Bezos va futbol: Anfieldda milliardlar to‘qnashuvi
Amazon nomi hali Anfield tomida paydo bo‘lgani yo‘q. Lekin klub atrofidagi havoda allaqachon Silikon vodiysi hidi sezila boshladi. Rasmiy jihatdan bo‘lsa, gap Jeff Bezosning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Liverpool FC’ni sotib olishi haqida emas, balki murakkabroq tuzilma – 1892 Holdings konsortsiumi orqali ulushga kirishi haqida ketmoqda.
1892 Holdings: Anfieldga kirish eshigi
Vaziyat shunday: Fenway Sports Group (FSG) – deyarli 16 yildirki klub egasi – o‘z ulushining bir qismini 1892 Holdings’ga sotishga kelishib oldi. Dastlab 30 foizlik paket haqida gap ketgan bo‘lsa, keyingi xabarlarda bu ko‘rsatkich 38 foizga yaqinlashgani aytildi.
1892 Holdings boshida – hindistonlik po‘lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi Amit Bhatia. U AyBe Capital Advisers asoschisi, yaqindagina Queens Park Rangers hammuallifi bo‘lib kelayotgan ulushini topshirishga rozi bo‘ldi. Endi bu qarorning sababi tushunarli: Anfield uchun yo‘l ochildi.
Bhatia yolg‘iz emas. Konsortsium tarkibida Facebook hammuassisi Eduardo Saverin va Amazon.com asoschisi Jeff Bezos ham bor. Demak, Bezos endi Liverpool FC’ning bir qismini egallagan kompaniyaning bir qismini egallagan inson. Ko‘rinishi murakkab, mohiyatan esa sodda: Anfieldga texno-milliardlar puli kirib kelyapti.
FSG hozircha klubni boshqarish o‘z qo‘lida qolishini qat’iy ta’kidlayapti. Jamoaning kundalik ishlarida o‘zgarish bo‘lmasligi aytilmoqda. Biroq Bhatia klub kengashi vitse-prezidenti bo‘lishi kutilmoqda, konsortsium vakillari esa direktorlar kengashida bir nechta o‘ringa ega bo‘ladi. Taxminan 1,9 milliard funtlik sarmoya fonida bu odamlar jim o‘tiradigan investorlar bo‘lib qolishi qiyin tasavvur qilinadi.
Qancha ovozga ega bo‘lishlari, strategik qarorlarda qanchalik ta’sir ko‘rsatishlari – hali ochiq savol.
Futbol – sahna, lekin avvalo biznes
Bezosning futbolga kirib kelishi – yangi bob, ammo eski syujet. So‘nggi yillarda milliarderlarsiz yirik klub deyarli qolmadi. Buning sababi oddiy: futbol – his-tuyg‘u, jamiyat, marosim. Lekin yuqori darajada u avvalo gigant biznes.
Real Madrid o‘tgan yili qariyb 1,3 milliard dollar daromad ko‘rdi. Barcelona milliard dollardan oshdi. Liverpool, Man City, PSG, Bayern Munich – barchasi yiliga o‘nlab millionlab emas, yuz millionlab tushum ko‘rayotgan korporatsiyalar.
Katta pullar shu yerda.
Sport klublari boshqa aktivlardan yana bir jihati bilan ajralib turadi: jonli auditoriyani hanuz o‘ziga jalb qila oladigan kam sonli ko‘ngilochar mahsulotlardan biri. Stadionlar to‘ladi, translyatsiyalar reytingi yuqori. Brendga sodiqlik esa boshqa sohalarda deyarli topilmaydigan darajada.
Mijozlar – muxlislar – ko‘pincha bilib turib ham hafsalasi pir bo‘ladigan jamoaga sodiq qoladi. Mag‘lubiyat, umidsizlik, norozilik – baribir abonement yangilanadi, forma sotib olinadi.
Ba’zan klub egasi o‘sha uzoq yillik muxlislardan biri bo‘ladi, yoki hech bo‘lmaganda sportga oshufta inson. Kimdadir bu – bolalik orzusi, kimdadir – qimmat hobi, yana boshqasida – shaxsiy brendni yuvish vositasi. Yomon obro‘ni yuvish uchun bundan yaxshi yo‘l bormi: millionlab odamlarga sevimli klubini “qutqarayotgan” saxovatli qahramon sifatida ko‘rinish?
