UZB SPort

Mourinho rejasi: Güler va Mbappe bilan yangi o‘tish o‘yini

Madridda yana bir klassik g‘oya tirilmoqda. Jose Mourinho “Santiago Bernabeu”ga qaytib, Real Madridning ulkan hujum salohiyatini to‘liq ishga solish uchun klubning eski, yashin tezligidagi o‘tish o‘yinini qayta yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu safar markazda bitta ism bor: Arda Güler.

Ispan matbuoti xabariga ko‘ra, portugaliyalik murabbiy o‘z rejasini aynan Güler va Kylian Mbappe o‘rtasidagi tushunishiga tayab qurmoqda. O‘tgan mavsum boshida ular birga maydonda bo‘lgan paytlarda bu aloqa allaqachon ko‘zga tashlangandi. Endi esa bu kichik epizodlar butun tizimning asosiga aylanishi mumkin.

Mbappe – yangi Ronaldo, Güler – yangi Özil?

Mourinho chizgan sxema tanish. Real Madridda Mbappega berilgan rol – bu yillar davomida Cristiano Ronaldoning hududi bo‘lgan maydon, o‘sha erkinlik, o‘sha yakunlovchi zarbalar, o‘sha tezkor qarshi hujumlar. Klub ichida esa 21 yoshli Gülerga boshqa, lekin shunga yarasha mas’uliyatli vazifa yuklanmoqda: u uch yil oq libosda maydonni sehrlagan Mesut Özilning ishini davom ettirishi kerak bo‘lgan futbolchi sifatida ko‘rilmoqda.

Bu qiyoslash Ispaniyada yangilik emas. 2023-yil yozida Fenerbahcedan 30 million yevroga Madridga ko‘chib kelgan kundan beri Gülerga “yangi Özil” tamg‘asi yopishib yuribdi. Ikkisini faqat turk ildizlari birlashtirib qo‘ymaydi. Ular ikkalasi ham oldinga yo‘naltirilgan paslar, tor zonalarda ko‘rish qobiliyati va chuqur joylashgan himoyalarni bitta hal qiluvchi uzatma bilan ochib yuborish mahorati bilan ajralib turadi.

Shu bois, Mourinho qaytgani bilan bu mavzu yana avj oldi. Axir aynan u birinchi Madrid davrida Özildan maksimal foyda olgan, uni jahonning eng xavfli ijodkor yarim himoyachilaridan biriga aylantirgan murabbiy edi.

Har yerda o‘ynadi, lekin “doimiy” bo‘la olmadi

Poytaxtga kelganidan beri Güler joyida qotib qolmadi. U o‘sdi, moslashdi, o‘zini turli ro‘llarda sinab ko‘rdi. Ammo yulduzlarga to‘la bu tarkibda doimiy asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanish – hanuz eng katta sinov.

U o‘ng qanotda ham, o‘ng ichki zona – yarim fazoda ham, ba’zan esa chuqurdan hujumni boshlab beruvchi futbolchi sifatida ham ishlatildi. Buning o‘ziyoq uning taktik moslashuvchanligini, murabbiylar uchun qanchalik qulay qurol ekanini ko‘rsatdi. Ammo bu rolning hech biri unga aniq, barqaror maqom olib bermadi.

Mourinho endi aynan shunday turdagi futbolchidan maksimal darajada foyda olishni istayapti. Uning ko‘z o‘ngida Güler – kombinatsion o‘yin va ijodkorlik atrofida qurilgan tizimning markazi. Mundo Deportivo yozishicha, murabbiy ichki yig‘ilishlarda bu rejani to‘liq taqdim etgan-etmagani hozircha noma’lum, ammo u tarkib qurilishi ustida juda jiddiy ishlayotgani aniq.

“Mesut Özil 2.0” uchun noyob imkoniyat

Bu loyiha uchun tayyorgarlik davrining vaqti ham qo‘l kelmoqda. Turkiya terma jamoasining jahon chempionatidan erta chiqib ketgani sababli Güler uzoq xalqaro turnir yukisiz, nisbatan tetik holda klubga qaytadi. Mourinho uchun bu – hashamat. U raqobat o‘yinlari boshlanishidan oldin maydon chetida, yopiq eshiklar ortida Güler bilan uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu esa Güler uchun ham eshiklarni keng ochadi. Endi u o‘ziga aniq belgilangan, markaziy rolni talab qilib olish imkoniyatiga ega. Shunchaki tarkibdagi iste’dodlardan biri bo‘lib qolish emas, balki tizimning yuragiga aylanish.

Ispan nashri bu rolni bejiz “Mesut Özil 2.0” deb atamadi. Gap shunchaki nostalgiya yoki sarlavha uchun topilgan ibora haqida emas. Masala shundaki, Mourinho sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan modelda Gülerdan aynan o‘sha darajadagi ijodkorlik, o‘sha tezkor fikrlash, o‘sha oxirgi pas talab qilinadi. U buni avval ham ayrim lahzalarda ko‘rsatgan. Endi esa bu sifatlarni butun mavsumga yoyish vazifasi turibdi.

Tayyorgarlik davri Mourinho uchun laboratoriya bo‘ladi. U aynan shu “Özil qolipi”dagi rol Real Madridning hozirgi tarkibi bilan ishlaydimi-yo‘qmi, Mbappe bilan uyg‘unlik qanchalik darajada bo‘lishini shu yerning o‘zida ko‘radi. Güler esa bir savolga javob topishi kerak bo‘ladi: u Madrid uchun shunchaki iste’dod emas, balki tizimni belgilaydigan futbolchiga aylana oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling