Manchester United: Yozda o'zgarishlar zarur
O‘tgan mavsumda Champions League chorak finaliga chiqib, u yerda munosib kurash olib borgan bo‘lsa-da, baribir Yevropa yo‘llanmasiz qolgan United – klubning bugungi holatini juda aniq ifodalaydi. Eng yuqori sahnaga juda yaqin, ba’zan u yerda o‘zini bemalol his qiladi, lekin uzoq masofaga yetadigan “nafas” hali yetarli emas. Eng muhimi, bu darajadan yanada yuqoriga sakrashga kuch topa olmayapti.
Bu holat, aslida, kutilmagan zarba emas. Ayollar jamoasi atigi sakkiz yil oldin qayta tuzilganini eslasak, City, Arsenal va Chelsea bilan o‘rtadagi katta tafovutni yopish oson bo‘lmasligi boshidan ma’lum edi. Shunga qaramay, United shu vaqt ichida ancha yo‘l bosdi: Champions League yo‘llanmasi, uchta final, FA Cupdagi tarixiy sovrin. Lekin baribir stolning yuqori qismida yillar davomida o‘rnashib olgan raqiblar bilan solishtirganda poydevor hanuz zaifroq.
Klub uchun maydonda ham, maydon tashqarisida ham katta qadamlar shart edi. Raqiblar ham xuddi shunday tezlikda rivojlanayotgani fonida bu yanada murakkablashdi, lekin United hozircha zarur sakrashni amalga oshirgani yo‘q.
Kengaymagan tarkib – eski dard
Ayniqsa, tarkib chuqurligi masalasi o‘tgan mavsumda juda og‘riqli bo‘ldi. Champions League bilan band bo‘lgan paytda bu kamchilik yanada keskin sezildi. Klub buni o‘tgan yozdayoq hal qilishi kerak edi, ammo o‘sha imkoniyat qo‘ldan boy berildi.
Gap shundaki, United yomon skautlik qilmaydi. O‘tgan yozni eslang: Julia Zigiotti Olme va Jess Park – aniq transfer muvaffaqiyatlari. Muammo shundaki, ular atigi uch nafar yangi futbolchi ichida edi. To‘rt frontda kurashishga tayyorlanayotgan Marc Skinner jamoasi uchun bu miqdor boshidan yetarli emasdi – va mavsum buni isbotlab berdi, qishda qilgan qo‘shimchalarga qaramay.
Yozgi oynaning hozirgi manzarasi ham vaziyat keskin o‘zgarishini va’da qilmayapti. Raqiblar esa ishni allaqachon boshlab yuborgan.
City o‘zini “bozor juda shovqinli bo‘lmaydi” deb ogohlantirgan bo‘lsa-da, WSL va FA Cupni yutgan chempion sifatida baribir sifatli ish qildi: tajribali g‘olib Beth Mead hujumga qo‘shildi, chap qanot himoyasidagi bo‘shliqni to‘ldiradigan Niamh Charles keladi, eng muhimi – WSL Golden Boot sohibasi Khadija Shaw bilan yangi shartnoma tuzilib, Chelsea bosimi qaytarildi.
Arsenal esa yetti yillik WSL chempionlik tanaffusini tugatish niyatida agressiv rejimga o‘tdi. Atigi ikki hafta ichida Georgia Stanway, Ona Batlle, Selina Cerci, Geraldine Reuteler va Lisa Baum transferlarini e’lon qildi, shu bilan birga Barcelona erkin agenti Salma Paralluelo borasidagi qiziqish ham susaygani yo‘q. Bunday oynadan keyin jamoa liganing yuqori pog‘onasiga haqiqiy da’vogar bo‘lib qaytadi.
Chelsea ham, o‘z oynasi mukammal kechmayotganiga qaramay, sifatli qo‘shilishlar bilan ajralib turibdi. Shaw, keyin Paralluelo, so‘ng Felicia Schroder bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangani fonida ham Blues Katie McCabe’ni olib keldi, NWSLning o‘tgan yilgi eng yorqin futbolchilaridan bo‘lgan, atigi 21 yoshli Matsukubo bilan kelishdi. Markaziy hujumchi izlash ham yakuniga yetayotgandek: Paris Saint-Germain hujumchisi Romee Leuchter transferi ustida ish ketayotgani haqida Vrouwen Voetbal Nieuws xabar bermoqda.
United – sust start va ochiq savollar
United-chi? Hozircha faqat bitta eshik ochildi: 22 yoshli, markaziy va chap qanot himoyasida o‘ynay oladigan Andrea Medina keldi. Salohiyatli, foydali transfer. Tarkib chuqurligini ham bir oz bo‘lsa-da, mustahkamlaydi. Lekin hozircha hammasi shu.
Yana bir tashvishli jihat – bozor bilan bog‘liq mish-mishlar va xabarlarning kamligi. Gap asosan ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida ketmoqda. Melvine Malard’ning Chelsea bilan muzokaralari yakuniga yaqinlashgani keng yoritildi. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, klub o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purar Elisabeth Terland bo‘yicha ham takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Norvegiya hujumchisi kelasi yozda erkin agentga aylanib ketmasligi uchun uni hozirdan sotib, mablag‘ni qayta investitsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Terland noyabrda yangi shartnomani rad etgan va u yakka holatda emas. Kelasi yilda shartnomasi tugaydiganlar ro‘yxatida Ella Toone ham bor. O‘tgan oy unga kelajak borasida savol berilganda, javobi aniq bo‘lmadi.