Ammo har ikki holatda ham – pul va obro‘ o‘yinida – klubga sarmoya kiritish yuqori xavfli qaror. Ko‘plab mohir biznesmenlar aynan futbol klubi boshqaruvida o‘z sha’niga dog‘ tushirgan, kutilgan moliyaviy foydani esa ko‘rmagan.
Glazerlar saboqlari
Manchester United misoli buni yaqqol ko‘rsatadi. AQShlik Glazerlar dastlab Buyuk Britaniyada unchalik tanilmagan edi. Ularning klubga kirib kelishi “boy amerikaliklar keldi, endi hammasi zo‘r bo‘ladi” degan ehtiyotkor umid uyg‘otgan.
Ammo 2005-yilga kelib, ular to‘liq nazoratni qo‘lga olgan paytda, hammasi boshqacha tus oldi. Sabab – bitim tuzilishi. Glazerlar Man United’ni leveraged buy-out orqali oldi: ya’ni klubni sotib olish uchun katta qarz oldi va bu qarzni klubning o‘z bo‘yniga yukladi. Natijada jamoa yillab og‘ir foiz to‘lovlari ostida qoldi.
Bu yuk infratuzilma va tarkibga kamroq sarmoya kiritilishiga olib keldi. Oxir-oqibat bu maydondagi o‘yinda ham aks etdi. “Glazers Out” shiorlari Old Trafford tribunalarida muntazam yangray boshladi.
Shu orada esa Glazerlar moliyaviy jihatdan yomon yashamadi. BBC News hisob-kitoblariga ko‘ra, 2005–2024-yillar oralig‘ida to‘langan qariyb 166 million funt dividendlarning eng katta qismi ularga nasib etdi. Taxminan 60 million funt direktorlik haqlari, 10 millionga yaqin maslahat puli – hammasi birga qo‘shilganda jiddiy raqam.
Asosiy foyda esa aksiyalar savdosidan keldi. 2005-yilda klubni 800 million funt atrofida narxda sotib olishdi, lekin o‘z cho‘ntagidan atigi 273 million funt sarflashdi. 2012–2022-yillar oralig‘ida 555 million funtlik aksiyalarni sotishdi, keyin esa Jim Ratcliffe ulush olishi jarayonida yana 732 million funt oldi.
Natija? Qariyb 273 millionlik real sarmoyaga taxminan 1,5 milliard funtlik qaytish. Muxlislarning g‘azabi esa bu balansda ko‘zga tashlanmaydi.
Mike Ashley: sevgi, tushkunlik va foyda
Obro‘ hisobiga foyda ko‘rish bo‘yicha yana bir yorqin obraz – House of Fraser, Sports Direct va Flannels egasi Mike Ashley. U 2007-yilda Newcastle United’ni qo‘lga kiritganida, Tayn daryosi bo‘yida uni qahramondek kutib olishdi. Oddiy yigit, o‘z boyligini sevimli klubini ko‘tarishga sarflayotgan milliy qahramon sifatida ko‘rindi.
Sports Direct stadion homiysiga aylandi, klubga pul oqimi kirdi. Kevin Keegan va keyinroq Alan Shearer kabi afsonalar qaytarildi – muxlislar uchun bu haqiqiy fan-servis edi. Ashley hatto tribunada va mahalliy pablarida muxlislar bilan birga pivo ichib o‘tirgan holatda ko‘rinardi.
Ammo bu romantika uzoq cho‘zilmadi. Klub boshqaruvida aniq tuzilma va strategiya yo‘qligi tezda yuzaga chiqdi. 2009-yilda Newcastle quyi ligaga tushib ketdi, oradan ko‘p o‘tmay Ashley klubni sotish yo‘lini izlay boshladi. Lekin bitim faqat 2020-yilda amalga oshdi, har yil sayin muxlislarning nafrati ortib bordi.
Muxlislar kam sarmoya va noto‘g‘ri boshqaruvdan shikoyat qildi. Klub 2010-yilda Premyer ligaga qaytgan bo‘lsa-da, ko‘p yillar pastki o‘rinlarda sudralib yurdi, 2016-yilda yana quyi ligaga tushdi. 2017-yilda yana qaytdi, ammo Ashley davrining deyarli qolgan qismida pastki yarmdan chiqolmay o‘tirib qoldi.
Shunga qaramay, Ashley hisob raqamlari yaxshi ko‘rinishda qoldi. Klubni sotganida 2007-yildagi narxidan deyarli ikki barobar qimmatga topshirdi. Uning kompaniyasi bu bitimdan 197 million funt atrofida sof foyda ko‘rdi.
