikka asoslangan haqoratlar yog‘ilgani haqida gapirdi va liga komissari Cathy Engelbertni o‘yinchilarni yetarlicha himoya qilmagani uchun tanqid qildi.
“Siyosiy ping-pong” markazida qolgan yulduz
Silver uchun bu mojaroning markazida birinchi navbatda inson omili turibdi. U Clark bilan yaqindan tanish bo‘lib ulgurganini aytib, yosh yulduzni himoya qildi.
“Men Caitlinni juda yaxshi bilib qoldim, — dedi u. — U ajoyib o‘yinchi va ajoyib inson. U faqat eng yaxshi bo‘lishga e’tibor qaratmoqchi. Ammo u bu mamlakatda biroz siyosiy futbol to‘piga aylandi, bu esa unga nisbatan nihoyatda adolatsiz. Bu masala, meningcha, oxir-oqibat hakamlik haqida emas. U bilan siyosiy ping-pong o‘ynashyapti. U esa o‘z o‘yinini yaxshilashga urinayotgan yosh ayol xolos.”
Clark ham o‘z navbatida keskin chiziq chizdi: muxlislar o‘rtasidagi bahslar maydondan tashqarida nafratga aylanmasligi kerakligini ochiq aytdi.
U yaqinda “ta’qib, nafrat”ni qoralab, bunday munosabat raqiblar, jamoadoshlari va murabbiylariga nisbatan ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Indiana Fever bosh murabbiyi Stephanie White ham ohang tobora zaharli tus olayotganini aytib, ligada “toksiklik, irqchilik, gomofobiya” va boshqa nafratga asoslangan fikrlar, ayniqsa, internetda ko‘payganini ochiq tan oldi.
SBJ xabari, sukut va rad etilgan bosim
Yana bir chiziq: Sports Business Journal xabariga ko‘ra, aynan Silver Engelbertni Thomasni diskvalifikatsiya qilishga ko‘ndirgan emish. Bu iddaolar WNBA tomonidan keskin rad etildi, liga bu xabarni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi.
Silver esa bu borada og‘iz ochishni lozim topmadi. U Engelbert ham, Clark ham bunday ochiq muhokamaga tortilishi adolatsiz bo‘lishini aytib, izoh berishdan bosh tortdi.
Uning fikricha, asosiy portlash nuqtasi allaqachon birgina flagrant foul yoki yo‘qligi haqidagi savoldan chiqib ketgan:
“Odamlar kattaroq masalaga aylantirishga urinayotgan narsa — bu o‘sha vaziyat flagrant bo‘lganmi-yo‘qmi degan savol emas”, — dedi u.
Savol endi boshqacha: WNBA va uning yulduzlari sportdan tashqarida tobora kuchayib borayotgan siyosiy, ijtimoiy va onlayn bosim ostida qanday yashaydi? Ligaga bu mavsumda javob topishdan boshqa yo‘l qolmagan.







