Racing Bulls: Budapeshtdagi yangi texnik yangilanishlar
Racing Bulls bir haftada ikkinchi bor raqiblariga texnik zarba berdi. Spa-Francorchampsda yangilanishlarning butun paketi faqat bitta bolidga sinov tariqasida berilgan bo‘lsa, Hungaroringga kelib, jamoa ikkala mashinani ham yangilangan konfiguratsiyada yo‘lga chiqardi – ustiga-ustak, qo‘shimcha detallar bilan.
Lindblad uchun boshlangan inqilob, endi ikkala tomonda
Belgiya Gran-prisida yangi sovitish tizimi va qayta ishlangan havo qutisi faqat Arvid Lindblad boshqarayotgan VCARB 03 ga o‘rnatilgandi. Uning bolididagi kvadrat shakldagi, ancha kichik airbox Liam Lawson ishlatgan trapezoidsimon versiyadan keskin farq qilgan, paddokda ham ko‘p savol tug‘dirgandi.
Budapeshtga kelib, bu farq yo‘qoldi. Endi ikkala mashina ham bir xil spetsifikatsiyada. Jamoa sinovdan o‘tgan kontseptsiyani yashirib o‘tirmadi, uni to‘liq paketga aylantirdi.
Hungaroring maksimal aerodinamik bosim talab qiladigan, shunchaki “downforce”ni yutib yuboradigan trek. Shuning uchun Tim Goss va Dan Fallows boshchiligidagi muhandislar guruhi bu yerga faqat Spa’dagi o‘zgarishlar bilan kelib qolmadi. Dvigatel qopqog‘ining yuqori qismida ikki yoniy qanotcha – lateral fin paydo bo‘ldi. Kichik detal, lekin Formula 1da aynan shunday detallar musobaqa taqdirini o‘zgartiradi.
Kichik kesim – katta foyda
Racing Bulls konsepsiyasining markazida bitta g‘oya turibdi: qarshilikni kamaytirib, orqa qanotdan maksimal foyda olish. Roll hoop atrofidagi oldingi kesim maydoni qisqartirilishi shunchaki chiroyli dizayn emas. Bu – aerodinamik oqimni orqa tomonga “tozaroq” olib borish, orqa qanot ustidagi havo qatlamini imkon qadar samarali qilishga qaratilgan qadam.
Shu bilan birga, dvigatel qopqog‘iga qo‘shilgan ikkita yangi oqim yo‘naltirgich orqa qanotga oqimni yanada aniqroq yo‘naltirishga xizmat qilmoqda. Havo oqimi keraksiz girdoblar bilan sochilib ketmasdan, to‘g‘ri orqa qanotga “tushishi” uchun ishlaydi. Natija? Orqa qismda ko‘proq barqarorlik, yuqori tezlikdagi burilishlarda ko‘proq ishonch, strategiyada esa ko‘proq erkinlik.
Bu o‘zgarishlar qog‘ozda mayda tuyulishi mumkin, lekin konstruktorda beshinchi o‘rin uchun kurashayotgan jamoa uchun ular oltinday qimmat.
Jadvalda sakrash va yangi nishon
Racing Bulls hozirda 61 ochko bilan Alpine bilan tenglashgan, konstruktorda beshinchi pog‘onada turibdi. Bu mavsum boshida kutilgan manzara emasdi. Shunga qaramay, jamoa o‘zini “o‘rtamiyonalar” orasida qolish bilan cheklab qo‘ymoqchi emas.
Hungaroringga olib kelingan paket – aynan shuni ko‘rsatuvchi ishora. Bu faqatgina texnik yangilanish emas, bu ambitsiya bayonoti. Jamoa o‘zini Formula 1ning “katta to‘rtlik” ortidan kelayotgan eng kuchli kuch sifatida mustahkamlashni maqsad qilgan.
Spa’dagi bir tomonlama sinovdan keyin endi ikkala pilot ham bir xil qurolga ega. Savol bitta: bu yangilangan VCARB 03 Racing Bulls’ni chindan ham “eng zo‘rlarning ortidan kelayotgan eng jiddiy tahdid”ga aylantira oladimi? Hungaroring bunga birinchi katta javobni beradi.