“Endi gaplashish vaqti keldi, – degan edi Toone. – Men faqat o‘zim uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qilishim kerakligini bilaman”.
United rahbariyati uchun bu so‘zlar – ogohlantiruvchi signal. Jamoani yuqoriga tortib turgan o‘yinchilar kelajagi mavhum bo‘lib turgan paytda, bozorga sust kirishish xavfli o‘yin.
Orqadan kelayotgan to‘lqin
United faqat City, Arsenal va Chelsea bilan masofani qisqartirish haqida o‘ylamasligi kerak. Jadvalning o‘rtasidagi raqiblar ham tezlikni oshirmoqda va orqadan kelayotgan bosim sezilarli.
Eng yorqin misol – London City Lionesses. Mulkdori milliarder Michele Kang, u Trinity Rodman o‘ynaydigan Washington Spirit va sakkiz karra Yevropa chempioni Lyon’ni ham boshqaradi. U yozgi bozorning eng shov-shuvli transferini amalga oshirdi: ikki karra Ballon d’Or sohibasi Alexia Putellas Angliyaga keldi. Uning yoniga to‘rt karra Champions League g‘olibi Mapi Leon, sobiq Lionesses yulduzi Mary Earps va Germaniya terma jamoasining samarali hujumchisi Nicole Anyomi qo‘shildi. Bu – darhol yuqori pog‘onalar uchun kurashga aralashish signali.
Yolg‘iz ular emas. Tottenham o‘tgan mavsumda United’dan atigi bir o‘rin va to‘rt ochkoga ortda qolgan, o‘zaro ikki o‘yinda ham durang qayd etgan. Endi esa yozni juda faol boshladi: allaqachon besh yangi futbolchi bilan shartnoma tuzilgan. Ular orasida West Ham safida tushib ketish arafasidagi jamoa uchun 32 o‘yinda 16 gol urgan Shekiera Martinez, o‘tgan mavsum WSL’da faqat Shaw va Alessia Russo’dan kam gol urgan Kirsty Hanson, shuningdek, Arsenal va PSG takliflarini rad etib, Spurs’ni tanlagani aytilayotgan darvozabon Selma Panengstuen bor.
Brighton ham United uchun noqulay raqib bo‘lib chiqqan jamoalardan edi. Endi ular may oyidagi FA Cup finaliga qadar bo‘lgan muvaffaqiyatli yurishni davom ettirish niyatida. Klub sobiq Arsenal yarim himoyachisi Lia Walti’ni olib, o‘rtadagi sifatni keskin oshirdi – bu ham bozorning eng saviyali ishlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Mablag‘siz poyga va majburiy yechimlar
United qanday javob qaytaradi? O‘tgan yozda ayollar futbolidagi transfer narxlari yangi darajaga ko‘tarilgan paytda, bosh murabbiy Skinner klub Olivia Smith’ni Arsenal’ga, Grace Geyoro’ni esa London City’ga olib borgan yetti xonali summalar bilan raqobatlasha olmasligini tan olgandi.
“Reallik shuki, biz o‘z yo‘limizni topishimiz kerak”, – degan edi u. United bu sharoitda ham yomon ish qilmadi, lekin to‘rt frontda raqobatlashadigan, chuqur va muvozanatli tarkib yaratish uchun bu yetmadi.
Bu safar esa to‘rt front bo‘lmaydi. Champions League eshiklari yopilgan, bu esa ligaga ko‘proq kuch va e’tibor jamlash imkonini beradi. City shu yo‘l bilan o‘tgan mavsumda o‘n yillik tanaffusdan so‘ng WSL chempionligini qaytarib oldi. United ham shunga o‘xshash yo‘lni tanlashni ko‘zlamoqda.
Qishda kelgan futbolchilardan ham ko‘proq narsa kutish mumkin. Ayniqsa, Bayern Munichdan ajoyib gol statistikasi bilan kelib, dastlabki 18 o‘yinda atigi ikki marta to‘p kiritgan Lea Schuller uchun bu mavsum sinov bo‘ladi. Yarim yil moslashish davridan so‘ng u o‘zini haqiqiy ko‘rsatishi kerak.
Lekin bitta haqiqat o‘zgarmaydi: bu jamoa hali ham keskin kuchayishga muhtoj. Faqat City, Arsenal va Chelsea bilan emas, balki jadval pastidan yuqoriga otlanayotgan va katta qadamlar tashlayotgan klublar bilan ham teng kurashish uchun.
Bu yoz – klub uchun hal qiluvchi oynaga aylanmoqda. Sokin start hali hammasi tugadi degani emas, lekin hozircha muxlislar o‘tgan mavsumning alamli saboqlaridan keyin kutgan javobni ko‘rmayapti. Savol shunday: United bu yozni burilish nuqtasiga aylantira oladimi yoki yana bir mavsumni “deyarli yetib keldik” degan achchiq tuyg‘u bilan yakunlaydimi?







