Younes Ibrahim: Brighton Akademiyasidan Professional Futbolchiga
Yakshanba – Younes uchun oddiy kun emasdi.
Ikki kuncha avval u under-21 safida ajoyib gol urgan, akademiya muxlislarining ijtimoiy tarmoqlarini larzaga keltirgan edi. Hali shu shovqin bosilmay, telefon jiringladi: ertaga sen birinchi jamoa bilan.
Bu Brighton. Bu yerda “mukofot uchun” chaqiruv bo‘lmaydi. Fabian Hürzeler va uning shtabi imkoniyat berishda dadilligi bilan tanilgan, lekin ular hech qachon odob yuzasidan ro‘yxat to‘ldirmaydi. Caicedo, Mac Allister, Cucurella kabi futbolchilarni yuqori summalarga sotgan, bozorni va iste’dodni o‘qib olishni mukammal biladigan klub bu. Demak, Younesning rasmiy o‘yinda birinchi jamoa zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishi – hatto maydonga tushmagan taqdirda ham – ishonch bayonoti. “Biz seni yaqin orada ko‘ramiz” degan xabar.
Bu ishonchni raqamlar ham tasdiqlaydi. 2026–2027 yilgi mavsumda u turli musobaqalarda akademiya jamoalari bilan uchta uchrashuvda maydonga tushdi, bitta gol urdi, yana bittasiga golli uzatma berdi. Lekin haqiqiy portlash o‘tgan mavsumga to‘g‘ri keldi. Yilni to‘qqiz gol va besh assist bilan yakunlab, klubning yoshlar tizimidagi eng ta’sirchan nomlardan biriga aylandi. Faqat toza hujumchi sifatida emas – chiziqlar orasida aqlli harakat qiladigan, qanotda ham, “false nine” rolida ham o‘ynab bera oladigan futbolchi sifatida.
Younes hikoyasi – bir kechada paydo bo‘lgan mo‘’jiza emas. Bu sabr va kasbiy intizom bilan qurilgan yo‘l. U dastlab kamtar Luton Town akademiyasida ingliz futbolining asosiy intizomini o‘rgandi. Keyin esa Yevropaning eng kuchli “talent factory”laridan biri bo‘lgan Chelsea akademiyasiga katta sakrash qildi. U yerda turli futbol maktablari bilan yuzlashdi, yuqori bosim va yuqori tezlikdagi o‘yinga sho‘ng‘idi.
Burilish nuqtasi esa Brighton tanlovi bo‘ldi. U under-15 jamoasiga qo‘shildi. Ko‘pchilikka bu orqaga qadamdek ko‘rindi. Aslida – eng oqilona qaror edi.
Angliyada akademiya futbolchisiga birinchi jamoaga boradigan yo‘lni shu qadar aniq chizib beradigan yagona klub bo‘lsa, u – Brighton. Younes marra chizig‘ini shoshmasdan, bosqichma-bosqich kesib o‘tdi: under-15, so‘ng under-18, keyin under-21. Har bir pog‘onada u nafaqat iste’dodli, balki jismonan ham, ruhiy jihatdan ham o‘sishga qodir ekanini isbotladi.
O‘tgan iyul esa birinchi katta mukofotni olib keldi. Younes kariyerasidagi ilk professional shartnomani imzoladi. Brighton akademiya direktori Ian Buckman bu lahzani klub falsafasini ochib beradigan so‘zlar bilan ta’rifladi: bu futbolchilar va ularning oilalari uchun hayajonli payt. U davom etar ekan, bu – akademiyadagi mehnat e’tirofi ekani, endi esa o‘yinchilarning o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, rivojlanish va o‘rganishni davom ettirishlari shartligini urg‘uladi.
Younes Ibrahim hikoyasining eng qiziqarli qismi esa Brighton chegarasidan ancha uzoqqa – to‘rt qit’adagi futbol federatsiyalari ofislarigacha cho‘ziladi.
U Avstraliyada tug‘ilgan. Demak, Socceroos safida o‘ynash huquqiga ega. Sakkiz yil avval Angliyaga ko‘chib kelgan – bu esa Three Lions uchun ham eshikni ochadi. Misr va Marokash ildizlari esa uni Pharaohs va Atlas Lions radariga kiritadi.
To‘rtta turli futbol maktabi bitta iste’dod atrofida aylanmoqda. Avstraliya kelajak hujumchisini qidirmoqda. Angliya Premier League doirasidagi hech bir iste’dodni ko‘zdan qochirmaydi. Misr va Marokash esa Yevropadagi ikki fuqarolik egalari uchun aniq strategiya yuritadi.
Younes hali tanlov qilgani yo‘q. Va bu ham hozircha eng to‘g‘ri qaror. O‘n sakkiz yoshda asosiy e’tibor klubga qaratilishi kerak: Brighton safida o‘z o‘rnini mustahkamlashga, zaxira o‘rindig‘idagi ilk tajribani maydondagi ilk daqiqalarga aylantirishga, so‘ng bu daqiqalarni Premier League’dagi ilk golga aylantirishga. Shundan keyin eshikni u emas, to‘rtta terma jamoaning o‘zi taqillatadi.
Coventry’ga qarshi o‘sha kun – shunchaki zaxirada o‘tirish emasdi. Bu yangi loyiha tug‘ilganini e’lon qilgan kun edi: xalqaro darajadagi futbolchiga aylanish arafasidagi loyiha. Sydney’da boshlangan, London’da sayqallangan va endi Angliya janubiy sohilidan shon-shuhrat eshiklarini qat’iyat bilan taqillatayotgan yo‘l. Savol bitta: bu eshikni birinchi bo‘lib qaysi terma jamoa ochadi?