Yangi egalik davrida yana bir noxush detal ochildi: klub bir necha mavsum davomida Sports Direct’dan homiylik puli olmagani aytildi. Demak, Ashley do‘konlari yillar davomida Newcastle reklamasini deyarli tekin ishlatgan.
Roman Abramovich: qarz yozildi, obro‘ qoldi
Ba’zi egalar esa klubni tark etarkan, hech bo‘lmaganda o‘z muxlislarining ko‘zida afsona bo‘lib qoladi. Bu yo‘l arzon emas. Roman Abramovich bunga yorqin misol.
Rossiyalik oligarx 2003-yilda Chelsea’ni 140 million funtga sotib oldi. So‘ngra klubga foizsiz qarzlar shaklida qariyb 2 milliard funt kiritdi. Bu – Financial Fair Play qoidalari kuchga kirishidan avvalgi “cheksiz pul” davri edi. Maqsad aniq edi: tez va shafqatsiz tarzda sovrinlar yutish.
Natija ham uzoq kuttirmadi. Klub muntazam ravishda kuchli oltilikdan chempionlikka da’vogarlikka ko‘tarildi. 2003–2011-yillar oralig‘ida to‘qqiz mavsumdan sakkiztasida chempionlik yoki ikkinchi o‘rin – bu Abramovich davrining sportdagi izohi.
Keyin moliyaviy cheklovlar, Man City’ga Sheik Mansour kelishi, raqobat kuchayishi. Shunga qaramay, Abramovich Stamford Bridge tribunalarida sevimli shaxs bo‘lib qoldi. Uning Vladimir Putin bilan aloqalari, siyosiy soyalar – ko‘pchilik uchun ikkinchi darajali masala bo‘lib qoldi. Shunchalikki, Rossiyaning Ukraina ustiga to‘liq miqyosli bosqini ortidan u Buyuk Britaniyada sanksiya ostiga olinganida, muxlislar uni madh etishni to‘xtatishga alohida chaqirilgan.
Abramovich klubni tez orada sotdi, ammo ko‘plab Chelsea muxlislari hanuz uni egalikda ko‘rishni orzu qiladi. Ularning ko‘zida obro‘sini asrab qolgan omillardan biri – klubni qarz botqog‘ida qoldirmagani. U ilgari bergan foizsiz qarzlarni amalda yozib yubordi.
Shuningdek, klubni sotishdan tushgan 2,4 milliard funtni Ukraina urushi qurbonlariga yordam ko‘rinishida xayriya loyihalariga yo‘naltirishga va’da berdi. Bu pul hali to‘liq o‘tganicha yo‘q, mart oyida Britaniya hukumati bu mablag‘ni o‘tkazish muddatini o‘tkazib yuborgani uchun uni sudga berish bilan tahdid qildi. Shunga qaramay, ko‘pchilik ko‘zida Abramovich – sovrinlar va sodiqlik ramzi bo‘lib qolmoqda.
Fenway uslubi: balans san’ati
Zamonaviy futbolda ham muxlis hurmati, ham katta foydani bir vaqtda qo‘lga kiritish – oson ish emas. Liverpool misolida FSG bunga yaqinlashgan kam sonli egalar qatoriga kiradi.
Ularning qo‘l ostida klub daromadi uch yarim barobar oshdi. 2011-yilda taxminan 300 million funtga sotib olingan aktiv bugun Bezos va hamkorlariga ozchilik ulushini sotish orqali olti barobaridan ortiq qiymat qaytarib berdi, FSG esa nazorat paketini qo‘lida saqlab qoldi.
Bu moliyaviy sakrash Anfielddagi sovrinlar bilan birga kechdi. Klub 30 yillik chempionlik qurg‘oqchiligiga barham berdi, Chempionlar Ligasi kubogini ko‘tardi, dunyo miqyosida brendini keskin kengaytirdi. FSG Mo Salah va Jurgen Klopp kabi timsollarni olib kelgan boshqaruv sifatida tarixda qoladi. Bu – ularning muxlislar ko‘zidagi eng katta kapitali.
Shu bilan birga, “asal oy” davri ortda qolgani ham sezilib turibdi. So‘nggi yillarda ayrim muxlislar tarkibga sarmoya yetarli emasligini, “tejamkorlik” kayfiyati kuchayganini ta’kidlamoqda. “FSG Out” bannerlari Kop tribunasida muntazam manzaraga aylanishi uchun yana ko‘p narsa kerak bo‘lsa-da, bunday ssenariyni tasavvur qilish qiyin emas. Ayniqsa, jamoa natijalari pasaysa.
Mana shunday pallada Bezos va uning sheriklari sahnaga chiqmoqda.
Wrexham: zamonaviy ertak
Moliyaviy va obro‘ jihatdan toza g‘alaba topish qiyin, lekin imkonsiz emas. Wrexham FC bunga eng yaqin misol bo‘lib turibdi.
Aktorlar Ryan Reynolds va Rob McElhenney katta sahnaga emas, kichik, qiynalayotgan klubga sarmoya kiritishdi. Bu juda muhim nuqta. Narx ham, kutishlar ham past edi. Klubni nazorat qilish ulushi ularga atigi 1 funtga tushdi, bitim shartiga ko‘ra esa 2 million funt sarmoya kiritishlari kerak edi.
Lekin ularning o‘zi brend edi. Ular kelishi bilan butun dunyoda millionlab odamlar Wrexham nomini eshita boshladi. Futbolni unchalik kuzatmaydigan tomoshabin ham bu klubga qiziqa boshladi. Tushumlar ko‘tarildi.
Adolat yuzasidan, ular shunchaki nomini qo‘yib qo‘ymadi – klubga qo‘shimcha millionlab funtlarni, ko‘pincha qarz ko‘rinishida, yo‘naltirdi. Bu sarmoya Wrexham’ni atigi olti yil ichida beshinchi pog‘onadan ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilishiga yordam berdi. Klub daromadi shu davrda 28 barobar oshdi.
Natija – muxlislarning cheksiz muhabbati. Ularning Reynolds va McElhenney’ga qarshi chiqishi deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydigan ssenariy.
Bu sarmoya faqat yurakdan bo‘lganmi? Balki. Lekin moliyaviy tomoni ham yomon emas. Klub ularning o‘sishga yo‘naltirgan qarzlarini to‘liq qaytardi. Disney+ hujjatli seriali ularga qo‘shimcha daromad va global tanilish olib keldi. Eng muhimi – ular 1 funtga olgan ulush bugun butunlay boshqa raqamga teng.
Yaqinda Apollo Sports Capital Wrexham’ga qariyb 48 million funt sarmoya kiritib, 10 foizlik ulush oldi. Bu klubni qariyb 480 million funtlik bahoga olib chiqadi. Hollywood ertagi – futbol bozorida.
Muxlis – biznesning “asir mijoz”i
Wrexham muxlislari uchun millionerlarga ega bo‘lish – omaddek ko‘rinadi. Ayniqsa, ular klubni barqaror, muxlisga yo‘naltirilgan tarzda rivojlantirishga urinyotgan bo‘lsa. Lekin yuqori pog‘onadagi aksariyat klub muxlislari uchun yangi milliarderlarga eshik ochilishi – avvalo xavotir manbai.
Bugungi futbol, ayniqsa eng yuqori darajada, chuqur cho‘ntakli egasiz yashay olmaydigan tizimga aylandi. Kichik, muxlislar boshqaruvidagi klublar muvaffaqiyatga erishgan misollar bor, lekin ular tobora kam uchrayapti.
Egalari uchun esa bu avvalo biznes. Ular sarmoyasidan foyda kutadi. Bunga erishish yo‘llari ko‘p: sovrinlar yutish, transfer bozorida aqlli ishlash, homiylar va hamkor brendlar sonini ko‘paytirish.
Ammo eng katta tutqichlardan biri o‘zgarmaydi – muxlislar sonini oshirish va har bir muxlisdan olinadigan daromadni ko‘tarish. Yangi forma, yangi merch, tez-tez dizayn yangilash, chiptalar narxini oshirish – bularning barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi.
Futbol egalarini boshqa bizneslardan ajratib turadigan narsa shuki, ularning auditoriyasi deyarli “asir”. Oddiy mahsulot qimmatlashsa, mijoz boshqa brendga o‘tadi. Klub esa boshqacha. Ko‘pchilik muxlis uchun jamoani almashtirish – deyarli gunoh bilan teng.
Aynan shu sadoqat – Bezosdan tortib eng kichik investorlargacha – barchani futbolga tortayotgan asosiy omil. Savol esa ochiq qoladi: Anfield bu safar kimning orzulariga xizmat qiladi – muxlislarinikimi yoki yangi milliarderlarnikimi?







